Hiyla

(hayotiy hikoya)

Tanasi sarg‘ish-malla, dumining pastki tomoni va uchi oq rangdagi tog‘ tulkisi asosan tunda dala kezadi. Qish oylari kunduzi ham faol bo‘lib, ba’zan qishloq oralab tovuqlarga hamla qilib turadi.

Goho ko‘kish va qizg‘ish rangdagi tulkilarni ham uchratish mumkin. Ularning ozuqasi jayra, yumronqoziq, qo‘shoyoq, sichqon kabi mayda sut emizuvchilar bo‘lib, bog‘ oralaganda pishib yetilgan mevalarni ham “paqqos” tushiradi.

Qobil boboning hovlisi tog‘ etagida joylashgan. Bog‘ida turli mevali daraxtlar g‘arq hosilga kirgan palla. Tog‘ tulkilari tez-tez bu yerga kelib, pishgan uzum, yerga to‘kilgan olma, nok va olchalarni yeb ketishardi. Bobo ular keladigan yo‘lga qopqon qo‘yib ko‘rdi. Lekin tungi “mehmon”lar uni chetlab, eski odatlarini kanda qilmasdilar. Bog‘bon bundan g‘azablansada, miltig‘i va tozi iti yo‘qligidan tulkilarga qarshi hech bir ish qilolmas va tekinxo‘r yirtqichlar oldida ojizligidan afsuslanar edi.

Yetmish yoshni qoralab qolgan Qobil bobo o‘ylay-o‘ylab oxiri bir to‘xtamga keladi. U baland tepalikdan joy tanlab, hafsala bilan chayla tiklashga hozirlik ko‘ra boshladi. Nevarasi Dilshod ham qarab turmasdan qurigan daraxt shox-shabbalarini tashishda bobosiga ko‘maklashdi. “Hash-pash” deguncha qo‘lbola chayla tayyor bo‘ldi. Tepalikdan to‘rt taraf yaqqol ko‘rinib turardi. Bog‘bon xo‘rak solingan bir nechta kadini tulkilar yo‘liga qo‘yib chiqdi.

Sokin tun. To‘lin oy sekin ko‘tarilib, atrofga yog‘dusini sochar, so‘lim go‘sha uzra soy bo‘yidagi anhorning sharqirab oqishigina sukunatni buzib turardi. Tun yarimlaganda bog‘ tomon sekin harakatlanayotgan bir necha sharpalar ko‘zga tashlanib qoldi. Bog‘bon chayla ichida tik turgan ko‘yi butun vujudi quloqqa aylandi. Tungi “mehmon”larning uzun dumlari yerga sudralib, nafis yurishlaridan tog‘ tulkilari ekanligini bilish qiyin emasdi. Dilshod esa jim turib, voqeaning nima bilan tugashini sabrsizlik bilan kutardi.

Tungi “sayyoh”lar xo‘rak hidini olib, birin-ketin kadilarga yopishdilar va boshlarini chiqaza olishmay, har tomonga sapchiy boshlashdi. Bu vaqtda tong ham yorishib, shovqin-surondan xabardor bo‘lgach, qishloq odamlari kelib qolishdi va maxluqlar osonlikcha qo‘lga olindi. Bolakayning og‘zi qulog‘ida edi.

Shu-shu bu yerga tog‘ tulkilari oralamaydigan bo‘lishdi. Qobil boboning hiylasi ayyor tulkilarning makridan ustun keldi.

 

Abdulla SAIDOV

Yana o‘qing:  Niyatlar darchasidan mo‘ralaydi Yangi yil

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: