Qadriyatlar beshigisan, aziz mahallam!
Bugungi globallashuv davrida yoshlarni turli yot g‘oya va illatlardan asrash, navqiron avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda mahallaning o‘rni va ahamiyati beqiyos.
Joylarda tashkil etilayotgan tanlovlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va davra suhbatlarining mahalla mohiyatini yoshlar ongiga yanada chuqur singdirishda ahamiyati katta.
O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan “Qadriyatlar beshigisan, aziz mahallam!” shiori ostida tashkil etilgan “Mahalla – mening taqdirimda” ko‘rik-tanlovi ham shular jumlasidandir.
Tanlovning quyi bosqichlarida yuqori natija qayd etgan 18 jamoa viloyat bosqichida mahalla hayoti, milliy qadriyatlar, “mahalla – ta’lim muassasasi – oila” hamkorligi kabi mavzularni o‘zida mujassam etgan 3 shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
Chinoz tumanidagi “Kattatepalik” mahalla fuqarolar yig‘inining “Ibrat” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘ringa Bekobod tumanidagi “Qoraqo‘yli” mahalla fuqarolar yig‘inining “Barkamol avlod”, uchinchi o‘ringa Pskent tumanidagi “Fayziobod” mahalla fuqarolar yig‘inining “Mahalla yoshlari” jamoalari sazovor bo‘ldi.
Tanlovda faol ishtirok etgan jamoalar qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirildi.