Respublika skrining markaziga maxsus ozuqalar topshirildi
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondida onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika skrining markazi vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ana shunday tadbirlar jarayonida to‘rt mingdan ziyod oilaga tibbiy patronaj xizmati ko‘rsatildi. Ikki yuz ellik mingdan ortiq aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga manzilli ravishda muruvvat yordami yetkazildi.
Shuningdek, fond tomonidan nogiron bolalar tug‘ilishining oldini olish, tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash va bunday farzandlari bor oilalarga tibbiy-ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, barcha skrining markazlari reaktiv va reagentlar bilan to‘liq ta’minlanmoqda. Fenilketonuriya kasalligiga chalingan bolalar uchun maxsus ozuqalar yetkazib berilmoqda.
Tadbirda fond mablag‘i va davlat ijtimoiy buyurtmasiga asosan olingan navbatdagi ana shunday maxsus ozuqalar Respublika skrining markaziga topshirildi.
M. HASANOVA