Baxt va bahor kuychisiga ehtirom
O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya baxt va bahor, osuda tonglar, pokiza tuyg‘ular kuychisi. Uning timsolida millatimizning oqila, fozila onaxonlari, jonkuyar ustozlarimiz, hassos shoira opa-singillar, o‘z taqdirini Vatanimizning porloq istiqboli bilan uzviy bog‘lagan iqtidor sohibalari gavdalanadi. Bahorning ilk kuni ham shoira tavallud kuniga to‘g‘ri kelganida go‘yo o‘ziga xos ramziy ma’no mujassamdek…
1 mart – xalqimizning ardoqli shoirasi tavallud kuni munosabati bilan Toshkent shahridagi Zulfiya haykali poyida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Shahar hokimligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirga yozuvchi va shoirlar, pedagoglar, adabiyot muxlislari, mahalla, xotin-qizlar qo‘mitalarining faollari, talaba-yoshlar, o‘quv maskanlaridagi «Orasta qizlar» to‘garaklarining a’zolari taklif etildi.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova, Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, O‘zbekiston xalq shoiri E.Siddiqova, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari O.Abdullayeva, G.Avazova, D.Norqulova, shoiraning nabirasi, tarixchi va tarjimon L.Muhiddinova va boshqalar yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularni turli mafkuraviy tahdidlardan ishonchli himoyalashda milliy adabiyotimizning roli va ta’siri ulkan ekanini ta’kidladi.
Mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish borasidagi ezgu tashabbuslarning bardavomligi ta’minlanmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan so‘z san’atining yetakchi namoyandalariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularning xotirasini aziz bilish, milliy adabiyotimizni yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish borasidagi ibratli tashabbuslar keng jamoatchilik, adabiyot muxlislari, xalqimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Milliy adabiyotimizning yorqin namoyandasi Zulfiya oddiy o‘zbek ayollari, munis opa-singillarimizning orzu-istaklari, kundalik tashvish va o‘y-xayollarini teran his etgan, nozik anglagan hassos shoira, mohir jurnalist va tarjimon, mehribon ustoz edi. Uning she’r va dostonlarida, publitsistik maqolalarida onalarimiz, munis opa-singillarimizning qalb qo‘rida ardoqlangan orzu va tushunchalar –tinchlik va osoyishtalik, farzandlar baxti va kamoli, shukronalik, mehr, sabr va sadoqat, fidoyilikni ko‘ramiz.
Jahon xalqlari, she’riyat muxlislari, dunyo adabiy jamoatchiligi Zulfiya siymosida teran tafakkurli, yuksak ma’naviyatli, ma’rifatparvar o‘zbek onasi, O‘zbekiston shoirasini tanidi. Yurtimizda ustozning she’riy to‘plamlari, kitoblarini o‘qimagan, tong, bahor, tabiat, mehr va sadoqat kuychisining nafis va dilbar, samimiyatga to‘la she’rlaridan zavqlanmagan kitobxonni topish mushkul. Zulfiya she’rlari vatanparvarlik, fidoyilik, xalqparvarlik, hayotni sevish, saodatli va yorug‘ kunlarning qadriga yetish, bir-birimizni avaylashdan saboq beradi.
Istiqlol yillarida shoiraning ijodiy merosini puxta o‘rganish, undan yoshlarning Vatanga bo‘lgan muhabbatini yanada kuchaytirish, oila, jamiyat, yurt oldidagi mas’uliyatni teran anglash, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda foydalanish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Shoira ijodidan namunalar to‘plam holida nashr etilmoqda. O‘zbekiston Yozuvchlar uyushmasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, oliy ta’lim maskanlarida Zulfiya she’riyatiga bag‘ishlangan adabiy to‘garaklar faoliyat ko‘rsatyapti. Shoira nomi bilan ta’sis etilgan Davlat mukofoti bugungi kunda adabiyot, ta’lim, san’at, sport sohalarida izlanayotgan qizlarga qanot bo‘lmoqda.
– Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib bo‘lish yurtimizdagi barcha qizlarning orzusi, – deydi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Farida Toshpo‘latova. – Xalqimizga, Vatanimizga, yurtimizning ardoqli shoirasi nomiga munosib bo‘lish bizning burchimiz.
Tadbirda ustozning Vatan, bahor, opa-singillarimizni, beg‘ubor insoniy tuyg‘ularni tarannum etuvchi she’rlaridan namunalar yangradi. Shoira so‘zi bilan kuylanuvchi qo‘shiqlar ijro etildi. Ijodkor haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.
Nazokat USMONOVA,
O‘zA muxbiri