Konstitutsiya – baxt kafolati
Joriy yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga
24 yil to‘ldi. O‘tgan yillar mobaynida hayot sinovlaridan o‘tgan Bosh Qomusimiz mamlakatimizda inson manfaatlarini himoya qilish, huquqiy demokratik jamiyat qurish yo‘lida poydevor vazifasini o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda demokratiya va ijtimoiy adolatga o‘z sadoqatini namoyon qiladi. Bosh Qomusimizni varaqlar ekansiz, undagi barcha moddalar respublikamizdagi fuqarolarning tinch-totuv yashashiga, o‘z haq-huquqlarini to‘la-to‘kis bilishlariga, bir so‘z bilan aytganda, mamlakat taraqqiyoti uchun xizmat qilishiga amin bo‘lasiz. Jumladan, 41-modda mazmuni quyidagicha: “Har kim bilim olish huquqiga ega.
Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Maktab ishlari davlat nazoratidadir”.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 1997 yil 29 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasida “Ta’lim to‘g‘risida”gi yangi qonun va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” qabul qilindi. Bu qonun va dastur natijasida ko‘plab maktab, kollej, litsey va oliy o‘quv yurtlarida ta’lim berish sifati tubdan o‘zgardi, yurtimizda har tomonlama barkamol va komil insonni tarbiyalash ustuvor vazifa etib belgilandi.
Shuningdek, Konstitutsiyamizning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi” deb belgilab qo‘yilgan. 1989 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi ona tilimizning taraqqiy etishiga xizmat qildi. Mazkur modda nafaqat o‘zbek tilining, balki respublikamizda muomalada bo‘lgan barcha tillarni hurmat qilinishining huquqiy kafolati bo‘ldi, deyish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilab qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsipiga mos bo‘lishi shart” deya belgilangan. Ushbu moddadan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, respublikamizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro qonun oldida tengligi, ularning huquq va burchlari Konstitutsiya va qonunlarda adolat prinsipiga sodiq qolgan holda belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Asosiy qonuni Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’birlari bilan aytganda, “Davlatni davlat qiladigan, millatni millat qiladigan qonunlarga mos bo‘lishi shart”. Kuni kecha yurtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi Qomusimizda belgilab qo‘yilgan demokratik tamoyillarga to‘la-to‘kis mos keladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Konstitutsiyamiz bugungi va ertangi farovon hayotimizni belgilab beruvchi, fuqarolik jamiyatining shakllanishi uchun g‘oyat kerakli manba hisoblanadi. Qonun ustuvor ekan ona Vatanimiz taraqqiy etishdan sira to‘xtamaydi.
Malika TOLLIBOYEVA,
Toshkent davlat yuridik
universiteti talabasi