Vatanga sadoqat bilan
…Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punkti maydonida yangi harbiy libos kiygan chaqiriluvchilar saf tortgan. Yigitlar O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni ado etish uchun mamlakatimizning turli hududlaridagi harbiy qismlarga yo‘l olmoqda.
Tantanali kuzatish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, chaqiriluvchilarning oila a’zolari ishtirok etdi.
…O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi. Bunday hayajonli daqiqalarda Vatanimizning yosh himoyachilari qalbida yuksak g‘urur va yorqin kelajakka ishonch tuyg‘ulari jo‘sh uradi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, milliy armiyamiz harbiy qurilish sohasidagi eng ilg‘or tajribani o‘zlashtirgan, harbiy san’atning tarixiy va milliy an’analarini saqlagan holda davlatimiz xavfsizligini ta’minlashning ishonchli kafolatiga aylandi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida yuksak bilim va intellektual salohiyatga ega, Vataniga sadoqatli, imon-ishonchi mustahkam, o‘z muqaddas burchini bajarishga hamisha tayyor harbiylar xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq mamlakatimizda fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga tanlov asosida saralab olishning samarali tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu mamlakatimiz Qurolli Kuchlari saflarini puxta tayyorgarlikka ega harbiy xizmatchilar bilan to‘ldirishga xizmat qilmoqda.
Chaqiriluvchilar yuksak bilim va ko‘nikma, milliy armiya uchun kerakli mutaxassisliklarni o‘zlashtirganlik, amaliy va texnik sport turlari bo‘yicha ma’lum muvaffaqiyatlarga erishganlik kabi muhim mezonlar asosida saralab olinmoqda. Shu maqsadda har yili barcha saralash bosqichlaridan o‘tgan bir guruh yigitlar zarur harbiy mutaxassisliklarni egallash maqsadida O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasalariga yuborilmoqda.
Roman BONDARCHUK,
O‘zA muxbiri