Uy hayvonlari farzandingizning jismoniy va aqliy rivojlanishiga qanday ta’sir etadi?
Uy hayvonlari insonlarning eng mehribon do‘stlari sanaladi. Ular sizni boricha qabul qiladi, chin dildan ardoqlaydi. Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, hayvonlar bolalarning jismoniy va ruhiy rivojlanishida o‘ziga xos o‘ringa ega ekan. Ular bilan o‘zaro muomalada bo‘lgan bola bag‘rikeng, javobgarlikni his qiladigan, yaqinlariga g‘amxo‘r, e’tiborli bo‘lishni o‘rganadi.
Farzandingiz hayvondan insonga o‘xshaydigan jihatlarni izlaydi. Unga xuddi do‘sti singari sirlari, qo‘rquvi va xavotirlarini aytadi. Qolaversa, jonzotlar oilaviy munosabatdagi yetishmovchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashadi. Masalan, bolaga ota-ona tomonidan kam e’tibor qaratilsa, u bu bo‘shliqni sevimli hayvoni bilan “to‘ldirish”ga urinadi. Shuningdek, uy hayvonlari bilan ishlash jarayonida farzandingizning aqliy va ijodiy qobiliyati o‘sadi. U o‘zining suyukli jonivorining suratlarini chizadi, u haqida hikoya o‘ylab topadi. Natijada esa bolakayning tabiat, hayvonot dunyosi haqidagi bilimlari boyib boradi.
Olimlarning qayd etishicha, uy hayvonlari kichkintoylarni davolash xususiyatlariga ega ekan. U ruhiy zo‘riqish va yana bir qancha kasalliklarga qarshi samarali vosita sanaladi. Masalan, baliqning suzishini kuzatish, asabni tinchlantirish bilan birga, A (sariq kasali) gepatit bilan og‘rigan bolajonlarga yaxshi foyda beradi. Hozirda hatto Yevropa mamlakatlarida shifokorlar hayvonlar yordamida insonlarni davolashmoqda. Buyuk Britaniya dorixonalarida esa oq rangli “davolovchi” mushuklar mavjud. Ammo “tanganing ikki tomoni bo‘lganidek”, allergiyaga moyilligi bor bolajonlarga mushuk boqish tavsiya etilmaydi.
Qayd qilinishicha, uy hayvonlari bor xonadonlarda farzandlar o‘rtasida yuzaga keladigan ziddiyatli vaziyatlar kam kuzatiladi. Ular immunitetni ko‘tarish xususiyatiga ega. Uyda it yoki mushuk boqqan bolaning infeksiyalarga kurashuvchanlik darajasi yuqori bo‘ladi. Qolaversa, iti bor bolalarning atrofida do‘stlari ko‘p bo‘ladi, odamlar bilan tez munosabatga kirishib keta olishadi.
Mushuklar bilan odatda 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarning o‘ynashi tavsiya etilmaydi. Chunki, u allergik reaksiyalarga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
To‘ti va boshqa turdagi qushlar nutqida nuqsoni bor bolalar uchun ayni muddao. Bola qushga gapirishni o‘rgatish bahonasida o‘zi to‘g‘ri so‘zlashni o‘rganib oladi. 3-4 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qushlarga juda yaqin borishdan ehtiyotlagan ma’qul. Sababi qush kutilmaganda farzandingizni cho‘qib, unga jarohat yetkazishi mumkin. Sayroqi qushlar bola kayfiyatiga ijobiy ta’sir etadi. Ornitologlarning ta’kidlashicha, ularning sayrashi insonning kasallik bilan kurashishiga samarali ta’sir ko‘rsatar ekan.
Baliq faol, emotsional, kasallikka tez chalinuvchi bolalar uchun ayni muddao sanaladi. Akvariumdagi baliqlarning suzishini kuzatish asab faoliyatini tinchlantiradi, ko‘rish qobiliyatining o‘tkirlashishiga samarali ta’sir etadi. Shuningdek, baliqlar allergik reaksiyalarni chaqirmaydi, parazitlarning tarqalishiga sababchi bo‘lmaydi.
Qaysi yoshda qanday uy hayvonlarini boqish mumkin?
Uy hayvoni tanlashda bolaning yoshini hisobga olish muhim ahamiyatga ega. 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar jonzotlarga g‘amxo‘rlik qilolmaydi. Undan katta bolalarga esa uy hayvonlarini bemalol sotib olib berish mumkin. 3-5 yosh farzandingiz jonivorlarga bemalol qaray olmaydi, unga sizning ko‘magingiz zarur. Bu yoshdagi bolalarga baliq hamda qush boqish tavsiya etiladi.
Kichkinalarga bu yoshda hayvonlar va ularning fe’l-atvori haqida hikoya qilib berish zarur. Shunda bola akvariumga hamma narsani tashlash mumkin emasligi, mushukning dumidan tortsa, uning joni ozor chekishini tushunadi.
5-9 yoshga kelib bolaga jonzotlarni ishonib topshirsa bo‘ladi. Lekin ota-onalar farzandining hayvonlarni parvarishlash, ovqatlantirish va cho‘miltirish paytidagi kamchiliklarini to‘ldirib borishlari lozim. 9 yoshga kelib, bola jonivorlarni o‘yinchoq emasligi, ularga mehribon munosabatda bo‘lish lozimligini tushunadi.
Bola fe’l-atvori (temperamenti)ga qarab hayvon tanlaymiz
Hayvon tanlayotganda bolaning temperamentini ham hisobga oling.
Xolerik. Bu kabi giperfaol (o‘ta faol) bolalarga it boqish tavsiya etiladi. Ular o‘zlari orzu qilgan jonivorni maza qilib sayr qildirishlari va bu orqali bir olam zavq olishlari mumkin.
Flegmatik. Bosiq va tinch bolajonlar to‘ti boqqanlari ma’qul. Kichik flegmatiklar uchun it va mushuk ham sevimli jonivor bo‘lishi mumkin.
Melonxolik. O‘ziga xos tushkun kayfiyatda yuruvchi bolajonlarga mushuk yoxud baliq boqish tavsiya etiladi. Chunki, mazkur jonzotlar uning asab faoliyatini tinchlantirish xususiyatiga ega.
Sangvinik. Quvnoq bolalar har qanday hayvon bilan muloqotda bo‘la olishadi.
Xurshida HUSENOVA