“Boburnoma” – durdona asar
Bobur – sher demakdir. Demishlarki, insonning ismi ba’zan uning taqdirini belgilaydi. Sher yurakli bu zotni so‘nggi nafasigacha shijoat va beqiyos shiddat tark etmadi. O‘n to‘qqiz yoshida tug‘ilgan yurtini manguga tark etdi. Yigirma besh yoshida esa Afg‘oniston, Pokiston, Bangladesh mamlakatlarining aksariyat qismini egallagan ulkan mamlakatga asos soldi.
Ijodida Vatanparvarlik, ona yurtidan ayriliq hissi ko‘pincha uning bir qancha ruboiyilari bilan izohlanadi. Bu fikrga qo‘shimcha ravishda shuni aytib o‘tish lozimki, uning shoh asari – “Boburnoma”da ham bu tuyg‘u qad rostlab turadi.
“Boburnoma” – ummondek teran mazmunli, sof, sodda, mardona va tarovatli asar. Uning har tomchisida insoniylik va vatanparvarlik xususiyatlari o‘z ifodasini topgan.
Biz bu muazzam asar orqali Movarounnahr, Hindiston, Afg‘oniston kabi davlatlarning geografik o‘rni, iqlimi, tabiati, me’moriy obidalaridan tortib, urf-odatlari, qadriyatlari, tarixiy shaxslari haqida aniq va haqqoniy ma’lumotga ega bo‘lamiz.
Boburnomaning ilk sahifasini ochar ekanmiz, quyidagi satrlarni o‘qiymiz: “Farg‘ona viloyati beshinchi iqlimdindur Ma’muraning kanorasida voqe bo‘lubdur. Oshlig‘i va mevasi farovon. Sayxun daryosikim Xo‘jand suyuga mashhurdir, sharq va shimoli tarafidin kirib bu viloyatning ichi bilan o‘tib g‘arb sori oqar”.
Bizga ma’lumki, Boburning saodat yulduzi erta chaqnagan, ya’ni u o‘n ikki yoshida taxtga o‘tirgan va davlatni boshqargan. Ibratli jihati shundaki, o‘n ikki yoshli bola Andijonning – Vatanining geografik joylashuvini suv qayerdan qaysi ariqlardan kelishini, u yerda qanday mevalar pishishini, qanday qushlar ov qilinishini, hatto, qushlarning og‘irligini shu qadar aniqlik bilan biladi. Andijon ahlining qaysi tilda so‘zlashini, urf-odatlarini, rasm-rusumlarini, qadriyatlarini, juda sinchikovlik bilan kuzatadi va ularni badiiy zavq bilan ifodalaydi. Bobur o‘z Vatanini ardoqlab, mehr va g‘urur bilan tasvirlaydi: “Oqar suvlari bor, bahori bisyor yaxshi bo‘lur, qalin lola va gullar ochilur”.
Andijonda yetishtiriladigan hosil haqida aytib o‘tayotib, u bilan bog‘liq udumni ham tilga oladi: “Qovun va uzumi yaxshi bo‘lur. Qovun mahalida poliz boshida qovun sotmoq rasm emas”. Bu bilan xalqining saxiyligini butun dunyoga badiiy ifoda bilan ma’lum qiladi.
Andijon qushi haqidagi fikrga quloq tutaylik: “Ovi qushi dog‘i ko‘p bo‘lur, qirg‘ovuli behad semiz bo‘lur. Andoq rivoyat qiladilarkim bir qirg‘ovulning uskunasini to‘rt kishi yeb tugata olmaydur” yoki O‘sh ta’rifida oddiy bir ko‘kat – binafshaga nisbatan “latif” degan ta’rifni keltiradi. Bu satrlar shunchaki oddiy ma’lumot emas. Bu satrlarda ona Vatanni jonu dildan sevish, uning har bir qarich yerini muqaddas bilish va insoniy burch, degan tushuncha mavjud. Bu esa shubhasiz, o‘quvchilar qalbida Vatanga muhabbat hissini tarbiyalaydi va kamol toptiradi.
“Boburnoma” – betakror asar. Yana uni “Ibratnoma”, “Pandnoma” deb atasak-da, loyiqdir. Biz bu asarning o‘quvchi shaxsi va komilligini tarbiyalashdagi ahamiyatidan bir zarrasini tahlil qilishga urindik, xolos. Agar “Boburnoma” bir ummon bo‘lsa, xato va kamchiliklardan xoli bo‘lmagan bu tahlilni ana shu ummondan bir tomchi deb qarasak to‘g‘ri bo‘lar.
Xurshida ATAULLAYEVA,
Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumanidagi 14-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi