Xalq qabulxonalari – inson manfaatlari yo‘lida xizmat qilmoqda
Joriy yil Prezidentimiz tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingach, mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlashning yangicha tizimiga o‘tish bo‘yicha ko‘plab ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi ishi to‘g‘risidagi ko‘plab ijobiy fikrlarni e’tiborga olib, barcha darajadagi davlat organlari faoliyatida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilni amalda qaror toptirish ko‘zda tutildi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda (tumanga bo‘ysunuvchi shaharlardan tashqari) Xalq qabulxonalari tuzildi.
Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonaning asosiy vazifalari belgilandi:
– aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga qaratilgan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi va samarali tizimi faoliyatini ta’minlash;
– fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oliy Majlisga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga, Hukumatga, davlat boshqaruvi organlariga, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, boshqa davlat tashkilotlariga va xo‘jalik boshqaruvi organlariga murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining so‘zsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish;
Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonaga kelib tushgan murojaatlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qat’iy amal qilgan holda, to‘liq, xolis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini tashkil etish kabi bir qancha vazifalar yuklatilgan.
– Bankimiz qoshida “Xalq qabulxonasi” ochilgan bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlari kelib murojaat qilish imkoniyati yaratilgan, – deydi, “Davrbank” xususiy aksiyadorlik tijorat banki mutaxassisi Kamola Yunusova. – Murojaatlar yuzasidan amaliyot boshqarmasida fuqarolarni qabul qilish xonasi va ularni kutish joyi tashkil qilingan. Yozma va og‘zaki murojaatlarni tezkor hal qilish va ijrosini ta’minlashni muvofiqlashtirish maqsadida ishchi guruh tashkil etilgan. Quvonarlisi, hozirgacha bir qancha fuqarolarimiz qabulxonamizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, o‘zlarini qiynayotgan muammolarga yechim topmoqda.
– O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, hamyurtlarimizning sohaga oid taklif, mulohaza va arizalarini zudlik bilan ko‘rib chiqish, qolaversa, tizimda olib borilayotgan islohotlar borasida jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida 2016 yilning 28 noyabr kuni Xalq ta’limi vazirining virtual qabulxonasi (www.uzedu.uz) ishga tushirildi. Bundan tashqari fuqarolarimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbariyat qabuliga kirib, qisqa muddat ichida o‘z savollariga javob olish imkoniga ega bo‘lmoqda, – deydi vazirlik Axborot xizmati rahbari Bahriddin Shayvaliyev. – 2016 yil mobaynida Xalq ta’limi vazirligiga fuqarolardan jami 4 ming 957 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Shulardan 401 ta og‘zaki, 2 ming 66 ta yozma, 2 ming 297 ta ishonch telefoni orqali qo‘ng‘iroqlar, 111 ta vazirning virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlar hisoblanadi.
Ushbu murojaatlar atroflicha o‘rganib chiqilib, 3 ming 55 tasida murojaat egasiga tushuntirish berildi, 1 ming 157 tasida muallif qanoatlantirildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, murojaatlarning aksariyat qismi tadbirkorlikni rivojlanishiga xalaqit berayotgan to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, ishga joylashish, sog‘liqni saqlash, bank kreditlaridan erkin foydalanish, uy-joykommunal va yo‘l-transport xizmatlari sifatini yaxshilash masalalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining faoliyati yuzasidan kelib tushmoqda. Ushbu muammolarni bartaraf etish yo‘lida fuqarolar qabulxonasi samarali natijalarga erishadi, degan umiddamiz.
Charos XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri