Tadbirning boshi ezgu niyatda

Zarina Jumanazarova endigina 22 yoshni qarshiladi. Hozirda u Toshkent moliya institutining Moliya-iqtisod fakulteti 3-bosqich talabasi.

Bu qizning siyratiga qarab, bilimli, nozikta’b, qizlarga xos tortinchoq, bo‘lsa kerak deya taxmin qilgan edik. Ammo qahramonimiz bilan yaqinroq tanishib, bu dilbar chehra ortida qat’iyat va shijoat, jasur hamda kuchli iroda namoyon bo‘ldi.

Zarina tegdoshlaridan farqli o‘laroq, institutni tamomlab, kelajakda qaysi sohada ish boshlasam ekan, degan xayoldan butkul yiroqda. U allaqachon o‘z mehnat faoliyatini boshlab yuborgan tadbirkor yoshlardan.

 Qahramonimiz 2015 yilda yoshlikning zavqi va shijoati bilan “Qibray oltin meva” fermer xo‘jaligini tashkil etib, yaxshi niyatlar bilan ish boshladi.

Maqsadi aniq, kelajak rejalari tayin Zarinani xo‘jalikda sira bo‘sh uchratmaysiz. Doim qandaydir yumush bilan band. Qo‘l ostidagi xodimlar bilan suhbatlashib, ish sur’ati, kamchiliklar, kunlik rejalar xususida fikr almashib oladi.

“Qibray oltin meva” fermer xo‘jaligi 8 gektar maydonni egallagan bo‘lib, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik va parrandachilikka ixtisoslashgan. Xo‘jalikning 5 gektarida bog‘ barpo etilgan. Hozirda olma va olxo‘rining bir necha navidan sara hosil olinmoqda. Qolgan yerda 20 bosh mahalliy qoramol va 50 bosh qo‘y boqiladi. Xullas, mo‘jazgina xo‘jalikda hamisha ish qizg‘in.

– Qiz bola bo‘lganim uchunmi, fermer xo‘jaligini tashkil etishdan avval biroz cho‘chidim, – deydi Zarina. – Ammo o‘zimga bo‘lgan ishonch va ustozlarimning bergan bilimlariga tayanib, qat’iyat bilan ish boshladim. Inson qilgan ishni inson uddalar ekan. Eng muhimi, harakat bo‘lsa, bas.

Fermer qizning aytishicha, xo‘jalikning daromadi yil sayin ortib bormoqda.

 Kredit evaziga olgan sigirlardan kuniga 15-20 litrgacha sut olinib, iste’molchilarga yetkazilmoqda. 20 boshli qo‘y-qo‘zilar esa joriy yilga kelib, 50 bosh yetdi. Olma va olxo‘ri daraxtlaridan olinayotgan sersuv va sarxil hosilning ham bozori chaqqon.

 Bahor kelishi bilan kunlar isib, tabiat uyg‘onadi. Yosh fermer Zarina qo‘l ostidagi xodimlar bilan allaqachon mavsumiy ishlarni boshlab yuborgan. Barcha zaruriy texnikalarni kuz mavsumidayoq, shay holatga keltirib qo‘ygan. Bu yil ham har yilgidek bog‘ orasiga qulupnay, piyoz, sabzi, kartoshkaning “pekas”, “markiza” navlaridan ekib, gektaridan o‘rtacha 30 tonnagacha hosil olishni maqsad qilgan. Zarina ish sur’atini kengaytirib, kelajakda intensiv bog‘ yaratish niyatida. Joriy yil “Xalq banki”dan 280 million so‘m kredit olib, Gollandiyadan 33 bosh zotdor mol olib kelishni rejalashtirgan. E’tiborlisi, bu orqali fermer xo‘jaligida yana 15 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Yana o‘qing:  ShHTga a’zo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi

Tanlagan kasbiga mehri tufayli yosh fermer qizning boshlagan ezgu ishlari yil sayin rivoj topib bormoqda. Biz Zarinaga yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi mashaqqatli mehnatida omad va zafarlar tilaymiz.

 

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: