Internetdagi “beozor” o‘yin

uning ortida nima yashiringan?

Ko‘rinishidan beozor tuyulgan bu o‘yin dastlab rasm chizish bilan boshlanadi. Keyinchalik voqealar rivoji shavqatsiz tus oladi.

Dastlab o‘smirga o‘z tanasini tirnash, kesish vazifasi beriladi va o‘yin so‘ngida mudhish hodisaga yo‘naltiriladi. Bunday dahshatli holatlar shukrki, yoshlarimiz orasida kuzatilmagan. Ammo mazkur tashvishli holat barchamizni jiddiy mulohaza yuritishga, farzandlarimizni internetdan qanday foydalanayotganini nazoratga olishga undashi tayin. Axir, kasalni davolagandan uning oldini olgan afzal, shunday emasmi?

 

Tarbiya haqida so‘z borar ekan, donishmandlardan biri shunday deydi: tarbiyalashda eng muhimi, tarbiyachining kimligidir.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, axborot asrida farzandingizni kim tarbiyalayapti? Ko‘zingiz oq-u qorasi kimlardan bilim olmoqda? Uning bo‘sh vaqti nimalarga sarf bo‘lmoqda?

Afsuski, bugungi shiddatkor zamonda ayrim yoshlarimiz bilib-bilmay, yovuz kimsalar ta’siriga tushib qolmoqda. Ayniqsa, ular o‘z maqsadlariga yetish yo‘lida har qanday razillikdan tap tortmay, internetdan samarali vosita sifatida bola ruhiyatiga ta’sir etishga urinayotir. Xo‘sh, ular aslida kim? Nega bunday razolat botqog‘iga voyata yetmagan farzandlarimizni tortishmoqda?

Yuqoridagi o‘yin shunday psixologik dasturlash va trans holatiga kirgazishga asoslanganki, bunda bolaning ruhiyati “zombi” – manqurt holatiga tushib qoladi. Bunda o‘smirning miyasida har kuni bugungi berilgan o‘yindagi vazifani bajarish fikri asosiy o‘ringa qo‘yiladi. U ovqat yeganida ham, yo‘lda yurganida ham, uyda televizor ko‘rganida ham xayolidan o‘sha vazifa, o‘sha tushkun kayfiyat, chizgan rasmlari va keyingi bosqichda qilajak ishlari bir-bir o‘tib turadi. Yuqorida qayd etilganidek, mazkur o‘yin har kuni bir vaqtda uyg‘onish va biror vazifani bajarishdan iborat. Shu orqali bola ruhiyatini dasturlash bosqichlari ketma-ket bajariladi. Bu “beozor ovunchoq” biror bir o‘yinqaroqning o‘ylab topgan ishi emas. Aksincha farzandlarimizni razillik botqog‘iga tortib, ulardan manqurt sifatida foydalanishni maqsad qilgan kimsalarning uzoqni ko‘zlab qilgan ishidir.

Muammoning oldini olish uchun nima qilish kerak?

Bu dunyoda ota-ona farzand uchun eng yaqin va mehribon insondir. Shunday ekan ijtimoiy tarmoqda farzandingizning kimlar bilan muloqot qilayogani, qaysi guruhlarga a’zo ekanligi, qanday mavzularda suhbatlashayotgani e’tiboringizdan chetda qolmasin. Dilbandingizning ichki muammolaridan doimo xabardor bo‘lib, ular bilan do‘stona muloqot o‘rnating.

Yana o‘qing:  “AYI”MAS, “ARI”

“Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, – deydi dono xalqimiz. Shunday ekan ustoz-murabbiylar, mahalla-ko‘y ham yosh avlodning ichki dunyosi bilan yaqin bo‘lishi lozim. Xususan, o‘qituvchi sinfidagi har bir o‘quvchining yurish-turishiga e’tiborli bo‘lishi zarur. Favqulodda o‘zgarib qolgan, tushkun kayfiyatda o‘tiradigan va tez-tez jazavaga tushadigan bolaga aslo bee’tibor bo‘lmang. O‘quvchingiz bilan uni qanday muammo qiynayotgani xususida gaplashib oling. O‘smirlarning ota-onalari bilan ham doimo muloqotda bo‘lib turing. Bu yuzaga kelmoqchi bo‘lgan muammoni tez fursatda bartaraf qilishga yordam beradi.

Har bir ota-ona borki, o‘z farzandini ilmli, ziyoli bo‘lishi yo‘lida o‘z mehnati, lozim bo‘lsa, umrini fido qiladi. Dilbandim yuzim, ko‘zimning oqu qorasi deb erkalab, alqaydi. Kelajak davomchilarimiz har tomonlama yetuk va barkamol shaxs bo‘lib ulg‘aysalargina biz o‘zimizni chinakam baxtli inson, deya olamiz.

 

Zebiniso AXMEDOVA,

psixolog-psixoterapevt

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: