O‘qituvchilarimiz Buyuk Britaniyada malaka oshirishdi
O‘tgan yili “Yilning eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi-2015” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarimizning Buyuk Britaniyada malaka oshirib qaytgani haqida xabar bergan edik. Joriy yilda ham mazkur yo‘nalishdagi ishlar yuqori saviyada davom ettirilib, ko‘rik-tanlovning 2016 yilda o‘tkazilgan respublika bosqichida eng yuqori natija ko‘rsatgan 42 nafar maktab o‘qituvchilari 2017 yilning 20 yanvardan 3 fevralga qadar Buyuk Britaniyaning Glazgo Kaledonian (Glasgow Caledonian University, Scotland) universitetida xizmat safarida bo‘lishdi.
Ushbu universitet dunyodagi nufuzli ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, u yerga dunyoning barcha burchaklaridan malaka oshirish kurslariga tinglovchilar tashrif buyurishadi.
Universitetning tajribali mutaxassislari va professorlari tomonidan o‘qituvchilarimizga dars jarayonidagi til terminlari, talaffuz ustida ishlash, chet tilini o‘rgatishda autentik materiallardan foydalanish, leksik birliklar bilan ishlash texnologiyalari, o‘quvchilarda ijodkorlikni va til o‘rganishda hikoya va she’rlarning ahamiyati, darsni rejalashtirish va baholash, chet tilini o‘rganishda test sinovlarining ahamiyati va dars o‘tishning boshqa samarali usullari haqida ma’lumot berishdi.
Tajriba almashish jarayonida CEFR (Chet tilini egallashning umumevropa talablari) yuzasidan ma’lumotlar berildi, uning O‘zbekistonda joriy etilish ahvoli yuzasidan fikr almashildi. Dars o‘tishning turli usullarini, jumladan kichik guruhlarda ishlash, o‘qitishning kommunikatsion metodlaridan foydalanish, muammoli vaziyatlarda chet tilida muloqotga kirishish usullari iboralar va rolli o‘yinlar orqali o‘rgatildi. Har bir mashg‘ulotda o‘qituvchilar mavzu yuzasidan u yoki bu materillarni O‘zbekistondagi holat bilan solishtirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Xizmat safari davomida o‘zbekistonlik ingliz tili o‘qituvchilari Glazgo shahrida joylashgan Glazgo akademiyasi va maktablarga tashrif buyurishib, u yerda “O‘zbekistonning madaniyati va urf-odatlari”, “Ta’lim tizimi” kabi mavzularda taqdimotlar qildilar.
O‘qituvchilarimiz kelgusida hamkasblari bilan o‘rtoqlashish maqsadida har biri chet tilini o‘qitishning turli metodikalari, Buyuk Britaniya, Shotlandiya ta’lim tizimi, madaniyati va boshqa yo‘nalishlarda o‘z qiziqishlari asosida alohida taqdimotlar tayyorladilar.
O‘quvlar yakunida o‘zbekistonlik o‘qituvchilarga xorijiy universitet o‘qituvchilari oldida ingliz tilidagi taqdimotlarini muvaffaqiyatli himoya qilishgani uchun “ACHIEVEMENT SERTIFICATE” sertifikatlar topshirildi. Mazkur sertifikatlar o‘tgan yilgi va boshqa sertifikatlardan farqli ravishda xalqaro trenerlik qilish vakolatini beradi.
Shuningdek, o‘qituvchilarimiz tomonidan O‘zbekistonda 25 yilda erishilgan yutuqlar, ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar va ayniqsa chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan o‘zgarishlar xususida keng ma’lumotlar berildi va universitet xalqaro bo‘limida alohida burchak tashkil etilib u yerga O‘zbekiston bayrog‘i va esdalik sovg‘alari joylashtirildi.
Ushbu o‘qituvchilar joriy yilning mart-dekabr oylari ingliz tili o‘qituvchilari uchun tayanch maktablar bazasida o‘tkaziladigan o‘quvlarda hamda 5-sinflar uchun qayta ishlanayotgan ingliz tili darsliklardan foydalanishni o‘rgatishga doir maxsus kurslarda trenerlik kurslariga jalb etilishi rejalashtirilmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati