NAQSHINKOR DO‘PPILAR SEHRI
Ko‘hna va navqiron Samarqand shahrining “Chorsu” galereyasida respublikamizning turli hududlaridan kelgan hunarmandlar tomonidan yaratilgan noyob 250 ta do‘ppi nusxalarining ko‘rgazmasi ish boshladi. Ushbu ko‘rgazma Samarqand Davlat muzey-qo‘riqxonasi va “Chorsu” tasviriy san’at galereyasi tomonidan tashkil etildi.
O‘zbek xalqida do‘ppi boshni turli salbiy ta’sir va yomonliklardan asrovchi vosita sifatida qadrlanadi. Shu sababli ham aholi bu bosh kiyimlarini ardoqlab, balandroq joyga qo‘yib, asrab-avaylashgan.
Do‘ppi nafaqat o‘zbek xalqining, balki O‘rta Osiyoda yashovchi boshqa xalqlarning ham sevimli bosh kiyimi sanaladi. Ajdodlardan avlodlarga do‘ppilarning turli nusxalarini tikish meros bo‘lib, o‘tib kelmoqda. Shuningdek, do‘ppilar qadriyat va an’analarning ajralmas bir qismidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Do‘ppi so‘zining asl o‘zagi ham turkiy tilda – tepa, do‘nglik degan ma’noni anglatadi. Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida do‘ppi qalpoq deb atalsa, loqay urug‘idagilar uni “takya”, “takiya”, Xorazm aholisi “taxya” nomi bilan yuritadi.
Do‘ppining yaratilish tarixi olis o‘tmishga borib taqaladi. Bu bosh kiyimga o‘xshash nusxalarni qadimgi haykalchalar, tangalar, devorlarga solingan rasmlarning parchalarida va o‘rta asarlarda chizilgan miniatyuralarda uchratish mumkin.
Asosan xotin-qizlar do‘ppi tikish bilan shug‘ullanishgan. Har bir hunarmand do‘ppining betakror, yangi nusxalarini yaratishga harakat qilgan. Shu sababli o‘zbek do‘ppilari o‘ziga xosligi bilan ajralib turgan. Xalq amaliy san’atining noyob durdonasi bo‘lmish do‘ppi tikish san’atida bir-birini takrorlamaydigan, atirgul, chinnigul, gulsafsar, lola, xo‘roz toji, bodom, qalampir, bodom gullari, tovus, xo‘roz, bulbul tasvirlari o‘z aksini topgan.
Ayniqsa, do‘ppilarda tasvirlangan bodom shakli baxt va to‘kin-sochinlik ramzi, tiriklik, hayot timsoli hisoblanadi. Bu bosh kiyimi to‘rtburchak, dumaloq, konussimon ko‘rinishda tikiladi. Do‘ppi asosiga oq, qora, yashil, qizil, to‘q ko‘k mato ishlatiladi. “Iroqi”, “bosma”, “piltado‘zi”, Buxoro do‘ppilari esa zar iplar bilan “zardo‘zi” usulida yaratiladi.
“Naqshinkor do‘ppilar sehri” ko‘rgazmasi mart oyining oxirigacha davom etadi.
F.BAHRIDDINOVA,
muzey-qo‘riqxona katta ilmiy xodimi