QVPlar qachon odamlar ishonchini qozonadi?
– Prezidentimiz shu yil 5 yanvar va 7 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda sog‘liqni saqlash sohasini, xususan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatini yanada takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish vazifasini qo‘ygandi. Ushbu topshiriqlar yuzasidan tizimda qanday sa’y-harakatlar olib borilmoqda?
– Tan olish kerak, sohada haqiqatan ham kamchiliklar ko‘p. Ularning ildizi mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimi insonlarning, bugungi kunning talablariga javob bermayotganiga borib taqaladi. Masalan, bundan o‘n yillar oldin qishloq vrachlik punktlari tarmog‘i yaratilgandi. O‘sha paytdagi sharoitda mazkur tizim katta yutuqqa aylangani bor gap. Ammo hozirga kelib, faqat shu bilan cheklanib qolish yaramaydi. Boisi endilikda butun jahon tibbiyotida kasallikning oldini olish, profilaktika qilish ustuvor maqsad sifatida qo‘yilgan holda, umuman yangicha qoidalar asosida faoliyat yuritilmoqda. Tezkorlik, bemorlar uchun qulaylik yaratish va boshqa yo‘nalishlardagi tamoyillar ham o‘zgargan.
Bunday deyishimizga asoslar yetarli. Misol uchun, mamlakatimizda QVPlarning qariyb uchdan bir qismi samarasiz ishlamoqda. Ularda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari kuniga bor-yo‘g‘i ikki-uch nafar bemorga xizmat ko‘rsatadigan vaziyatlar ham uchrab turibdi. Hamyurtlarimiz ko‘pincha tuman poliklinikalari yoki xususiy muassasalarga borishni afzal ko‘rayapti. Nega? Chunki hamma ham salomatligini, ta’bir joiz bo‘lsa, hayotini malakali, mas’uliyatli mutaxassisga ishonib topshirishni istaydi. Bundan anglash mumkinki, aksariyat QVPlarga nisbatan ana shunday ishonch mavjud emas. Demak, vaziyatni tubdan o‘zgartirish vaqti keldi. Buning uchun, avvalo, QVPlarni optimallashtirish, yiriklashtirish, ular qoshida shoshilinch yordam stansiyalarini tashkil etish va tor mutaxassislikdagi shifokorlar bilan ta’minlash zarur.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan yana bir muhim topshiriq – yiriklashtirilgan qishloq vrachlik punktlari yaqinida mutaxassislar uchun turarjoy binolari qurishdir. Shu yil oxirigacha QVPlar qoshida shifokorlarga mo‘ljallangan ana shunday uylardan 300 tasi barpo etiladi.