Suzish salomatlikni mustahkamlaydi

Kunlar sovishi bilan ota-onalar farzandlarining tez-tez gripp va O‘RVI (O‘tkir respirator virusli infeksiyalar) bilan og‘rishidan xavotirga tushadi. Dori-darmonlar bilan olib boriladigan davolash muolajalaridan so‘ng, bir oz vaqt o‘tgach, bolalar yana betob bo‘ladilar.

Maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnovchilar, boshlang‘ich maktab yoshidagilar esa, beixtiyor kasallik “tashuvchilari”ga aylanadi. Zamonaviy tibbiyotda qo‘shimcha tadbir sifatida chiniqtiruvchi mashg‘ulotlar qatoriga suv havzasida shug‘ullanish tavsiya etiladi. Shu bois, suzish bilan mashq qilishning tibbiyotdagi ko‘rsatmalariga qiziqdik.

Sport mashg‘ulotlariga bolaning qiziqishining ortishi ko‘p jihatdan murabbiyiga ham bog‘liq. Ba’zi bolakaylar suvga tushishga biroz cho‘chishadi. Ota-onasidan uzoqlashishni istashmaydi. Faol, harakatchan, qiziquvchan bolalar esa tezda mashg‘ulotlarga moslashib, suv havzasiga ishtiyoq bilan kelishadi. Xo‘sh, mazkur sport turiga farzandlarini olib kelayotgan ota-onalar nimalarga ahamiyat qaratishlari lozim?

 

Savriniso HAKIMOVA,

pediatr:

– Suzish sporti o‘zining bir qancha ijobiy jihatlari bilan barchaga manzur. Bu sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar nafaqat chiniqadilar, balki tayanch-harakat, nafas olish, yurak-qon tomir tizimi faoliyati, modda alamashinuvi yaxshilanadi. Bolalar bahor va yoz oylarida sog‘lomlashtiruvchi guruhlarda mashq qilishni boshlaganlari, qishda ham shug‘ullanishni to‘xtatmaganlari ma’qul. Shu bilan birga suzishning ishtahani ochuvchi, asab tizimini tinchlantiruvchi xususiyatini ham aytib o‘tish mumkin. Nevropatologlar kichik yoshdagi bolalarda kuzatiladigan turli xil qo‘rquv holatlari, nevrozlarni davolashning qo‘shimcha tadbiri sifatida suzish mashg‘ulotlarini tavsiya etishadi. U bilan qanchalik erta shug‘ullansa, shunchalik foydali bo‘lib, bolaning qaddi-qomati tekis, qadam bosishi raso bo‘lib voyaga yetadi. Bo‘yi yaxshi o‘sadi. Guruhlarga bolalarni 6 yoshdan qabul qilishadi. Ammo o‘zim katta o‘g‘limni 3 yoshida suv havzasiga murabbiy bilan yakka tartibda shug‘ullanish uchun olib keldim. Yarim yildan beri mashq qilayotgan bolam hozirda mustaqil suzishni o‘rgangan.

Ammo har qanday muolaja yoki sog‘lomlashtiruvchi mashqlarning ham o‘ziga xos cheklovlari bo‘lishi, tabiiy. Yurakning tug‘ma yoki orttirilgan nuqsoni yoki harorati baland bo‘lgan bolalarga, buyrak-o‘pka yetishmovchiligi bilan xastalanganlarga, yuqumli kasalliklar bilan og‘riganlarga bu sport turi bilan mashq qilish tavsiya qilinmaydi. Surunkali kasalliklarning remissiya xuruj qilmagan davrida, bola mutlaqo sog‘lom bo‘lib, shifokor ko‘rigidan so‘ng sport mashg‘ulotlariga borishi tavsiya etilgandagina shug‘ullanishni boshlasa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yana o‘qing:  QARISHNI TEZLASHTIRADIGAN MAHSULOTLAR NOMI E’LON QILINDI

 

Oksana BORTNIKOVA,

murabbiy:

– Sog‘lomlashtiruvchi mashqlar odatda haftasiga uch marotaba bo‘lib o‘tadi. Havzadagi suv haroratining mo‘tadilligi qishin-yozin saqlanadi. Biz, murabbiylar, bolaning ko‘ziga qarab, uning holatini ilg‘aymiz: charchaganini yoki zerikkanini payqaymiz. Shuning uchun ilk mashg‘ulotlarini o‘yin tarzida olib boramiz. Bunda bolalar suvga tezda ko‘nikadilar va qiziqish bilan mashq qiladilar. Suzish bilan shug‘ullanayotganda muntazamlik muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shundagina salomatlikda ijobiy o‘zgarishlarni kuzatish mumkin. Eng asosiysi, har qanday sport turida bo‘lganidek, suzish bolani tartib-intizomga, sabr-toqatga, mehnatkashlikka o‘rgatadi.

 

Yulduz ORTIQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: