Feruzbek hunarmandchilik mahsulotlarini internet orqali sotishni yo‘lga qo‘ydi

Buxorolik taniqli zardo‘zlar xonadonida ulg‘ayayotgan 8 yoshli Feruzbekning sho‘xliklarini ko‘rgan Moira opa kenjatoyini bir hunarning etagidan tutish vaqti kelganini angladi.

Popopchilik yo‘nalishida anchagina qo‘li kelib, bir nechta shogirdlar yetishtirishga ulgurgan qizi Manzuraxonga ukasi Feruzbekda shu kasbga qiziqish uyg‘otib, unga o‘z hunarining sir-asrorlarini o‘rgatish lozimligini uqtirdi.

Bolakay o‘yinqaroq bo‘lsa-da, onasi-yu opasining so‘zidan chiqmadi. Aniqrog‘i, oiladagi tarbiyaviy muhit bolakayda bu hunarga katta qiziqish uyg‘ota oldi. Maktabdan qaytgan Feruzbek opasining ustaxonasiga yo‘l olib, u yerda popopchilikning ilk saboqlarini qunt bilan o‘rgana boshladi.

U rangin iplarni qo‘lga olib tikishga uringanida ota-onasiga atrofdagilarning “Yigitga uloq chopish, kandakorlik, yog‘och yo‘nish yarashadi. Hech zamonda o‘g‘il bola ham igna bilan ip ushlaganmi?!”, – degan e’tirozlari bo‘ldi. Ammo qat’iyatli, bir so‘zli ona o‘g‘lining qalbida patdo‘zlik hunarini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqni aslo so‘ndirmadi. Unga rag‘bat bildirib, hamisha yangilikka intilishga undadi.

Buxoro san’at kollejini tamomlagan Feruzbek 15 yoshidan mustaqil hunarmand sifatida ish boshladi. Bir nechta tikuv uskunalarini jamlab, soz holga keltirdi. Avvaliga yaratmoqchi bo‘lgan mahsulotlarining qadimiy andozalarini topib, unga zamonaviy ruh berishga urindi. Sayqal bermoqchi bo‘lgan naqshlarning ranglar uyg‘unligiga, o‘ziga xosligiga jiddiy e’tibor qaratdi. Betakror yurtimizning har bir vohasiga xos bo‘lgan ajib naqshlar va chiziqlarning turfa kolleksiyasini jamlab, ularning kelib chiqish tarixi, matolarga qo‘llanishidagi o‘ziga xos uslublari borasidagi orttirgan bilimi keyinchalik unga shaxsiy kolleksiyasining yaratilishida muhim dasturilamal bo‘ldi. Dastavval, to‘qson yoshdan oshgan bobosi Nor ota tomonidan tayyorlangan ipak iplarga tabiiy ranglar yordamida sayqal berib, turli xil so‘zanalar, joynamozlar, yelpig‘ichlar tayyorlashni boshladi. Vaqt o‘tishi bilan yosh hunarmand faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish lozimligini angladi. Zamonaviy hunarmandchilik va xorij kashtachiligini kuzatib borgan Feruzbek o‘z mahsulot turlarini bejirim oyoq kiyimlar, turli hajm va ko‘rinishdagi sumka, karmonlar, zamonaviy bichimdagi kostyum va choponlar bilan boyitdi.

U o‘z ijod mahsuli bilan ko‘plab tanlov va ko‘rgazmalarda munosib ishtirok etib, turli yo‘nalishlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bilim va tajriba to‘pladi va malaka oshirdi. Tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar treninglarda qatnashib, faolligi va ishbilarmonligi bilan yuqori ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritdi.

Yana o‘qing:  12 nafar bemor bola Germaniyada davolanadi

– Dastavval respublika miqyosida faoliyat yuritaman degan xayol bo‘ldi, – deydi Feruzbek Jo‘rayev. – Ammo keyinchalik o‘z mahsulotlarim bilan xorij ko‘rgazmalarida ishtirok etish niyati tug‘ildi. Buning uchun yurtimizda biz kabi tadbirkor va hunarmandlarga barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan.

Feruzbek 2016 yil boshlarida ilk bor Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan halqaro ko‘rgazmada qatnashdi. Natija esa kutilganidan ham a’lo bo‘ldi. Bu yerda o‘zbek hunarmand yigiti tomonidan yaratilgan bejirim qo‘l mehnati mahsulotlariga ko‘plab yangi takliflar tushdi. So‘ng u o‘sha yilning o‘zida Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi bir qator davlatlarda ko‘rgazmalar tashkil etishga muvaffaq bo‘ldi.

Hozirda Feruzbek internet orqali xorijliklardan mahsulotlariga buyurtmalar va takliflar olmoqda. Tashkil etgan mo‘jaz ish joyida o‘n nafardan ortiq uy bekalarini ish bilan ta’minladi. Kelgusida u o‘z faoliyatini yanada kengaytirib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish istagida. Biz Feruzbekka orzulari ushalishiga tilakdoshmiz.

 

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: