Mushtariy murojati
– Farzandim qo‘l-oyoq bo‘g‘imlarining qattiq kuyishi natijasida tirishib, nogiron bo‘lib qolgan. Ikki marta operatsiya qildirdik, ahvoli biroz o‘nglandi-yu, biroq butkul tuzalib ketmadi. Eshitishimcha, taqdiri farzandimnikiga o‘xshash bolalar xayriya mablag‘lari hisobidan chet elda, jumladan, Germaniyada davolanib kelarkan. Men ham farzandimni xorijda davolatishim mumkinmi?
Nigina PARDAYEVA, Kasbi tumani
Nozimjon MO‘MINOV, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi o‘rinbosari:
– “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga yordam berish va nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha bir qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Kam ta’minlangan oilalardagi bemor bolalarga ijtimoiy va tibbiy ko‘mak ko‘rsatish, ularni nufuzli chet el klinikalarida davolatish ana shunday loyihalardan biridir.
2002 yilda xayriya fondimiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Germaniyaning “Friedensdorf International” tashkiloti o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolangan edi. Kelishuvga ko‘ra tomonlar 12 yoshgacha bo‘lgan bemor va nogiron bolalarni davolash va reabilitatsiya qilish bilan shug‘ullanadilar. “Friedensdorf International” tashkiloti mutaxassislari har yili mart-aprel oylarida yurtimizga kelib, xayriya fondimizning poytaxtdagi tibbiy-ijtimoiy markazi va barcha viloyatlarda bemor bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi. Ko‘rik davomida bemorlar va ularning yaqinlariga maslahat va tavsiyalar beriladi hamda ahvoli og‘ir deb topilgan bemorlarga Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanish uchun (6 oydan 3 yilgacha) yo‘llanmalar beriladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, bemor farzandingizni “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining respublika boshqaruvi va Qashqadaryo viloyatidagi hududiy filialida ro‘yxatdan o‘tishini tavsiya qilamiz. Mas’ul xodimlarimiz germaniyalik mutaxassislar mamlakatimizga kelganda siz va farzandingizni tibbiy ko‘rikdan o‘tishga taklif etadi.