Umid nashidasi

Zamiraxon har galgidan barvaqtroq uyg‘onib, qaynonasi o‘tirgan xonaga kirdi-da, ertalabki nonushtani tayyorlashga kirishdi. Qishning so‘nggi kunlari bo‘lishiga qaramay, “ayamajuz” momo hali zahrini qo‘yay demaydi.

Issiq o‘rnidan qo‘zg‘almay kitob mutolaasiga tutingan buvisining dastyori, 13 yoshli Mumtozbonuga yuzlanib:

– Turaqol qizim, maktabga kech qolmagin tag‘in, – deya tashqariga chiqib, oshxona tomon yo‘l oldi. Ayol oila a’zolari uchun nonushtaga ul-bul tayyorladi-da, kenja qizlari va turmush o‘rtog‘ini uyg‘otgani hovli etagidagi uyga kirib ketdi.

Qishning sukunatga cho‘mgan tongi erinibgina otar, ahyon-ahyonda xo‘rozlarning qichqirig‘i quloqqa chalinib qolardi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, hovlida nimaningdir qattiq gumburlagani eshitildi. Kuchli zarbaning aks-sadosi har tomonga tarqalib, qishloq ahlini oyoqqa turg‘azdi. Vahima bilan hovliga chiqqan Zamira opa ne ko‘z bilan qarasaki, qarshisidagi qaynonasi va qizi Mumtozbonu yotgan xona o‘t ichida qolgandi. Olovning kuchidan osmonni zumda qora tutun qopladi.

O‘shanda bir dam elektr chirog‘ining o‘chib, yonishi tufayli xonada dimlanib qolgan tabiiy gaz o‘z kuchini ko‘rsatgandi. O‘tning zarb bilan tarqalishi xonaga kirish eshigini eritib yuborgan, ichkariga o‘tishga hech iloj qoldirmagandi. Qo‘shnilarning urinishi bilan uy egalari bir amallab buvi va nabiraning oldiga kirishga muvaffaq bo‘lishdi. Shahzoda buvi bilan Mumtozbonu xonada hushsiz yotardi…

Baxtsiz voqeadan so‘ng buvi olovning og‘ir jarohatlariga bardosh bera olmay, olamdan o‘tdi. Mumtozbonu esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi.

Vaqt oliy hakam, har dardning davosi bor deyishadi. Oradan yil o‘tib, barchasi unut bo‘lganday, go‘yo. Ammo mushtipar ona bo‘yi yetib qolgan navnihol qizalog‘ining chandiqli jismiga boqib ko‘z oldidan o‘sha mash’um kun gavdalanaverdi. Unut bo‘lmadi. Eng dahshatlisi, qizaloq ikki oyog‘i kuchli kuyish oqibatida butkul yurishdan qoldi.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining faoliyatidan boxabar bo‘lgan ota-onaning xavotiri bir muncha ariganday bo‘ldi. Yuragida umid chirog‘i yondi. Dilbandining ahvolidan fondning Andijon viloyat mintaqaviy filialini boxabar qilgan kundan boshlab, Zamira opa yana qizalog‘ini sog‘lom va ko‘rkam ko‘rishga ishtiyoqi kun sayin ortib bordi. Jahongir aka va Zamira opa ko‘p kutib qolishmadi. Ular 2014 yil boshlarida fondga murojaat etgach, yil o‘rtalariga kelib, Mumtozbonu germaniyalik mutaxassislar ko‘rigidan o‘tdi. Malakali shifokorlarning uzoq tekshiruv va tahlillaridan so‘ng unga chet elda davolanish uchun yo‘llanma berildi.

Yana o‘qing:  “Temur tuzuklari”: hikmatlar va haqiqatlar

Zamira opa farzandini xorijga bir yil muddatga jo‘natishini o‘ylab ko‘ngli buzildi. “Shu tobgacha qizim bilan ikki kundan uzoq vaqt ayro yashamaganmiz. Qanday chidayman, dadasi”, deya qilgan ko‘z yoshlariga turmush o‘rtog‘i Jahongir aka tasalli berib, to‘ng‘ich qizini sog‘ayib ketishi uchun chet elga kuzatishdi.

Mumtozbonu kuz oylarida Germaniyaga jo‘nab ketdi. Bir yil davomida besh marotaba jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan qizning ahvoli kun sayin yaxshilanib boraverdi. Dilbandining diydoriga intiq bo‘lgan ota-ona farzandining ahvolidan fond orqali boxabar bo‘lib turishdi. Oradan yil o‘tib, Zamira opa va Jahongir aka Mumtozbonuni kutib olgani aeroportga chiqishdi. Germaniyadan uchgan samolyot manzilga qo‘nganligi haqidagi xabar ota-onaning ko‘ngliga anglab bo‘lmas hayajon va qo‘rquvni solardi. Dilbandining diydoriga to‘yishdek ishtiyoq ularga sira tinchlik bermasdi. Yaqinlari qarshisiga davolanib qaytgan bolalar orasidan Zamira opa aravachada o‘tirgan qizalog‘ini izlardi. Biroq, Mumtozbonu ota-onasining qarshisiga aravachada emas, o‘z oyoqlari bilan yurib, peshvoz chiqdi…

– Hozirgi holatimni ko‘rib, meni bundan bir necha yil avval olov ichida qolgan deyish qiyin. Chunki, salomatligim to‘liq tiklangan. Buning uchun hukumatimizdan behad minnatdorman, – deydi Mumtozbonu Mashrabova.

Mumtozbonu hozirda 16 yoshni qarshilagan. Qizaloq xushro‘y bo‘lib kamol topdi. U akademik litseyning birinchi bosqich o‘quvchisi. Kelajakda mohir shifokor bo‘lish niyatida. Ehtimol bu orzu unga o‘z oyoqlari bilan yurishdek baxtni ato etgan shifokorlarning beminnat sa’y-harakatlarini ko‘rib, tug‘ilgandir. Ularga havas qilgandir. Yaqinda navbatdagi tibbiy-ko‘rik davomida Mumtozbonu xorijlik shifokorlar bilan bevosita nemis tilida o‘z ahvoli yaxshiligini va ulkan orzulari haqida to‘lqinlanib gapirib berdi. U shifokorlardan va albatta, shu imkoniyatni yaratib bergan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondidan juda minnatdor.

 

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: