Bosh vazir o‘rinbosari olim va ilmiy tadqiqotchilar bilan davra suhbati o‘tkazdi
Joriy yilning 15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayevning O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti olim va ilmiy tadqiqotchilari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
1924 yilda tashkil etilgan O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti bugungi kunda respublikamizda mavjud madaniy va yovvoyi o‘simliklar navlarining genofondini ekspeditsiya va introduksiya yo‘li bilan yig‘ish, saqlash, ularni o‘rganish va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalariga qishloq xo‘jaligi ekinlarining nav namunalarini yetkazib berish borasidagi ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda institutning kolleksiyalarida 100 xildan ziyod qishloq xo‘jalik ekinlarining 45 mingdan ortiq namunalari tirik holda saqlanmoqda.
Shu bilan birgalikda, institut olimlari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlarini yaratish, ularni yetishtirish agrotexnikasini ishlab chiqish, fermer va dehqon xo‘jaliklariga oziq-ovqat va moyli ekinlar urug‘lari, shuningdek, yangi intensiv bog‘ va tok ko‘chatlarini yetkazib berish borasidagi ilmiy tadqiqotlarni bajarib kelmoqda.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlandiki, mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha jabhalari singari agrar sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar samarasi o‘laroq bugungi kunda qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida e’tiborga molik natijalar qo‘lga kiritilib, xalqimizning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga erishilmoqda. Butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda aholi soni tobora ortib borayotgan hamda yer va suv resurslari imkoniyatlari chegaralangan bugungi kunda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yanada jadallashtirish, seleksiya va urug‘chilik ishlarini rivojlantirish, ayniqsa, oziq-ovqat va ozuqabop ekinlarining yangi, hosildorligi va sifat ko‘rsatkichlari yuqori, turli kasallik va zararkunandalar hamda tabiatning noqulay omillariga chidamli navlarini yaratish, mamlakatimiz mintaqalarining tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda ularning agrotexnikasini ishlab chiqish va amaliyotga keng joriy etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tasdiqlangan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari doirasida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish bilan bog‘liq qator vazifalar belgilab berilgan.
Tadbirda mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlash, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, ekin maydonlari maqbullashtirilayotgan bugungi sharoitda ularning yanada serhosil navlarini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish borasidagi ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirish, institutda faoliyat ko‘rsatayotgan har bir olim va tadqiqotchi tomonidan hududlardan hamkor fermer xo‘jaliklarini tanlab, ularda o‘z faoliyatining yo‘nalishidan kelib chiqqan holda ilm-fan yangiliklarini targ‘ib va joriy etish, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyatining pirovard natijasi – iqtisodiy samaradorlikni oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan atroflicha munozara qilindi.
Davra suhbatida institut ilmiy xodimlari – A.Amanov, A.Arzumanov, I.Anorboyev, H.Hasanov va boshqalar so‘zga chiqib, qishloq xo‘jaligi, jumladan, moyli ekinlarining yangi navlarini yaratish, ularning birlamchi urug‘chiligini rivojlantirish, yetishtirish agrotexnikasini ishlab chiqish va ularni amaliyotga keng joriy etish borasida istiqboldagi vazifalar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi