Ota-onalar majlisi: bunda qanday muammolar hal bo‘ladi?

Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan ikki tomon – ota-onalar va o‘qituvchilarda turli savollar, taklif-mulohazalar va fikrlar paydo bo‘ladi.

Buni anglagan o‘qituvchi vaqtni ortga surmay, darhol majlis tayin etadi. Zero, bola tarbiyasini nazoratga olish, darsdagi ishtirokini faol yo‘lga qo‘yishda ana shunday uchrashuvlarning tez-tez o‘tkazilishi muhim sanaladi.

Boshlang‘ich sinf rahbari Malika opa navbatdagi ota-onalar majlisini tashkillashtirdi. Uning o‘quvchilari maktabga ilk qadam qo‘ygan bolajonlar bo‘lgani uchun ham ularning darslarni o‘zlashtirishida bevosita oila kattalarining ishtiroki muhim sanaladi. Belgilangan kunda ota-onalar sinfda to‘planishdi. Ularning kamchilik ekanini ko‘rgan Malika opa biroz ranjidi. Ustozning majlisni o‘tkazishdan maqsadi, har bir bolani o‘rganib chiqqan holda havola etmoqchi bo‘lgan dasturlari, rejalari, afsuski, to‘liq amalga oshmadi.

– Aslida bolaning darslarni qunt bilan o‘zlashtirishida ota-onalar uchta – ta’limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi kabi muhim faktorlarni sinf rahbari hamkorligida o‘quv yili davomida amalga oshirishi muhim sanaladi. Bunda bevosita o‘quvchining aqliy faoliyatiga ta’sir etuvchi biologik hamda ijtimoiy faktorlar o‘rganib chiqilgan holda uning darslarni o‘zlashtirishiga oid muammolari birgalikda bartaraf etilishi lozim, – deydi poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 59-sonli DIUM boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Malika Najmiddinova.

Tan olish kerak, ba’zan farzandlarimizni o‘ylantirayotgan, ularni qiynayotgan muammolar bilan qiziqmaymiz. Nega kayfiyati yo‘qligini shunchaki taxmin qilamiz, xolos. Undagi qo‘rslikni yoshda bo‘ladigan o‘zgarishlarga yo‘yamiz. Qoniqarsiz baho olib kelganda esa ta’na-dashnomlar qilib, uning ruhini tushiramiz. Bu kabi masalalarning eng to‘g‘ri yechimini ota-onalar majlisida topish mumkinligini anglab yetmaymiz.

Zamon zayli yoki texnika taraqqiyoti bilan bog‘liqmi, ba’zan ota-onalar majlisi ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilyapti. Majlisga bora olmagan ayrim oila kattalari internet tarmog‘i orqali yig‘ilishda nimalar muhokama qilinganini bilishga intilishadi.

– Unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod oila, maktab va mahalla hamkorligi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgandagina yetuk inson bo‘lib kamol topadi. Shunga qaramay, farzand tarbiyasidagi eng katta mas’uliyat ota-ona zimmasiga tushadi. Afsuski, hamma vaqt ham buni chuqur anglab yetavermaymiz, – deydi Toshkent shahridagi 39-umumta’lim maktabining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Hakima Zoirova. – Yaqinda bir muallim o‘quvchisining tashqi ko‘rinishi maktab tartib-qoidalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini, unga bir necha bor qilgan murojaatlari besamar ketganligini, natijada masalaga ota-onalar aralashuvini talab qilganida oila kattalari bunga panjara ortidan qaraganligini kuyunib gapirib berdi. Masalaning yechimi mahalla faollarining bir necha bor aralashuvidan so‘nggina ijobiy yakun topdi Eng achinarlisi, ota-onalarning e’tiborsizligi tufayli o‘qituvchi va o‘quvchi orasida oson hal bo‘ladigan masala mahalla faollarining aralashuvigacha yetib bordi.

Yana o‘qing:  Mikrokredit aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi

Ota-onalar yig‘ilishida ba’zida uyda bola bilan qay tartibda ishlash kerakligi haqidagi masala chetga chiqib qoladi.

Afsuski, ayrim ota-onalar maktabdagi bunday yig‘ilishlarga shunchaki tashkiliy ishlarni hal etish uchun tashkillashtirilgan tadbir, deya qarashadi.

Yaqinda o‘tkazilgan ana shunday majlislardan birida ta’lim-tarbiya mavzusidan ko‘ra ko‘proq yaqinlashib kelayotgan bayramlarga qanday va qayerda tayyorgarlik ko‘rish kerakligi, bolalarga sovg‘alar nimalardan iborat bo‘lish lozimligi bosh mavzuga aylandi. Bunday paytlarda esa o‘qituvchining tajribasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. U o‘z mahorati bilan yig‘ilgan ota-onalar e’tiborini muammoli mavzularga jalb qila olishi lozim.

– Majlis ota-ona va ustozlarning ishtirokida kechadigan ijtimoiy jarayon, – deydi Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 59-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Sohibjamol Xo‘jayeva. – Uning har tomonlama foydali va samarali o‘tishi, ota-onalarning to‘liq ishtiroki va ularning yig‘ilishga bo‘lgan munosabtiga bog‘liq. Shunday majlislarning birida oila kattalariga psixologik test tarqatdim. Avvaliga ular bu harakatimdan biroz ajablanishdi. Mazkur so‘rovnoma orqali ota-onalar o‘z farzandini qay darajada bilishi, uning qiziqishlaridan nechog‘lik boxabarligi aniqlandi. Afsuski, yakuniy natijalar maqtagulik emas. Bu holatdan, albatta, ular ham biroz xijolat tortishdi. Kechayu kunduz farzandi uchun mehnat qilayotganlar loaqal dilbandining orzu-intilishlari, qiziqishlarini durustgina ham bilishmaydi. Oradan bir muncha vaqt o‘tgach, qayta so‘rovnoma o‘tkazdim. Bu gal ota-onalarning ko‘rsatkichi ancha ijobiy bo‘ldi. Vaholanki, savollar mavzusi butkul yangitdan tuzilgan edi. Xulosa shuki, tashkillashtiriladigan ota-onalar majlisi ularni farzandi bilan munosabatini yanada yaqinlashishiga xizmat qildi.

Darhaqiqat, ota-ona va farzand orasidagi munosabat shu qadar nozik masalaki, kezi kelganda u jamiyatga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Shunday ekan tarbiya muvozanati barqaror bo‘lishida ota-ona va ustozlar hamkorligi samarali bo‘lishi kerak.

Muxtasar qilib atganda farzandingizga dunyo olib bermang. Aksincha, siz ularning dunyosiga aylaning, u bilan yashashga harakat qiling. Dilbandingiz yurish-turishidan tergovchi sifatida emas, balki do‘stona boxabar bo‘lib turing. Zero, g‘amxo‘rligingiz bolangiz kelajagiga putur yetkazmasin.

 

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: