“Yosh suxandonlar” tanloviga marhamat!
Madaniyat va sport ishlari vazirligi tashabbusi bilan suxandonlik va boshlovchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan yoshlarni aniqlash, ularga har tomonlama ko‘maklashish va rag‘batlantirish, yosh boshlovchi-suxandonlarning ijodiy salohiyatini amalga oshirish uchun tegishli shart-sharoit yaratish, o‘zbek adabiy tilining nufuzini yanada yuksaltirish, yuqori malakali suxandon va boshlovchi kadrlar tayyorlashning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida respublika “Yosh suxandonlar” tanlovi o‘tkaziladi.
Tanlov ikki bosqichda tashkil etilib, unda nutq madaniyatini o‘zlashtirgan, boshlovchi-suxandonlik qobiliyatiga ega bo‘lgan 17 yoshdan 32 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etishlari mumkin.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri madaniyat va sport ishlari boshqarmalarida 2017 yil 5 fevraldan 18 fevralga qadar qabul qilinadi.
Mamlakatimizda yashab, ijod qilayotgan suxandonlik va boshlovchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan yoshlarrespublika “Yosh suxandonlar” tanlovida o‘z salohiyatlarini yana bir namoyon qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Murojaatlar uchun telefonlar: 239-43-73,239-42-20.
Respublika “Yosh suxandonlar” tanlovining Nizomi
Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tashkil etiladigan “Yosh suxandonlar” tanlovini (keyingi o‘rinlarda Tanlov deb ataladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
- Tanlovning maqsad va vazifalari
Quyidagilar Tanlovni o‘tkazishning maqsad va vazifalari hisoblanadi:
suxandonlik va boshlovchilik qobiliyatiga ega yoshlarni aniqlash, ularga har tomonlama ko‘maklashish va rag‘batlantirish, shuningdekyosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash ruhida tarbiyalash;
yosh boshlovchi – suxandonlarning ijodiy salohiyatini amalga oshirish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish;
o‘zbek adabiy tilining nufuzini yanada yuksaltirish, aholi o‘rtasida nutq madaniyati salohiyatini oshirishda yuqori malakali suxandon va boshlovchi kadrlar tayyorlashning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish.
- Tanlovni o‘tkazish tartibi
Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi:
a) birinchi bosqich – hududiy bosqich. 2017 yil 20 fevraldan 5 martgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari boshqarmalari tomonidan tashkil etiladi;
birinchi bosqich g‘oliblarining hujjatlari hududiy boshqarmalar tomonidan 10 martga qadar respublika bosqichining Hakamlar hay’atiga yetkaziladi;
b) ikkinchi bosqich – respublika bosqichi. Respublika bosqichida hududiy bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar qatnashish huquqiga ega bo‘ladi;
shuningdek qator tadbirlarda ishtirok etgan, favqulodda iqtidorga ega bo‘lgan, suxandonlik qobiliyati yuksak bo‘lgan, biroq ma’lum sabablarga ko‘ra hududiy bosqichda ishtirok eta olmagan yoshlar Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri respublika bosqichida qatnashishi mumkin.
v) tanlovda nutq madaniyatini o‘zlashtirgan, boshlovchi – suxandonlik qobiliyatiga ega bo‘lgan 17 yoshdan 32 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etishlari mumkin;
d) tanlovda ishtirok etuvchilardan o‘zbek, rus va ingliz tillarida yaratilgan she’riy va nasriy adabiy asarlardan yod olgan parchalarini hamda Hakamlar hay’ati tomonidan berilgan rasmiy matnni ifodali o‘qishi, ijro mahorati, suxandonlikka bo‘lgan iqtidori, adabiyotga, san’atga layoqatini namoyon etishlari talab qilinadi.
e) tanlovda ishtirok etish uchun buyurtmanomalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri madaniyat va sport ishlari boshqarmalarida o‘zbek va rus tillarida qabul qilinadi.
Ishtirokchilar tomonidan ariza va hujjatlar 2017 yil 5 fevraldan 18 fevralga qadar topshirishlari talab qilinadi.
Ariza bilan birga quyidagi hujjatlar taqdim etilishi shart:
ishtirokchining pasporti nusxasi; ma’lumotnomasi; 10x15 o‘lchamdagi fotosurati (2 dona); o‘qish yoki ish joyidan tavsiyanoma.
III. Tanlov ishtirokchilarini baholash tartibi
Tanlov ishtirokchilarini baholash uchun 7 yoki 9 nafar kishidan iborat Hakamlar hay’ati tarkibi shakllantiriladi.
Hakamlar hay’ati belgilangan kunda Tanlovni o‘tkazadi;
Talabgorlar Hakamlar hay’ati tomonidan tashqi ko‘rinishi, sahnada o‘zini tutishi, kiyinish madaniyati, sog‘lom ovozning mavjudligi, nutqiy kamchiliklarning yo‘qligi kabi mezonlarga ko‘ra baholanadi;
Hakamlar hay’ati ishtirokchilar orasidan g‘oliblarni saralab oladi.
G‘oliblarga “Diydor” rejissyorlik va aktyorlik mahorati teatr-studiyasi davlat muassasasi huzurida tashkil etiladigan “O‘zbek suxandonligi” kursida o‘qish, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi yoki xususiy teleradiokanallarda tegishli faoliyat yuritish uchun tavsiya beriladi.
Manba: O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi sayti