Boysunlik gilamdo‘z Maftuna

Qo‘l mehnatida yaratilgan naqshinkor gilamlar… Unda aks etgan ranglar bir birini sira takrorlamaydi. Har biri o‘ziga xos – nafis va go‘zal. Naqshlarning turfa xilligi esa kishi hayratini oshiradi.

Nomlari ham shunga yarasha. “Qurbaqa pishti naqshi”, “qo‘chqorshohi”, “tuyabo‘yin”, “to‘dagul”… Gilamlarni kuzata turib, uni qo‘li gul, ko‘p yillik tajribaga ega hunarmand yaratgan deya xayolga borishingiz tayin. Lekin bunday go‘zal va bejrim gilamlarning ijodkori surxondaryolik yosh hunarmand Maftuna Azizova bo‘ladi.

Boysun tumanidagi “Hunarmandlar” mahallasida istiqomat qiluvchi bu gilamdo‘z qiz endigina 23 yoshni qarshiladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, Maftuna nafaqat Boysun elining, balki viloyat, boringki, respublikamizdagi ko‘plab ustoz hunarmandlar e’tiboriga tushgan.

Qahramonimiz gilamdo‘zlik hunari bilan asrlar osha Surxon elida obro‘ topgan mashhur sulolaning beshinchi avlodi. Maftuna ushbu hunar sir-asrorlarini katta onasi va opalaridan o‘rganib kelmoqda.

– Bolaligimda onam mahalladagi qizlar bilan jam bo‘lib, turli ranglarda bejrim gilamlar tayyorlashardi, – deydi Maftuna hunarga bo‘lgan qiziqishi haqida so‘zlarkan. – O‘sha paytlarda meni faqat onamning mo‘jazgina ish joyida uchratish mumkin edi. Ba’zan gilam to‘qishga shu qadar qiziqib ketardimki, kattalarning ishiga xalaqit berayotganimni ham sezmay qolardim. Shunday kezlarda ularning beg‘araz dakkilarini ham eshitganman. Vaqt o‘tishi bilan ana shu jarayonning bevosita ishtirokchisiga aylandim. Dastlab iplardan turfa hayvonchalar yasagan bo‘lsam, to‘qqiz yoshimda mustaqil tarzda gilam to‘qidim.

Maftuna tumandagi Agrosanoat kasb-hunar kollejini tamomlagandan so‘ng yakka tartibdagi hunarmand sifatida ish boshladi. Hozirda 30 nafarga yaqin qishloq yoshlarini ish bilan band qildi. U o‘zining mo‘jazgina ish joyida nafaqat gilamdo‘zlik bilan shug‘ullanadi, balki shogirdlari bilan turli liboslar, turfa milliy buyumlar yaratadi. Zamonaviy did va milliy ruh jam bo‘lib haqiqiy san’at darajasiga yetgan asl gilamlar nafaqat mahalliy aholi, balki xorijliklarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Yosh hunarmand qiz bugunga qadar ko‘plab tanlov va seminarlar, jumladan, uch yildan buyon Buxoro shahrida o‘tkazilayotgan “Ipak va ziravorlar festivali”da nafis gilamlari bilan muntazam qatnashib kelmoqda.

Shuningdek, Germaniyaning Gyote instituti tomonidan surxondaryolik hunarmandlar uchun o‘tkazilgan seminar-treningda o‘zining loyihasi bilan g‘olib bo‘lib, Buxoroda tashkil etilgan o‘quv-treningida o‘z malakasini oshirish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, u “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining tuman va viloyat bosqichlarida muvaffaqiyat qozonib, respublikada “Eng yosh hunarmand” yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.

Yana o‘qing:  Yangi hayvonot bog‘i ish boshladi

Kelajakdagi rejalari haqida so‘zlarkan u ana shunday seminar-treninglar va turli tanlovlarda ko‘proq ishtirok etib, o‘z malakasini oshirish va kelgusida YUNYeSKOning “Sifat belgisi” mukofotini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Biz Maftunaga ezgu orzulari ushalishiga tilakdoshmiz.

 

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: