Ayol borki olam munavvar
Bahor fasli kelishi bilan insonlar qalbida ajoyib bir go‘zallik, iliqlik kurtak yozadi. Tabiat uyg‘onib, borliq yashillikka burkanadi. Bog‘-u rog‘larda turfa gullar ochilib, ko‘rgan kishining ko‘zi quvnaydi. Ulardan taralayotgan xushbo‘y ifor esa bahri dilingizni yayratadi.
Shu bois, bolalagimdan bahorni juda yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, bu faslda ayollarimiz, mehribon onalarimiz, qizlarimiz yanada latofatli va go‘zal bo‘lishadi.
Bahor fasli bayramlarga boy. Ularning orasida 8-mart o‘zgacha fayzli. Bu fasl biz san’atkorlarni sermahsul ijod qilishga undaydi. Asosiy vaqtimiz tasvirga olish maydonchalarida, jo‘shqin ijod qo‘ynida o‘tadi. Shunday fayzli kunlarda qilingan niyat albatta ijobat bo‘ladi. Kelajakda ustozlarimiz izidan borib, xuddi ular kabi el ardog‘idagi san’atkor bo‘lishni dilimga tugib qo‘yganman.
Fasllar kelinchagi bo‘lmish bahor faslida yurtimizda 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni keng nishonlanadi. Shu fursatdan foydalanib, o‘zbek ayollarini kirib kelayotgan bayram bilan chin qalbimdan tabriklayman. Tilagim, baxtingizga sira ko‘z tegmasin, barcha ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin. Tinch, ozod va farovon yurtimizda ayollarimiz hamisha e’zozda bo‘lib yursinlar. Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin, azizlar.
Dilnoza UMAROVA, aktirsa