Kasbga sadoqat el-yurtga mehri sodiqlik bilan o‘lchanadi
Mohira Xolmirzayeva el salomatligi yo‘lida samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi shifokorlarimizdan. U mana bir necha yildirki, poytaxtimizdagi 59-oilaviy poliklinikada umumiy amaliyot shifokori sifatida faoliyat yuritmoqda.
Kasbiga bo‘lgan sadoqati, o‘z vazifasiga nisbatan o‘ta talabchanligi bois, Mohira opaning atrofidan sohaga endigina kirib kelayotgan yosh shogirdlari sira arimaydi. Malakali shifokor har bir bemorni, uning kasallik tarixini chuqur o‘rganib, ana undan keyin yakuniy tashxis belgilaydi, kerakli tavsiyalarini beradi. Hamkasblaridan tajribali shifokorning ezgu fazilatlari haqida so‘raganimizda kamtarligi va shirinso‘zligini alohida tilga oldilar. Ichki dunyosi go‘zal bo‘lgan bu ayolni hech qachon asabiy holda uchratmaysiz.
Ba’zan oilaviy shifokordan tez va shoshilinch yordam va qarorlar qabul qilish talab etiladi. Yaqinda Mohira opa ham bemor onaxonni tekshiruvdan o‘tkaza turib, uning tez-tez harsillab nafas olishiga jiddiy e’tibor qaratdi. Tajribali shifokor emasmi, onaxonni tinchlantirib, unga tezda kasalxonaga yotishi zarurligini tushuntirdi. Bemor infarkt ostonasida ekanligini ta’kidlab, zudlik bilan kasallikning oldini olish zarurligini tushintirdi. Keyin o‘zi bosh bo‘lib, onaxonni shifoxonaga joylashishiga ko‘maklashdi. Bunday misollarni Mohira Xolmirzayeva faoliyatida yuzlab keltirish mumkin.
Shifokorning oilasiga ham mahalla-ko‘y havas bilan qaraydi. Turmush o‘rtog‘i Baxtiyor aka bilan 1 o‘g‘il va 2 qizni oq yuvib, oq tarab el orasiga qo‘shdi. Katta qizi Gulchiroy hozirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz filologiyasi fakulteti 3-bosqich talabasi. Ikkinchi qizi Qizlargul esa ushbu oliygohning xalqaro jurnalistika fakulteti 1-bosqichida tahsil olmoqda. O‘g‘li Javohirbek sport gimnastikasi va futbol bilan jiddiy shug‘ullanadi.
Bu yil Mohira Xolmirzayeva 50 yoshni qarshi oldilar. Biz bu jonkuyar insonga el salomatligini asrash yo‘lida aslo charchamang, deymiz.
Rustam MANNOPOV