Yangi usul amalda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 10 fevraldagi “Avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari va avtomobillarga gaz quyish stansiyalari shahobchalarini rivojlantirish hamda avtotransport vositalarini suyultirilgan va siqilgan gazga bosqichma-bosqich o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Ekologik harakati, Muqobil yoqilg‘i va energiya turlari korxonalari Assotsiatsiyasi va yana bir qancha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda mamlakatimizda bir qator yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasida o‘tkazilgan seminar ham avtotransportlarni ekologik toza gaz yoqilg‘isiga o‘tkazish orqali havoga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini keskin kamaytirishga, dizel yoqilg‘isining tejalishini va transport vositalarini gaz bilan ishlashga o‘tkazish mavzusiga bag‘ishlandi.
Respublika miqyosida o‘tkazilgan bu seminarda mutasaddi tashkilot vakillari, OAV xodimlari ishtirok etdilar.
Respublika miqyosida shu sohada faollik ko‘rsatib kelayotgan “Metan-Ekspert-Servis” MCHJ olib borayotgan ishlar ham metan gazbalon uskunalarini yangi uslubda mukammal tekshirish, gazbalonlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan halokatli holatlarni oldindan aniqlash, inson hayoti va salomatligi xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
Shu bois hozirda keng qo‘llanilayotgan siqilgan va suyultirilgan gaz uskunalarining xavfsiz ishlashini ta’minlashda ushbu uskunalarni tekshirish va ishga yaroqliligini o‘z vaqtida aniqlash muhim ahamiyatga ega. Ushbu yo‘nalishda “Metan-Ekspert-Servis” MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha gazbalonlarning yorilishiga qarshi eng samarali usullardandir. Bu usulni qo‘llash bo‘yicha barcha viloyatlarda tashkil etilgan shahobchalar, ularda faoliyat yuritish uchun tayyorlanayotgan mutaxassislardan o‘z ishiga yanada mas’uliyatli bo‘lishni, inson hayoti, xavfsizligi va salomatligiga nisbatan befarq bo‘lmaslikni talab etadi.
Ana shunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlarning tez-tez o‘tkazilishi soha rivoji yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘lishiga ishonamiz.
Maryam AHMEDOVA