Bori elga yaxshilik qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q…

Movarounnahr va Xurosonda madaniyat, adabiyot, bunyodkorlik sohalarining turli tarmoqlarida Sohibqiron Amir Temur hazratlari olib borgan olamshumul obodonchiliklarni barchamiz yaxshi bilamiz. Bobokalonimizning farmoyishlari bilan qurilgan muhtasham binoyu madrasalar, karvon yo‘llariyu katta-katta ko‘priklar, madaniy-maishiy obidalar hamda ko‘plab shaharlarda ul zotdan yodgorlik bo‘lib qolgan bog‘u rog‘lar haqida mashhur adiblarimiz, olimlarimiz o‘z asarlarida hikoya qilganlar.

Sohibqiron hazratlarining bunyodkorlik yo‘lida qilgan ishlari uning avlodlariga an’ana bo‘lib qoldi.Bu an’anani buyuk vatandoshimiz shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ham davom ettirgan. Bobur vafotidan keyin qariyb besh asr vaqt o‘tishiga qaramay, Boburshoh hazratlari va uning avlodlaridan qolgan tarixiy va madaniy meros hanuzgacha jahon xalqlarini hayratga solib kelmoqda.

Xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi”,  degan naql bor. Ko‘hna bog‘ – istirohatchilik san’ati bizga ota-bobolarimizdan qolgan buyuk merosdir. Biz quyida ulug‘ bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburning bog‘-oroyishchilik san’ati xususida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

 

Bobur bog‘lari

Manbalarga ko‘ra Bobur Qobul va Hindistonda bir qancha bog‘lar barpo ettiradi. Abdulhamid Lohuriyning “Podshohnoma” asarida keltirilishicha, Qobulda barpo etilgan Chorbog‘i Qobul, Bog‘i Shahraro, Bog‘i Jilovxona, O‘rtabog‘, Bog‘i Surat, Bog‘i Mohitob, Bog‘i Ohuxonalar Boburning o‘zi tomonidan barpo ettirilgan.

Bobur hazratlarining qadamlari yetgan joyda, albatta, bir nurli iz qolgan. Shulardan biri Afg‘oniston poytaxti Qobul shahrida bunyod etilgan ajoyib, tarovati betakror bog‘ —  “Bog‘i Bobur”dir.

Bobur Qobulga qadam ranjida qilar ekan, bu yerning ob-havosi, iqlimi, bepoyon yaylovlari, shifobaxsh suvlari ul zotni hayratda qoldirgani “Boburnoma” asarida takror-takror qayd qilingan. Mazkur bog‘dagi yetti iqlimdan keltirilgan anvoyi gullar, mevali va manzarali daraxtlar hanuzgacha poytaxt shaharning ko‘rki bo‘lib hisoblanadi. Hozirgi kunda “Bog‘i Bobur” sayilgoh bo‘lib, davlat, jamoatchilik tomonidan o‘tkaziladigan ommaviy anjumanlar markaziga aylangan. Boburshoh hayotlik davrida “Bog‘i Istolib”, “Bog‘i Navro‘ziy”, “Bo‘stonsaroy”, “Chorbog‘”, “Bog‘i Behishtiy”, “Bog‘i Nur”, “Bog‘i Xilvat” kabi ajoyib, betakror bog‘larni bunyod etgan. Shunisi ajablanarliki, Qobulning iqlim sharoitidan kelib chiqib, bu bog‘larda anvoyi gullar, mevali va manzarali daraxtlar qisman takrorlangan bo‘lsa-da, ammo ayrim jihatlari bilan keskin farq qilgan. Ya’ni, bog‘larning biri aksariyat mevali daraxtlardan tashkil topsa, boshqasi anvoyi gullar bilan bezatilgan. Shuningdek, bu bog‘larga Movarounnahrdan Quvaning tuyatish anori, Baxmalning qirmizi olmasi, Konibodomning obinovvot o‘rigi, Oltiariqning husayni uzumi, Samarqandning anjiri keltirib o‘tqazilgan. Bunday bog‘larning jumlasiga hozirgi kunda “Bog‘i Shahraro” — ya’ni, Ganj ilmi bog‘i deya atalib kelinayotgan “Bog‘i Jilovxona” hamda  “O‘rtabog‘”, “Bog‘i Sur’at”, “Bog‘i Mohtob”larni misol keltirishimiz mumkin. Afsuski, bu bog‘larning aksariyati hozirgi kunda yozma manbalardagina qolgan.

Yana o‘qing:  OSHXONA JIHOZLARI NIMA DEYDI?

“Bog‘i Bobur”ning tog‘ yon bag‘riga tutashgan sharqiy tarafida, ul zotning farmoniga muvofiq, 1508 yilda “Taxti Bobur” ko‘shki qurilgan bo‘lib, u yerdagi taroshlangan toshlarga quyidagi jumla o‘yib yozilgan: “Taxtgohi olampanoh Zahiriddin Muhammad Bobur ibni Umarshayx Ko‘ragon halladulloyi mulki fis sana 887 hijriy” Mazmuni: Zahiriddin Muhammad Bobur ibni Umarshayx Ko‘ragon olampanoh taxti mulki sanasi 887 hijriy yil.

Bundan tashqari, Kobuldagi “Baloisor” qasri ham Boburshoh tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik uning o‘g‘li Mirzo Komron tomonidan ta’mirlangan. Hozirgi kungacha uning xarobalari yetib kelgan, xolos. Valiahd shahzoda Mirzo Humoyun Nasriddin 1508 yilda ana shu qasrda tavallud topganligi tarixiy hujjatlarda qayd etilgan. Jalolobod shahri ham shaxsan Boburshohning tashabbusi bilan “Bog‘i Safo” bilan bezatilgan. Boburshoh 1508 yilda vali’ahd farzand tug‘ilishi sharafiga Odinapur shahrida “Bog‘i Vafo” deb nomlangan bog‘ni bunyod qilganlar. Bu bog‘dagi gullar, mevali va manzarali daraxt­lar, asosan, Movaraunnahrdan keltirilgan bo‘lib, ul zot bu haqda “ona yurtimni eslatib tursin deb niyat qildim” degan ekanlar. Boburshoh har galgi safari oldidan ana shu bog‘da ziyofatlar, harbiy harakatlarga tayyorgarlik yuzasidan mashvaratlar o‘tkazgan. Boburshoh 1506 yilda Kandahor shahrida “Chorbog‘i Kandahori”, undan so‘ng shu manzilda “Bog‘i Chorbog‘” bog‘ini bunyod qildirganlar. Bu bog‘ Arganbob daryosining qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, hanuzgacha go‘zalligi, tarovati bilan barchani o‘ziga mahliyo qilib keladi.

“Boburnoma”da ishlangan rasmlardagi bog‘lar tasviriga qarab, Bobur bog‘larining aksariyati reja asosida yaratilganini ko‘ramiz. Bu haqida Boburning o‘zi ham bog‘larning tartib bilan “siyoq va reja” asosida qurilishi zarurligini bir necha bor qayd qilib o‘tadi.

Tartibli handasaviy ko‘rinishdagi bog‘lar ko‘proq nisbatan tekis yerlarda joylashgan shahar ichidagi mo‘jaz bog‘-saroylar va bog‘-maqbaralarga mos kelsa, manzarali bog‘lar shahardan tashqaridagi tog‘ va qiyaliklarda joylashgan keng maydonli sayrgoh bog‘larga mos kelgan. Bog‘lardagi ayvon imoratlarga tutashtirilgan va ular yonida dam olish supalari hovuz va favvoralar yaratilgan, hovuzlar esa o‘qariqlarga bog‘langan. Sersoya daraxtlar quyosh harakatini e’tiborga olgan holda xiyobon va yo‘laklar bo‘ylab ekilgan. Manzarali va mevali daraxtlar bir-birini to‘ldirgan, gulzorlar esa shiyponlar atrofida barpo etilgan. Gulzorlar uchun gullar tanlashda, ularning ochilish mavsumiga alohida e’tibor qaratilgan.

Yana o‘qing:  Onamning yulduzi

Manzarali daraxtlar orasida qishin-yozin ko‘m-ko‘k bo‘lib o‘suvchi archasimon sarvqomat daraxtlar ham bo‘lgan. Bunday daraxtlar o‘zlarining tig‘iz bargi, xushmanzaraligi bilan boshqa daraxtlardan farq qilgan, qolaversa ular o‘zlaridan xushbo‘y hidlar taratib, havoni musaffolashtirgan.

Kandahor shahrida saksonta sangtarosh to‘qqiz yil toshlarga ishlov berib, “Qirq zina” ansamblini barpo etgan. Bu toshlarga Boburshoh va uning zurriyodlari Mirzo Humoyun, Mirzo Komron, Mirzo Askariy, Mirzo Hindollarning ismlari o‘yib yozilgan. 1542 yili Akbarshoh tavallud topishi bilan, Mirzo Humoyunning amriga muvofiq, uning ismi ham qo‘shib o‘ydirilgan.

Mirzo Bobur Qobulni katta mehru muhabbat bilan obod ettirgan va shaharda hamisha osoyishtalik hukm surishini istagan. Boburiylar sulolasi podshohi Shoh Jahon hukmdorligi vaqtida mazkur “Bog‘i Bobur”ga juda katta e’tibor qaratilgan. Marmardan yasalgan masjid ham Shoh Jahon amri bilan qurdirilgan. Undan tashqari, bog‘da ko‘shk, mehmonxona, shohnishin (podshoh o‘tiradigan ayvon), xizmatkorlar va qorovullar uchun alohida binolar ham mavjud bo‘lgan.

Hozirgi vaqtda “Bog‘i Bobur” Qobul shahridagi eng shinam bog‘dir va har kuni ziyoratga kelgan odamlardan gavjum. Diqqatga sazovor joyi shuki, o‘z vasiyatida Bobur qabri usti ochiq bo‘lishini, hech qanday imorat va gumbazsiz bo‘lishini istagan. Bu bejizga emasdir. Zero, qisqa hayotida mashaqqatlar ichra yashagan Bobur qabri ustida hamisha musaffo osmon bo‘lishini, dilga payvand qilib, obod etgan Qobulda hamisha osoyishtalik hukm surishini istagandir.

Yod etmas emish kishini mehnatda kishi,

Shod etmas emish ko‘ngulni g‘urbatda kishi.

O‘zbek adabiyotining Alisher Navoiydan keyingi buyuk namoyandasi bo‘lgan vatandoshimiz Boburdan qolgan adabiy, tarixiy-madaniy va ma’naviy boy meros butun jahon tamadduniga tegishlidir.

 

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: