Tez yordam xizmatining kechikayotgan yordami
Aholini qiynayotgan, e’tirozlariga sabab bo‘layotgan dolzarb masalalardan biri – bu tez tibbiy yordam xizmatining kechikishi bilan bog‘liq. Buning asosiy sababi nimda? Yana bir jihatni aytish o‘rinliki, dispetcherlarning muomala madaniyatini ham qoniqarli deb bo‘lmaydi va ko‘pincha o‘z vaqtida qo‘ng‘iroqqa javob berilmasligi hollari kuzatilmoqda. Bu holat qachon o‘z yechimini topadi?
Adham Ikramov,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Sog‘liqni saqlash vaziri:
– Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, tez tibbiy yordam brigadalari 15-20 foiz holatlarda kechikib yetib keladi. Buning bir qator o‘ziga xos sabablari bo‘lsa-da, muammoning asosiy ildizi texnik imkoniyatlarga borib taqaladi. Ya’ni tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun avtomobillar yetarli emas. Hozirgi vaqtda respublikamiz miqyosida 1800 ta shunday mashinadan foydalanilayotgan bo‘lsa, ularning yarmidan ko‘pi 10-12 yillik avtomobillardir. Aslida belgilangan talab bo‘yicha tez tibbiy yordam avtoulovlari soni kamida 2400 ta bo‘lishi lozim. Shulardan kelib chiqib, yil oxirigacha 1200 ta yangi transport vositalari sotib olinishi ko‘zda tutilgan. Yaqin ikki-uch oyning o‘zida esa ulardan 550 tasi xizmat ko‘rsatishga kirishadi.
O‘z navbatida, aholining jiddiy shikoyat va noroziliklariga sabab bo‘layotgan tizimdagi dispetcherlik xizmati faoliyati ham tubdan takomillashtiriladi. Boisi mazkur xizmat 30-40 yil oldingi standartlar bilan ishlamoqda. Bu borada yaqin ikki oyda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y beradi. Jumladan, dispetcherlar qayta o‘qitiladi, ularning malakasi oshiriladi, talablar kuchaytiriladi.
Yana bir modernizatsiyalash jarayoni haqida. Tez tibbiy yordam ko‘rsatish avtomobillariga GPS uskunalari qo‘yish ham rejalashtirilgan. Misol uchun, poytaxtimizda shunday qurilmaga ega 138 ta avtomashina ishlayotgan bo‘lsa, tez kunlarda yana 10 tasi qayta jihozlanadi. GPS qurilmasi dispetcherga avtomobil qayerdaligi haqida ma’lumot bersa, murojaat qilingan manzilga yaqinroq xodimlarimizni tezroq yuborish imkoniyati paydo bo‘ladi. Lekin bemorning oldiga zudlik bilan borishning o‘zi kamlik qiladi. Xasta insonga yordam ko‘rsatish uchun zarur vositalarga ham ega bo‘lish muhimdir. Tasdiqlangan qoidalarga ko‘ra, tez tibbiy yordam shifokori chamadonida 80 nomdagi dori va tibbiyot vositalari bo‘lishi lozim. Amaliyotda esa shifokor ana shularning yarmi bilan kelsa ham, katta gap hisoblanadi. Shuning uchun shoshilinch yordam brigadalarini zarur preparatlar bilan ta’minlash mexanizmi qayta ko‘rib chiqilayotir.