Prostatit: muammo, tashxis va muolaja
Surunkali prostatit – prostata bezining yallig‘lanishi, ya’ni, peshob yo‘li kasalligi bo‘lib, bu dard erkaklar orasida eng ko‘p uchraydigan xastalik hisoblanadi. Ushbu bez peshob chiqarish yo‘lida joylashganligi tufayli unga har xil infeksiyalarning tushishi tabiiy holdir.
Bu xastalikni keltirib chiqaruvchi emas, balki rivojlanishiga yordam beruvchi omil hisoblanadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yildan yilga “yosharib” borayotgan bu kasallik yosh yigitlarda ham (ayniqsa, katta shaharlarda yashovchilar o‘rtasida) uchrab turish ehtimoli yuqori bo‘lib, so‘nggi yillarda 25 yoshdan oshgan erkaklarning 25-80 foizida ham prostatit uchramoqda. 90 foiz prostata bezi kasalliklari peshob yo‘llari va ayollarning jinsiy a’zolari (urogenital) infeksiyalaridan kelib chiqadi. Bundan tashqari kamharakatlik, noto‘g‘ri ovqatlanish, to‘yib uxlamaslik, qabziyat, hattoki, jinsiy aloqa me’yorida bo‘lmasligi ham asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Bu dardni keltirib chiqaruvchi omillar turlicha bo‘lib, yagona sababni qidirish va uni davolash uchun qaratilgan davo muolajalari kutilgan natijaga olib kelmaydi. Uning klinik belgilari sezilarli bo‘lmasligi mumkin.
Hurmatli erkaklar, agar sizda chanoq oralig‘ida og‘riq kuzatilsa, peshob qilish vaqtida yoqimsiz sezgilar bo‘lsa, jinsiy yo‘ldan ajralmalar kelsa, albatta, urolog bilan maslahatlashing.
Prostatit tashxisi kompleks tarzda qo‘yiladi. Chunki, kasallik turini, uning kechish bosqichini, asoratlarini va davolash usulini belgilovchi boshqa omillarni e’tiborga olish kerak. Ushbu xastalik klinikasi turli bemorlarda turlicha bo‘lishi mumkin. Shuning uchun to‘g‘ri tashxisni faqat mutaxassis-shifokor qo‘ya oladi.
Kasallik kechishi o‘ziga xos bo‘lganligi uchun davolash muolajalari ham shunga mos tarzda amalga oshiriladi. Prostatitning klinik kechishi bir xil emas. Ba’zida xastalik qo‘zg‘aladi, ba’zida asoratlar yuzaga keladi. U yashirin kechishi ham mumkin. Shu sababli bemor doimo shifokor nazorati ostida bo‘lishi kerak. Prostatitni davolash uchun antibiotikni to‘g‘ri tanlash kerak. Uning dozasi va davolash chizmasi har bir bemor uchun individual holda tanlanadi va bu urogenital mikroflora aniqlanganidan keyin amalga oshiriladi. Infeksiyadan qutulish bilangina prostatitni davolab bo‘lmaydi. Prostata bezida qon dimlanishini ham yo‘lga solish kerak. Bu bezning patologik o‘zgarishlari o‘ziga xos va turlicha bo‘lganligi uchun ham uni davolovchi universal dori vositasi yo‘q. Shifokor sizga turli dori vositalarini va har xil davo muolajalarini tavsiya qilishi mumkin.
Kasallikning oldini olish uchun yiliga bir yoki ikki marta urolog ko‘rigidan o‘tib turing. Bu xastalikni erta va vaqtida aniqlashga yordam beradi. Chunki, dard qo‘zg‘alganda, uni sezmasligingiz ham mumkin. Bir necha shifokorlar maslahatini bir vaqtda bajarish to‘g‘ri deb o‘ylagan bemorlar yanglishadilar. Sababi to‘g‘ri maslahatlar ham ba’zida bir-biriga zid bo‘lishi mumkin. Shuning uchun prostatitni bitta shifokor davolagani ma’qul.
Jinsiy hayot tarzingizni me’yorlashtiring. Davolanish davomida spirtli ichimliklarni iste’mol qilmang. Bu ichimliklar prostatitni kuchaytiradi. Tananing sovqotishi qisqa vaqt davomida bo‘lsa ham kasallikning avj olishiga olib keladi. Jismoniy mehnat va sport (suzish va velosportdan tashqari) kasallikni davolashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Achchiq oziq-ovqat va taomlar (sarimsoqpiyoz, murch, garmdori, dudlangan taomlar) prostatitning yana qo‘zg‘alishiga olib keladi. Sirka kislotasi, limon, karam, tuzlangan bodring, pomidor bundan mustasno.
Surunkali ich qotishi prosatata bezining qon aylanishini buzadi. Prostatit kechishiga va uning davosiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘z vaqtida aniqlangan retsidiv (kasallik qaytalanishi) yengil davolanadi. Shifokor tavsiyasiga remissiya (kasallik bezovta qilmagan) vaqtida ham rioya qiling. Barchaga ma’lumki, davo hamma vaqt ham kasallikdan to‘liq xalos bo‘lishga olib kelmaydi. Lekin bemorning umumiy ahvoli yaxshilanadi va asoratlar xavfi kamayadi. Hatto, uzoq vaqtgacha tuzalmagan surunkali dard me’yordagi oilaviy hayot kechirishga to‘sqinlik qila olmaydi.
Prostata bezi faoliyati uchun eng muhim kimyoviy modda – rux elementidir. Anjir rux moddasiga juda ham boy. Anjir hattoki, quritilgan holida ham ushbu moddani o‘zida saqlab qoladi. Shuning uchun erkaklar bu mevani qishin-yozin iste’mol qilishlari lozim. Kuchli jins vakillari salomatligini mustahkamlashda qovoqning urug‘i ham juda foydali hisoblanadi. Uni qurutilgan holda yeyish maqsadga muvofiqdir.
Erkaklarning jismoniy harakatlarni kam bajarishlari, bir joyda o‘tirib ishlashlari ham ularda prostatit paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bunday kasb egalari ish paytida ozgina tanaffus qilib, xonada bir oz yurishlari yoki qisqa-qisqa, yengil mashqlar bajarishlari kerak bo‘ladi. Prostata bezi harorat almashinuviga nisbatan sezuvchan bo‘lib, bu kasallik sovuqni yoqtirmaydi. Shuning uchun erkaklarimizga sovuq havodan saqlanish lozimligini eslatib o‘tamiz.
Inson sog‘lom turmush tarziga amal qilsa hamda ruhiy holati ko‘tarinki bo‘lsa, kasallikdan tez va samarali qutuladi.
Ro‘zali TOSHNAZAROV,
shifokor-uslubchi