Eng yaxshi tibbiy muassasasi: e’tirofga qanday erishiladi?
Farzandlarimizning jismonan va ma’nan sog‘lom va yetuk bo‘lib kamolga yetishlari jamiyatimiz har bir a’zosining ezgu istagidir.
Ushbu maqsadni ro‘yobga chiqarishda esa tibbiyot xodimlarining muhim o‘rni bor.
“Sog‘lom ona – sog‘lom bola” tamoyili asosida onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni yanada mustahkamlash, bolalar va o‘smirlarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, kasalliklarning oldini olish va davolashda Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi ham salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Birlashma tasarrufidagi tez tibbiy yordam bo‘limi, ko‘p tarmoqli poliklinika, tug‘ruqxona kompleksi, jarrohlik, terapiya, yuqumli kasalliklar, ginekologiya, diagnostika, fizioterapiya, bolalar va chaqaloqlarni intensiv davolash bo‘limlari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bu o‘z navbatida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirmoqda. Ayniqsa, terapiya va bolalar bo‘limlari binosi qayta rekonstruksiya qilingach, bu yerda sanitariya-gigiyena talablariga to‘la mos keladigan zamonaviy shart-sharoitlar yaratildi. Bo‘lim 25 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bemorlarga ajratilgan xonalar bir va ikki o‘ringa moslashtirilgan. Har bir xonaga ichimlik suvi tarmog‘i o‘rnatildi, zarur mebel va boshqa jihozlar bilan ta’minlandi.
– Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun muassasamizda barcha shart-sharoitlar yaratilgan, – deydi tibbiyot birlashmasi bolalar rejali bo‘limi mudiri Shahlo Mamajonova. – Sog‘lom hayot tarzi madaniyatini shakllantirish barkamol avlod dunyoga kelishining poydevori sanaladi. Shu bois, bo‘limimizda davolashning klinik qo‘llanmalari va standartlari hayotga chuqur tatbiq etilib, irsiy kasalliklarni aniqlash bo‘yicha diagnostik tadqiqotlar doirasini kengaytirgan holda onalar va bolalarning perinatal hamda neonatal skriningi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, bolalarda uchraydigan o‘tkir respirator infeksiya, pnevmoniya, bronxit, revmatik isitma bilan og‘rigan bolalar to‘liq sog‘lomlashtiriladi. Qolaversa, turli yuqumli va mavsumiy kasalliklarning oldini olish va reproduktiv salomatlikni saqlash maqsadida mutaxassislarimiz ishtirokida aholi o‘rtasida muntazam tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ta’lim muassasalari va mahallalarda davra suhbatlari hamda uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Mana shunday shart-sharoitlar sabab yurtimizda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yuksak darajada taraqqiy etib bormoqda. Qolaversa, el salomatligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan sharafli va mas’uliyatli kasb sohiblari – shifokor va hamshiralar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular mehnatini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmokda.
Shunday e’tibor sabab joriy yil O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan shifokorlar va hamshiralar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi onalik va bolalikni muhofazalash bo‘yicha “Eng yaxshi tibbiyot muassasasi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Bu esa ushbu tibbiy muassasa xodimlariga mas’uliyatli, shu bilan birga, sharafli mehnatini sidqidildan ado etishi uchun yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlashi, shubhasiz.
Mayna HASANOVA