Kitob o‘qiyotgan bola quyoshdan quvvat olayotgan niholdir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi adabiyot ahli, noshirlar va kitobsevarlarning ayni dilidagi ezgu niyatlari ifodasi bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibasi, taniqli bolalar shoiri Kavsar TURDIYEVA bilan ushbu huquqiy hujjatning yoshlarimiz qalbida kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishdagi tutgan o‘rni xususida suhbatlashdik.

– Kavsarxon, keling dastlab ushbu tarixiy farmoyishning mazmun-mohiyati haqida qisqacha suhbatlashsak…

– Muhabbat opa, bizning yoshlik davrimizda kitob chop etish qiyin bo‘lsa-da, ammo ijodkorlik mas’uliyati nihoyatda katta edi. Menga ushbu huquqiy hujjatda kitobga bo‘lgan e’tibor keng ko‘lamda qamrab olingani, jumladan, uning yaratilishi, o‘quvchilarga yetib borishi, kitobxonlik madaniyati, kitob targ‘ibotiga tizimli yondashuv talabi juda manzur bo‘ldi. Ayniqsa, kitobga mehrni ta’lim muassasalari orqali amalga oshirish, o‘quv adabiyotlarini sifatli badiiy asarlar bilan boyitish, maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari o‘qish uchun o‘zbek va chet el adiblarining mumtoz va zamonaviy asarlarini tanlab, xrestomatiya adabiyotlari ro‘yxatlarini qayta ko‘rib chiqish haqidagi fikrlar juda o‘rinli, deb o‘ylayman.

– Bugun yurtimizda kitob nashriga juda katta e’tibor qaratilyapti. Biroq bu asarlarning barchasi ham badiiy, ma’rifiy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga hizmat qiladi, deb bo‘lmaydi. Demak, endi faqat son emas, sifatga ham katta e’tibor qaratiladi. Bu esa mazmunan sayoz turli xil asarlarning “bolalab ketishi”, kitobxon didi o‘tmaslashining oldini olishi, shubhasiz.

– Esimda, 1-sinfligimda onamning dugonalari Soraxon opa qizlarining bolalar kutubxonasini menga sovg‘a qilgan edi. O‘shanda kitoblarga mahliyo bo‘lganim, ularni yoyib tomosha qilganim aslo yodimdan chiqmaydi. Ana shu kitoblar ham mening bolalar shoirasi bo‘lib shakllanishimda bir zinapoya vazifasini o‘tagan, desam bo‘ladi.

– Afsuski, bir muddat kitob odamlar nazaridan chetda qoldi. Tug‘ilgan kunlar va bayramlarda kitob sovg‘a qilishga uyaladigan bo‘lishdi. Ehtimol bunga kitoblarimizning dizayni nochorligi ham sabab bo‘lgandir. Ming shukr bugungi kunda mamlakatimizda ko‘zni quvontiradigan, ham o‘qishli, ham ko‘rimli kitoblar nashr etilmoqdaki, savdo peshtaxtasiga nigohi tushgan xaridor uni albatta bolasiga sovg‘a qilgisi keladi.

Yana o‘qing:  YOSHLAR KAMOLOTI – YURT SAODATI

– Nazarimda, olalar uchun mo‘ljallangan kitoblar reklamasi kitob mualliflari – shoir va yozuvchilari bilan birgalikda amalga oshirilishi maqsadga muvofiq. Shunda yozuvchi shaxsini tanigan yoki kitobxonlarda uning asarlariga bo‘lgan qiziqish yanada ortadi. Afsus bilan tan olish kerakki, yurtimizda badiiy kitob chiqarish yoshlarimiz orasida urfga kirdi, deyish mumkin. Bunga farzandlarini badiiy ijod yo‘nalishidagi tanlovlarda faxrli o‘rin olishi uchun sayoz ijod namunalarini muharrirlarga qayta yozish darajasida tahrir qildirib, chop etayotgan ota-onalar, shuhratga erishish uchun chalakam-chatti asarlarni chop etayotgan “ijodkorlar” ham sababchi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kattalar adabiyotida bu holga ma’lum darajada ko‘z yumish mumkindir, lekin bolalar adabiyotida bunga sira yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

– Ammo bunday “asar” maktab darsligida bo‘lsa-chi?

– Bu endi undan-da ayanchli hol. Qani bir daqiqaga qiynalib yodlaydigan, misralari og‘ir talaffuz qilinadigan, bolalar hayoti, tasavvuridan uzoq badiiy nochor asarni majburan yodlayotgan bolani ko‘z oldingizga keltiring. “Bolalar ijodkorlari haqiqiy sehrgar bo‘lishi kerak” degan gap nihoyatda haqqoniydir. Ular har bir badiiy asarni mo‘jizaday qabul qilishadi. Faqat bolalar ijodkorlarining qo‘lidagi sehrli tayoq oddiy tayoqqa aylanib qolmasligi kerak. So‘nggi yillarda kitobga, matbaachilikka bo‘lgan e’tibor nisbatan kuchaydi. Ammo yuqorida aytganimday, tizimli yondashuv amalga oshmagan edi.

– Bugun yoshlarimiz xorij tillarini o‘rganishmoqda. Ingliz, koreys, yapon, ispan kabi o‘nlab millat yozuvchilari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishyapti. Men ulardagi jasoratni hurmat qilaman. Biroq yosh tarjimonlarimiz biroz shoshilishmayaptimikan?! Nega desangiz, jahon adabiyotining durdona asarlarini tarjima qilish uchun o‘sha yozuvchi uslubini tushunish, o‘zbek tilining jozibasi, so‘z ranglari, ma’nosini yaxshi anglash kerak, nazarimda. Buni bejiz aytmadim. Biz Sergey Yesenin asarlarini Erkin Vohidov, Anna Axmatova, Marina Svetayevaning betakror she’rlarini Zulfiya tarjimasida sevib o‘qiganmiz. Ular iste’dodiga, shu bilan birga tarjimonlik mahoratiga qoyil qolganmiz…

– Albatta, badiiy tarjima masalasi ham alohida e’tiborga loyiq. Va yana bolalar adabiyotiga, xususan, she’riyatiga qaytaman. Bu sohada ikki karra iste’dod talab qilinadi. Yoshligimda S. Marshakning “Ahmoq sichqoncha” ertagi tarjimasini onam rahmatli aytib berardilar. Ertakda ahmoq sichqonchaga onasi alla aytadi. Ammo unga bu alla yoqmaydi va u “Bo‘ldi yoqmadi sozing, piy-piy ekan ovozing” deydi. Ona sho‘rlik birin-ketin boshqa hayvonlarni bolasiga alla aytish uchun chaqiradi. Ammo ularning allasidan ham axmoq sichqoncha norozi bo‘ladi va har bir jonivorga xuddi shu javobni beradi: bo‘ldi yoqmadi sozing, mo‘-mo‘ ekan ovozing (sigirga), xr-xr ekan ovozning (cho‘chqaga), vaq-vaq ekan ovozing (baqaga) va hokazo. Ana shu cho‘pchak oilamizda bir necha avlod bolajonlari tilida eng sevimli ertak bo‘lib qolmoqda. Chunki eng kichik yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan asardagi barcha narsa bu yerda bor: qaytariqlar, taqlidiy so‘zlar, soddalik.

Yana o‘qing:  Navoiyda 395 nafar qariya bepul dori-darmon bilan ta’minlandi

Ana shu o‘rinda aynan juda kichik yoshdagi va birinchi sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan qisqa she’rlar, hikoyalarni kitobxonlar orziqib kutishmoqda.

Yana tarjimaga qaytsak. Keyinchalik Marshakdagi bu ertakning rus tilidagi varianti menga unchalik manzur bo‘lmagan. Yaxshi va zo‘r tarjimalar aynan shunday badiiy yuksak saviyada bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Buning uchun tarjima qilayotgan asarni his qilish, ritmi, ohangi, dinamikasi, ruhiyatini o‘z tilingizda qayta yaratishingiz kerak. Bu jarayon ham mashaqqatli, ham nihoyatda zavqlidir.

– Bundan ikki yil avval Qibray tumanidagi mahallalardan birida adiba Tursunoy Sodiqova bilan uchrashuv bo‘ldi. Opa bilan mazza qilib suhbatlashgan mahalladagilar uning kitoblarini katta qiziqish bilan sotib olishdi. Shunda yana bir bor amin bo‘ldimki, xalqimiz, ayniqsa, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishda el sevgan ijodkorlar bilan tez-tez ijodiy uchrashuvlar o‘tkazish yaxshi samara berar ekan…

– Albatta. Xalqimiz yozuvchi-shoirlarni, san’atkorlarni juda qattiq hurmat qiladi. Ijod ahli bilan yuzma-yuz suhbatlashish, ular uchun ayni muddao. Shunday ekan bundan kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi, marketing xodimlari unumli foydalanishlari kerak. Ishonchim komil yozuvchining dastxati tushirilgan kitobni esdalik olish hech kimga malol kelmaydi.

Ko‘pincha viloyatlardagi tanlovlarda hay’at a’zosi sifatida qatnashganimda deyarli barcha o‘qituvchilar siz bilan uchrashuv o‘tkazsak, bolalarimiz xursand bo‘lishardi, deyishadi.

 

Fikrimcha, maktablarda ham ana shunday uchrashuvlarni muntazam tashkil etish zarur. Buning uchun shoir-yozuvchilarning tavallud ayyomlari eng yaxshi imkoniyat.

 

Mana bu yil Anvar Obidjon yubileyini respublika miqyosida nishonlash – barcha kitobsevarlar uchun sevimli shoiri bilan uchrashish imkoniyatini yaratadi.

– Yaqinda mahalla oqsoqoliga hududingizda joy bor, shu yerda bir kutubxona qursak, menda salkam mingta kitob bor, sovg‘a qilaman. Yana saxovatli kishilar yordamida markaz fondini kitob bilan boyitamiz, degan taklif bilan chiqdim. Oqsoqoldan esa hozir kitoblarning elektron variantlari telefonda ham, internetda ham bor. Istagan odam o‘sha yerdan o‘qib olaveradi, degan javobni eshitdim. Men bu fikrni unchalik ham to‘g‘ri, deya olmayman. Birinchidan, hammada ham qimmatbaho telefon yoki kompyuter bo‘lavermaydi. Ikkinchidan, kitob bu mo‘jiza. Uning o‘z ohanrabosi bor. Uning har sahifasini varaqlaganingda taningda huzur sezasan, ko‘zlaring satrlar ustida yugurar ekan, qalbingda ajib hayajon, titroq turadi. Shunday emasmi?

Yana o‘qing:  Kichkintoy ruhiyati va unda “katta”larning tutgan o‘rni

 

– Fikringizga to‘liq qo‘shilaman. Kitob o‘rnini hech qanday kompyuter bosa olmaydi. Kitob o‘qish zavqi o‘zgacha. Eng avvalo shuni aytish kerakki, kompyuter va telefonga uzoq tikilib o‘tirish bolalar sog‘lig‘i uchun ham zarar. Qolaversa, kitobni o‘qib, tugatgandan so‘ng xuddi jonli inson bilan muloqot qilganday mulohaza qila boshlaysan. Noutbuk, telefon esa elektr manbai, batareyalar va boshqalar bilan bog‘liq. Kitobni esa yo‘lda ham cho‘lda ham o‘qish mumkin. Bu kitobning insonga sadoqati. Shuning uchun inson ham o‘zining beminnat do‘stiga sodiq qolishi kerak.

– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

 

Muhabbat HAMIDOVA

Suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: