Yong‘oq plantatsiyalari – daromad manbai
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2016 yilning 5 oktyabr sanasida Samarqand viloyatiga qilgan tashrifida Urgut tumani yerlaridan unumli foydalanish, xususan, adirli yerlarga yong‘oq, bodom, tok, unabi kabi ekinlar ekish lozimligini ta’kidlab, soha xodimlari oldiga aniq vazifalar qo‘ygan edi.
Shundan kelib chiqib, 2016 yilning 6-12 dekabr kunlari viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassislari, yer resurslari va davlat kadastri idorasi vakillari, olimlar, tadbirkor va fermerlar Turkiyaning Istanbul, Anqara, Bursa, Yalova viloyatlari tog‘oldi hududlarida yong‘oq plantatsiyalari tashkil etish tajribasini o‘rganib qaytdi. M. Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand filiali direktori Jamshid Ahmadjonov bilan safar yakunlari haqida suhbatlashdik.
– Yong‘oq daraxti yer tanlamaydi, suvga chidamli, tog‘da ham, dashtda ham o‘saveradi, – deya so‘z boshladi J. Ahmadjonov. – Turkiyaning tog‘li hududlarida bo‘lgan paytimizda yong‘oqzorlar agrotexnologiyasini chuqur o‘rganib, o‘zimizning mahalliy iqlim sharoitimizga mos navlarini tanladik. Ayniqsa, ular orasida “Chantler” navi viloyatimiz iqlimi, havo, suv va yer sharoitiga juda mos ekan. Eng asosiysi, bu navli yong‘oqning mevasi yirik, yuqa po‘choq va oq mag‘izli. Bu esa bugungi bozor talabiga to‘la javob beradi.
– Ushbu nav qanday iqtisodiy foydaga ega?
– Bu navli yong‘oq tog‘li hududlarga 8x4 metr o‘lchamda ekiladi. Shunda gektariga 200 tup joylashadi. Ikki yillik ko‘chat ekilgach, u uch yildan so‘ng hosilga kiradi. 8 yillik yong‘oq o‘rtacha 40 kilogramm hosil beradi. Shunda 1 gektar maydondagi yong‘oqzordan 8 tonna sara hosil olish imkoniyati yaratiladi. Bu hozirda yong‘oq narxining o‘rtacha 10 ming so‘m ekanini inobatga olsak, shu paytgacha samarasiz foydalanib kelingan tog‘oldi hududdagi 1 gektar maydondan 80 million so‘m daromad olish deganidir. 15-20 yoshli bir tup yong‘oq esa 180-200 kilogrammgacha hosil beradi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Turkiyada yetishtirilayotgan bir tup yong‘oq ko‘chatining narxi 7 AQSH dollariga teng. Agar yurtimizga keltirilishigacha bo‘lgan yo‘l xarajatini hisoblasak, bir tup ko‘chat 8 AQSH dollariga tushadi.
– Bu bog‘bon-u fermerlar uchun qimmatlik qilmaydimi?
– Albatta, qimmat. Shuni inobatga olib, yaqinda O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekistonda yong‘oq va yong‘oq mevali o‘simliklar ko‘chatlarini yetishtirish, plantatsiyalar barpo qilish mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda chetdan qimmat narxda yong‘oq ko‘chatlari keltirish o‘rniga alohida maydonlarga o‘zimizning mahalliy yong‘oq urug‘ini ekib, bir yildan so‘ng Turkiya va boshqa davlatlardan uning novdasini keltirib, unga yuqori sifatda payvand qilish agrotexnikasi o‘rgatildi. Tabiiyki, bu iqtisodiy samara beradi. Ya’ni, fermer uchun bir dona ko‘chat 8-10 ming so‘mga tushishi bilan birga, ushbu navli yong‘oqning o‘sish va rivojlanishi iqlim sharoitimizga moslashib, mevasining sifat ko‘rsatkichlari va hosildorligi oshadi.
– Yong‘oqni ekish, ko‘paytirish va parvarish qilish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandimi?
– Ayni kunda filialimizning 2 gektar maydonida yong‘oq ko‘chati yetishtirish uchun yerni sifatli tayyorladik. Kelgusi yilda uni Urgut tumanining 4,5 ming gektar tog‘oldi va dasht hududiga ekish ko‘zda tutilgan. Ayni kunlarda maxsus dastur asosida nafaqat ushbu yer maydonlari, balki tumanda yong‘oqdan tashqari bodom, tok, unabi kabi ekinlarni ekishga mo‘ljallangan 10 ming 200 gektar va Jomboy tumanining 300 gektar tog‘oldi hududidagi maydonlar ham yong‘oq plantatsiyalarini tashkil etish uchun o‘zlashtirilmoqda.
Akram HAYDAROV
suhbatlashdi.