Ayol – baxtning doyasi
Ayolning baxti to‘kis bo‘lsa, uning nigohlaridan balqigan nurdan borliq rang oladi, atrof yanada munavvar bo‘ladi. Oilasida osudalik, xotirjamlik hukm suradi. Obod xonadonda farzandlar barkamol bo‘lib ulg‘ayadi.
Farzandlarim – Shahnozaxon, Alisherjon va Uyg‘unjonlarga oilada to‘g‘ri tarbiya berganimiz bois, hayotda munosib inson bo‘lib kamolga yetishdi. Ular erishayotgan yutuqlardan ona sifatida quvonaman.
Mana 30 yildirki, poytaxtimizdagi 2-sonli “Muruvvat uyi”da logoped-tarbiyachi bo‘lib ishlayman. Kasbim taqozosi bilan ko‘ngli kemtik bolajonlarning nutqida Vatan, mehr, ona tabiat kabi go‘zal so‘zlarni rivojlanishiga ozmi-ko‘pmi o‘z hissamni qo‘shmoqdaman. Ularning aytgan har bir so‘ziga beixtiyor, shodlanaman. Bolajonlar ham muvaffaqiyatidan quvonib, o‘zlarini bag‘rimga otishadi. Ana shunda men ularning ma’suma mehrlarini dildan tuygandek bo‘laman. Ko‘zlarimga sevinch yoshlari qalqiydi.
Bu yerdagi bolalarning har biri o‘zga bir olam. Ularning orasida iqtidorli, hatto, chempionlari ham bor. Hozirda To‘lqinjon, Alyona, Go‘zal, Nazokat, Baxtiyor kabi bolajonlarimiz o‘z fikrini mustaqil ifodalash bilan birga turli to‘garaklarda ham faol ishtirok etmoqda. Bu mamlakatimizda imkoniyati cheklangan bolalarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning mevasidir. Ana shunday yutuqlardan shu yurtning baxtiyor ayoli sifatida quvonaman. O‘tayotgan har bir osuda kunimga shukrona aytaman. Tilagim, yurtimizga aslo ko‘z tegmasin.
Naima HAMIDOVA,
II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi