Bir maqsad yo‘lida o‘zaro totuvlikda

Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etildi. Ushbu tashkilot yigirma besh yildirki xalqlar do‘stligini ulug‘lab, yurtimiz fuqarolarining birdamligiga, ahilligiga, Vatanimiz tinchligi va taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Ayni kunlarda mamlakatimizda Markaz tashkil etilganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining katta majlislar zalida “O‘zbekiston mustaqilligi – millatlararo munosabatlar rivojida yangi davr” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida mamlakatimizda yashab ijod qilayotgan turli millat vakillarining tasviriy, foto va xalq amaliy san’ati asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, bu yerda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” do‘stlik festivali sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Respublika baynalmilal madaniyat markazi faollari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasida mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillarining 18 nafari davlatimizning yuksak mukofoti – “O‘zbekiston qahramoni” unvoniga ega ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, markaz faollarining bir guruhiga nufuzli davlat mukofotlari – unvonlar, orden va medallar topshirildi.

“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi va mamlakatimizdagi milliy madaniyat markazlari qoshidagi badiiy jamoalar hamda xalqimiz ardog‘idagi san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

 

Darhaqiqat, yurtimizda turli millat va elat vakillari do‘stona umrguzaronlik qiladi. Dini, milliy qadriyatlariga yuksak hurmat bilan o‘zaro ahillikda yashaydi. Har bir millatning madaniyati, san’ati, turmush tarzida o‘ziga xoslik mujassam va albatta barchasi umuminsoniy qadriyatlar, ezgulik va mehr-oqibatni tarannum etadi.

 

Bugun yurtimizning barcha jabhalarida turli millat va elatlar vakillari hamjihatlikda, bir maqsad – obod va farovon turmush bunyod etish, Vatan taraqqiyoti, mamlakat mustaqilligini mustahkamlash yo‘lida yelkama-elka mehnat qilayotir. Bu esa millatlararo totuvlik, o‘zaro tenghuquqlilikning yuksak namunasidir. Ana shunday fidoyi insonlardan biri O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan shifokor Svetlana Soy xalq bilan muloqotni afzal biladigan va inson manfaatlarini oliy qadriyat deb hisoblaydigan zahmatkash, fidoyi kishilardan. Uning el dardi, xalq salomatligi yo‘lidagi kamarbasta xizmatlari yurtimiz odamlarining beg‘araz duosi Svetlana Soyni O‘zbekistonning ardoqli farzandiga aylantirdi. Oddiy shifokorlikdan faoliyatini boshlagan yurtdoshimiz Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining boshlig‘i darajasiga ko‘tarildi.

Yana o‘qing:  O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida

– Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yetakchilik qilgan yillarimda xalqimizning bag‘rikengligini, do‘stona samimiyatni qadrlashini yanada yaqindan his etdim. Men ona Vatanimiz bilan ahil yashayotgan ko‘p millatli xalqimiz bilan faxrlanaman, – deydi u.

Uning o‘zbek tilida ravon so‘zlayotgani – yurtga mehri, shu xalqqa yuksak muhabbatidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakatimizdagi kabi Xorazm viloyatida ham ko‘pgina millatlar ahil yashaydi. Mahalliy xalq bilan to‘y-yu ta’ziyasi bir. Rus tiliga ixtisoslashgan maktabda tahsil olgan Svetlana Soyni faqat zohiriy ko‘rinishi va familiyasidangina boshqa millatga mansubligini sezish mumkin. U mahalla-ko‘yning quvonchu tashvishlariga ham hamisha sherik. O‘rni kelsa, ezgu ishlarga doimo bosh-qosh.

– Mahalla deganda o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari, eshigi hamisha ochiq xonadonlari, ezgulik, shuningdek, insonlar qalbidagi mehr-oqibat uyg‘unligi ko‘z oldimizga keladi. Mahallalarimiz tajribasini butun jahon o‘rgansa arziydi. Undagi insoniylikka, bir-birovning dardini, tashvishlarini his etish fazilatlariga e’tibor bering: to‘y egasi marosimni boshlashdan oldin birinchi kimlarni yo‘qlaydi? Avvalo qo‘sha qarigan, farishtali qariyalarning huzuriga borib, oq fotiha oladi. So‘ngra yotgan kasallarni yo‘qlaydi. Mahallada azador bo‘lsa, kirib ko‘ngil so‘rab, to‘yga rozilik oladi. Olijanoblik oddiy tuyg‘ulardan boshlanadi. Mehr-muhabbat, e’tibor kimni quvontirmaydi?! Bu qadriyatlar respublikamizning har bir mahalla va qishlog‘ida mavjud. Men ana shunday o‘zbek mahallasida ulg‘aydim. Bundan xursandman. Mahalla kuchli muloqot vositasi, muloqot bo‘lsa, inson bir-birini tushinib boradi va mehr qo‘yadi, – deydi Svetlana Soy.

Xorazm viloyatining uzoq Gurlan tumanida Guliston qishlog‘i bor. Bu yerlik o‘zbek ayollari koreyscha salat tayyorlashni juda yaxshi bilishadi. Maktabini so‘rasangiz, qishlog‘imizda koreys oilalari ko‘p, biz bir-birimizdan ko‘p narsani o‘rganamiz, deb javob berishadi. Bu yerda turkman nusxa gulli paypoqlar to‘qishni ham xush ko‘rishadi. O‘zbek xonadonlari beshbarmoq pishirishni ham qoyillatadi. Chunki, bu qishloqda o‘zbek, turkman, qozoq, koreys millatiga mansub kishilar bir-birining milliy qadriyatlarini ulug‘lab yashaydi. O‘zbek muallimalari koreys bolalariga darsdan bo‘sh vaqtlarida matematikadan saboq berishsa, koreys millatiga mansub muallimalar koreys va rus tilini o‘rgatishadi. Urganch tumanidagi Chandirqiyot qishlog‘ida turkman maktabi bor. U yerda saboq olgan bolalar yillar o‘tib o‘zbek maktabida dars berayapti. O‘zbek tilida saboq olib, turkman tilida dars berayotgan muallimlar ham bor. Urganch tumanining Cholish qishlog‘ida esa 2ta qozoq maktabi mavjud. Bu yerda ham xuddi shu manzarani kuzatish mumkin. Chunki, ular yonma-yon yashab bir-birining tilini, turmush tarzini o‘rgangan.

Yana o‘qing:  Kitob o‘qiyotgan bola quyoshdan quvvat olayotgan niholdir

Yurtga, elga fidokorona xizmat qilayotganlarni, millatlararo do‘stlikka munosib hissa qo‘shayotganlarni hukumatimiz ham qadrlamoqda. Masalan, Svetlana Soy “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan vrach” unvoniga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Koreys milliy madaniyati markazining yana bir vakilasi, Xiva “Mehribonlik uyi” direktori Vera Pak “O‘zbekiston qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. U Oliy Majlis Senati a’zosi bo‘lib faoliyat ham olib bordi. Vera Pak ham xalqimizning urf-odatlarini, qadriyatlarini, tilini yaxshi biladi. Bu ham o‘zaro ahillik timsollaridan biridir.

– Kelajak avlodning jismonan sog‘lom, ruhan tetik, aqlan yetuk bo‘lib voyaga yetishida davlatimiz g‘amxo‘rligini Xiva “Mehribonlik uyi” timsolida ko‘rishingiz mumkin. O‘tgan yili yangi binoga ko‘chib o‘tdik. Hozir bu yerda oila sharoitida turli millat vakillarining bolalari do‘stona yashamoqdalar.

Dunyoda davlatlar va xalqlar o‘rtasida turli nizolar kechayotgan bugungi murakkab vaziyatda, yurtimizda tinchlik, osoyishtalik hukmronligi, bu zaminda sog‘lom avlodni voyaga yetkazish borasida ulkan ishlar olib borilayotganligi, onalar va bolalarimiz hayoti va turmushi, ularning kamoloti – davlatimiz siyosatida bosh vazifa maqomini olganligi uchun shukrona keltirishimiz, bu yo‘lda yanada sobit xizmat qilishimiz joiz, – deydi Vera Pak.

Mazkur yilni mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yili deb e’lon qildi. Buning zamirida ham bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, hamjihatlik va samimiy munosabatlar o‘z ifodasini topgandir. Zero, inson millati va dinidan qat’iy nazar hayot ne’matidan bahramand bo‘lishga, manfaatlari ta’minlanishiga, mamlakatda yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan to‘laligicha foydalanishga haqlidir.

 

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: