Elga naf keltirish saodatdir

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida 9 fevral kuni buyuk bobomiz tavalludining 576 yilligiga bag‘ishlangan an’anaviy tadbir bo‘lib o‘tdi. 

 

Shu munosabat bilan mazkur boqqa turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari, ma’naviyat, ta’lim-tarbiya, san’at sohasi vakillari, mahalla faollari, talaba-yoshlar keldi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, Budapesht universitetining turkologiya bo‘limi mudiri, vengriyalik navoiyshunos olim Benedek Peri, Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchisi Dinora Sultonova va boshqalar Alisher Navoiy adabiyot, ma’naviyat va ma’rifat, tilshunoslik ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan serqirra ijodkor sifatida jahon olimlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilayotganini ta’kidladi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov asos solgan milliy o‘zlikni anglash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, inson omiliga ustuvor ahamiyat qaratish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar bugungi kunda izchil davom ettirilmoqda. Bu jihatlar buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash,  bu yo‘nalishda mukammal tadqiqotlar olib borish, bebaho ijodidan xalqimizni bahramand etishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Navoiy deganda har birimizning qalbimiz cheksiz faxru iftixorga to‘ladi. Yurtimizda ul zot ijodini puxta o‘rganish, asarlarini qayta va qayta, to‘liq nashr etish, ularda ulug‘langan g‘oyalardan yosh avlod tarbiyasida keng foydalanish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishda, ona tilimiz va adabiyotimizni yanada rivojlantirishda, shoir merosidan xalqimizni kengroq bahramand etishda yangi imkoniyatlar ochmoqda. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning odamlar orzu-umidlariga yelkadosh bo‘lish, milliy adabiyotimizga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish, Milliy bog‘ni yanada obod etish va bu maskanni chinakam adabiyot, ma’naviyat maskaniga aylantirish borasidagi ezgu tashabbuslari Navoiy asarlarida ulug‘langan hayotbaxsh g‘oyalar bilan hamohangdir.   

El-yurtga naf keltirishni oliy saodat deb bilgan Alisher Navoiyning insoniylik, xalqparvarlik, tinchlik va osoyishtalik tarannum etilgan asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan va bu ezgu ish davom etmoqda.

Tadbirda Navoiy g‘azallaridan namunalar o‘zbek va ingliz tillarida o‘qildi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Mirpo‘lat Mirzo mutafakkir bobomizga bag‘ishlangan «Navoiyga ehtirom» she’rini o‘qidi. «Nihol» mukofoti sovrindori Ilyos Arabov ijrosida shoir g‘azallari bilan kuylanuvchi ashulalar ijro etildi.

Yana o‘qing:  Oromgohlar bag‘rida

Anjuman ishtirokchilari Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov ishtirok etdi.

                  *                                    *                                       *

Shu kuni poytaxtimizdagi Shoirlar xiyobonida mushoira bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari S.Sayyid, navoiyshunos olim A.Qayumov va boshqalar bugungi murakkab globallashuv zamonida yoshlarni milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda Navoiy merosi g‘oyat dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Yosh shoirlar Jo‘rabek Jahon va Bahodir Bahrom Navoiyga atalgan she’rlarini o‘qidi. Ta’lim muassasalarining o‘quvchilari Navoiy g‘azal va ruboyilari, hikmatli so‘zlarini o‘zbek va xorijiy tillarda o‘qib berdi.  

 Bunday ma’rifiy tadbirlar, ijodiy muloqotlar, anjumanlar mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tmoqda.

 

N.Usmonova,

O‘zA muxbiri

 

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: