Bosh qomus va qonunchilik: osoyishta hayotimiz asosi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi fuqarolarning haq-huquqlari va majburiyatlarini o‘zida mujassam etuvchi asosiy mezon, davlatning bosh qonuni hisoblanadi.
Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlab o‘tganidek, “tabiiyki, har qanday davlatning yuzi, obro‘-e’tibori uning Konstitutsiyasi hisoblanadi. Zotan, Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qobusnomadir. Shu ma’noda asosiy qonunimiz xalqimizning irodasini, ruhiyatini ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi”.
Darhaqiqat, Konstitutsiyamiz o‘tgan 24 yil mobaynida butun mazmun-mohiyati bilan O‘zbekiston Respublikasida adolatli, insonparvar demokratik-huquqiy jamiyatni barpo etishda davlatimiz qonunchiligining bosh mezoni bo‘lib, o‘zbek xalqi ijtimoiy-ma’naviy qadriyatining oliy huquqiy shakli sifatida hayot sinovidan o‘tdi. U inson manfaatlari uchun xizmat qilayotgan oliy hujjat vazifasini bajarmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Qonun ijodkorligi jarayoni xuquqiy tizimning eng faol bo‘g‘inidir. Qonun esa davlat amalga oshiradigan o‘ta mas’uliyatli maxsus ijodiy faoliyatning mahsuli sanaladi.
Mamlakatimiz Bosh Qomusi tomonidan kafolatlangan fuqarolarning huquq va erkinliklari, burch va majburiyatlari parlamentimiz tomonidan qabul qilinayotgan qonunlarda yanada mustahkamlanadi. Jumladan, shu yil 16 avgustda qabul qilingan va Senat tomonidan 24 avgustda ma’qullangan “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida xalqning oliy manfaatlari, ya’ni uning farovonligi va xavfsizligini ta’minlash, Vatanimiz tinchligini mustahkamlash maqsadlari ko‘zlangan.
Ushbu huquqiy hujjatda ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari, asosiy tamoyillari, burch va majburiyatlari, ularning tuzilish tartibi hamda boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish mexanizmlari belgilab berildi. Ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy tamoyillari Qonunning 5-moddasida belgilangan bo‘lib, unda shunday deyiladi: “Ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy tamoyillari qonuniylik, yagonalik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish, ochiqlik va shaffoflikdan iborat”. Bundagi har bir huquqiy norma keyingi moddalarda yanada kengroq sharhlanadi. Masalan, “Qonuniylik prinsipi” deb nomlangan 6-moddada shunday deyiladi: “Ichki ishlar organlari xodimlari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga aniq rioya etishi hamda ularni bajarishi shart”. “Yagonalik prinsipi” deb nomlangan 7-moddada shunday deyiladi: “Ichki ishlar organlari huquqni muhofaza qiluvchi organlardir va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri rahbarlik qiladigan yagona tizimni tashkil etadi”.
Qonunda yoshlarga ham alohida e’tibor berilgan bo‘lib, ushbu sohaga yosh mutaxassislarni qabul qilishga oid huquqiy normalar ham mavjud. Hujjatning 26-moddasida bu bo‘yicha tartib quyidagicha belgilangan: “Yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, tegishli ma’lumotga ega bo‘lgan, o‘zining shaxsiy va ishchanlik sifatlari, sog‘ligining holati va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha ichki ishlar organi xodimining xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ichki ishlar organlaridagi xizmatga ixtiyoriy tartibda, tanlov asosida qabul qilinadi”.
Konstitutsiyamiz bugungi kunda mamlakat qonunchilik-huquqiy negizini shakllantirishning asosiy manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning har bir moddasida bevosita yoki bilvosita ravishda belgilab berilgan fuqarolarning huquq va erkinliklari, burch va majburiyatlari qonunlarda o‘zining tom ma’nodagi huquqiy yechimini topmoqda. Masalan, ushbu qonunning 25-moddasida “Ichki ishlar organlaridagi xizmatga fuqarolarni qabul qilish, lavozimga tayinlash, ularning xizmatda ko‘tarilishi va boshqa lavozimga o‘tishi fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar amalga oshiriladi”, deb yozib qo‘yilgan.
Anglaganingizdek, mamlakatimiz fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan huquqlari, erkinliklari, burch va majburiyatlari mazkur huquqiy hujjatda ham o‘zining to‘liq ifodasini topgan.
Ushbu Qonun uning 49-moddasida belgilanganidek, rasmiy e’lon qilingan kundan olti oy o‘tgach, kuchga kiradi.
Ravshan SA’DULLAYEV,
Chilonzor tumani Ichki ishlar bo‘limi tergovchisi