Qars ikki qo‘ldan…

dori vositalari va tibbiyot buyumlarining arzonlashishi barchamizga bog‘liq

Bemor bo‘lmaslikdan hech kim kafolatlanmagan. Biroq odamlar peshona teri bilan topgan puliga qimmat narxda dori-darmon sotib olishga majbur bo‘lsa, bir dorini turli dorixonada har xil narxda ko‘rib, arzonrog‘ini izlab sarson-sargardon yursa, bu borada ijtimoiy adolat ta’minlanmaganidan norozilik paydo bo‘lmaydimi? 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bu boradagi muammolarni kun tartibiga qo‘yarkan, uning hayotiy yechimlarini ham belgilab berayotgani, avvalo, sohada aniq ishlaydigan tizimni yaratishga, bu borada ijtimoiy adolatni qaror toptirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega.

“Bu qarzni uzish vaqti keldi”

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 16 sentyabrdagi qarori bilan 2016-2020 yillarda mamlakatimiz farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Unga muvofiq yangi farmatsevtika korxonalarini tashkil etish va faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni modernizatsiya qilishga doir 67 investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu aholi va tibbiyot muassasalarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan import o‘rnini bosadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni 2,5 barobar oshirish imkonini beradi.

Shavkat Mirziyoev 2016 yil 19 oktyabrda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining s’yezdida “arzon va ishonchli dori-darmon bilan ta’minlash masalasida bugun biz aholimizdan qarzdormiz va, o‘ylaymanki, bu qarzni uzish vaqti keldi. Ayni paytda biz tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga qimmat dorilarni asossiz ravishda tayinlashga, dorixona tarmoqlarida narx-navoning besabab oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan eng qat’iy choralarni ko‘ramiz”, deb ta’kidladi.

Ko‘p o‘tmay – 2016 yil 31 oktyabrda davlatimiz rahbarining “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq 2017 yil 1 yanvardan mahalliy va import dori vositalari va tibbiyot buyumlari sotuvida, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda chegaralangan savdo ustamalari belgilangan.

Prezidentimizning 2016 yil 20 dekabrdagi qarori bilan bu borada 343 dori-darmon vositasi va tibbiyot buyumining ro‘yxati shakllantirildi, ularning 227 nom va turdagisi import qilinadi. Mamlakatimizdagi davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni nazorat qilish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika komissiyasi ularning chegaralangan narxlarini tasdiqladi. Shu yil 1 yanvardan mamlakatimizdagi barcha dorixonada mahalliy dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining chegaralangan chakana narxlardagi sotuvi yo‘lga qo‘yildi.

Yana o‘qing:  HAR QATIDA GO‘ZALLIK MUJASSAM

O‘rtacha narx 44 foizgacha arzonlashdi

Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lum qilishlaricha, bugun xalqimizga qariyb 5,5 ming dorixona va ularning ikki mingdan ziyod filiali xizmat ko‘rsatmoqda. Respublika komissiyasi tasdiqlagan ro‘yxatdagi chegaralangan narxlar bilan mahalliy dori vositalari va tibbiyot buyumlarining o‘rtacha narxi 8 foizdan 44 foizgacha arzonlashdi. Deylik, chakana savdoda “Levokarnitin” preparati (50 ml) 2016 yilda o‘rtacha 92 ming so‘mdan sotilgan, endi 89,7 ming so‘mdan oshmaydi yoki “Galantamin” preparati (1 ml) oldin o‘rtacha 52 ming so‘mdan sotilgan, bugun uning chakana narxi 48,3 ming so‘mgacha…

Toshkent shahridagi qator dorixonalarda vaziyatni o‘rganib, Prezidentimizning 2016 yil 31 oktyabrdagi qarori ijrosini ta’minlashga kirishilganiga guvoh bo‘ldik. Aksariyat dorixonalarda barcha dorixona uchun majburiy bo‘lgan eng zarur dori vositalari va tibbiyot buyumlari, retseptsiz beriladigan dori vositalari, Respublika komissiyasi tasdiqlagan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining chegaralangan narxlari ro‘yxatlari, 2016-2017 yillar uchun farmatsevtika vositalarining qiyosiy jadvali ilib qo‘yilgan. Biroq ayrim dorixonalarda bu ro‘yxatlar bus-butunligicha oynali ramkaga solib qo‘yilgan. Bu aholi uchun muayyan noqulaylik tug‘diradi. 

Kuchli jamoatchilik nazoratiga ehtiyoj

Shu kunlarda ko‘pchilikni bir savol qiziqtirmoqda: endi dorixonalarda narx bir xil bo‘ladimi?

– Avvalo, bir jihatni yaxshi anglab olish kerak: bugun bozor iqtisodiyoti – bir dorixona binosi xususiy mulk, yana kimdir binoni ijaraga olgan, transport xarajatlari har xil, shu bois ular chakana narxlarni shu omillardan kelib chiqib belgilaydi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi dori vositalari va tibbiy buyumlar sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Habibullo Jalilov. – Lekin bunda dori vositalari va tibbiyot buyumlari chegaralangan narxlardan oshmasligi shart. Agar qaysidir yuridik shaxs dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibini buzsa, ularga qat’iy jazo qo‘llaniladi, hatto litsenziyasini bekor qilish ham ko‘zda tutilgan…

Mutaxassislarning aytishicha, dorixonalar o‘rtasida raqobat kuchaysa, narxlar pastlayveradi: kimdir kecha 19 foiz chegaralangan savdo ustamasi qo‘ygan bo‘lsa, endi uni 15 foizga tushiradi va hokazo. Biroq yana bir masala ko‘ndalang turibdi – raqobat kam joyda, deylik, qishloqdagi yagona dorixonada 20 foizgacha chegaralangan savdo ustamasi qo‘yish huquqi saqlanib qolaveradi.

Yana o‘qing:  Ijtimoiy q(t)armoqlardagi “do‘st”larning salmog‘i haqida

Bugun “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida 232 dorixona, 1 ming 184 dorixona filiali bor, mingdan ortiq dorixona filiali qishloqlarda, jumladan, ularning 758 tasi qishloq vrachlik punktlarida tashkil etilgan, 114 “sayyor dorixona” mavjud, ijtimoiy dorixonalar ko‘paymoqda. Lekin ular barcha hududni qamrab olmagan. Shu bois qishloqlarda dori savdosida kuchli raqobat muhitini yaratish dolzarb masala bo‘lib turibdi.

Bu borada bugun aholini qiziqtirayotgan yana bir muhim masala, shubhasiz, import dorilar narxining tartibga solinishi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev shu yil 14 yanvarda Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida ta’kidlaganidek, “bu sohada qimmat dorilarning 45 foizini import dorilar, buning ustiga, narxi haddan tashqari oshirib yuborilgan dorilar tashkil etadi”.

Respublika komissiyasi 227 nom-turdagi import dori vositalari va tibbiyot buyumlariga chegaralangan kontrakt narxlarni tasdiqlagan. Endi tenderda g‘olib chiqqan kompaniyalar ularni chegaralangan kontrakt narxlarda import qiladi, so‘ng ro‘yxatdagi farmatsevtika preparatlari milliy valyutamizda belgilanadigan chegaralangan ulgurji va chakana narxlarda sotuvga chiqariladi. Natijada bu borada ham narxlar hozirgisiga nisbatan ancha arzonlashadi… 

Vrach zarur dorini yozib berishi kerak

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil 5 yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasining bir guruh yetakchi mutaxassislari bilan uchrashuvida bu masalaga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Abduhakim Hojiboyev tibbiyot xodimlarining “keragidan ortiqcha dorini bemorga yozib berishi tibbiyotning hamma tizimida bor, qishloq vrachlik punktlarida ham, tuman-shahar poliklinikalarida ham, hatto shifoxonalarda ham bor. Buni bartaraf qilishning yo‘li bitta: hamma bo‘g‘inda har bir kasallik bo‘yicha aniq klinik standartlarni tatbiq qilish kerak. Chunki bitta diagnoz bilan qaysi hududda va bo‘g‘inda bo‘lmasin, vrach zarur dorini yozib berishi kerak”, deb ta’kidladi.

Bu masalaga ko‘pchiligimiz duch kelganmiz: muayyan kasallik bilan ikki shifokorga borsangiz, ikkovi ikki xil dorini yozib beradi. 

– Ikki-uch yil avval qizimning tomog‘idagi bodomchasimon bezlari yallig‘landi, ya’ni tonzillitga chalindi. Bir qancha shifokorlarga olib bordim, ular quloch-quloch antibiotiklar yozib beraverdi, qizim bir tuzalib, tag‘in kasal bo‘laverdi, – deydi poytaxtlik G‘aybulla Eshboboyev. – Shifokorga borishdan bezib qoldik, bir kuni poliklinikamizdagi oila shifokori qizimni tekshirgach, tanbeh berib, “bu kasallik har kuz-bahorda qaytalanadi, antibiotiklarga ruju qo‘yib qizingizning o‘zi shundoq ham susaygan immun tizimini butunlay ojiz ahvolga solibsizlar-ku. Chunki antibiotiklar kasallik virusi bilan birga, foydali ichak mikrofloralarini ham nobud qiladi, oqibatda, odamda kasallikka qarshi kurashish susayadi”, dedi. So‘ng u qizimni nazoratga olib, kerakli dorilar vositasida, shuningdek, rejim bilan oddiy namakobga g‘arg‘ara qildirib, mevalar sharbati va turli vitaminlar yordamida tonzillitni davoladi. Shundan buyon dori sotib olishdan oldin uning yo‘riqnomasini sinchiklab o‘qiydigan bo‘ldim. 

Yana o‘qing:  ISTE’DOD QUTLUG‘ IN’OM

Ha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tibbiyot mutaxassislari bilan uchrashuvda “xalqimizning tibbiy madaniyatini yuksaltirish, bu borada mentalitetni o‘zgartirish” haqida bejiz kuyunib gapirmadi. Bu – dori xarid qilish madaniyatiga ham daxldor masala.

O‘nlab dorixonalarda xaridorlarni kuzatdik. Dorining sertifikati yoki uning yo‘riqnomasi bilan qiziqqanlarni, afsuski, kam uchratdik. Ba’zilar hatto to‘lov chekini ham olmay chiqib ketmoqda. Jamoatchilik nazorati sust bo‘lsa, dorilar narxidagi tafovut kamayarmidi? Axir, qars ikki qo‘ldan emasmi?!.

Qisqacha aytganda, mamlakatimizda aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash borasidagi ishlar qat’iy tartibga solinmoqda. Bu tez orada hal bo‘lib qoladigan, oson bitadigan ish emas, albatta. Mazkur sohadagi islohotlarning hayotimizga tezroq singishi va real foyda berishi uchun barchamiz birday harakat qilishimiz kerak. Zotan, “sen – menga tegma, men – senga tegmayman”, degan kayfiyat bilan ishlashning, yashashning vaqti o‘tdi. Mavjud ahvolni, vaziyatni o‘zimiz, o‘z aql-zakovatimiz, mehnatimiz bilan o‘zgartirmasak, hech kim chetdan kelib bu ishni biz uchun qilib bermaydi.

 

Umid YOQUBOV,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: