CHEMPIONLIK UCHUN KURASH QIZG‘IN
Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha 10 va 16 yoshgacha o‘g‘il-qizlar o‘rtasida davom etayotgan O‘zbekiston chempionati hal qiluvchi pallaga kirdi. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada ikki yuz nafarga yaqin yosh iste’dod egalari dona surmoqda.
10 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida jahon va Osiyo chempioni Nodirbek Abdusattorov (Toshkent) jami yetti yarim ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. U sakkizinchi turda Toshkent viloyati vakili Samandar Shermuhammadovni mot qildi. Yana bir poytaxtlik shaxmatchi Javohir Sindarov esa navoiylik Mehriddin Yo‘ldoshev bilan durang o‘ynab, peshqadamdan yarim ochkoga ortda qolayotir. Mehriddin esa ochkolari sonini 6,5 taga yetkazib, kuchli uchlikka qo‘shildi.
Qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda ikki yetakchi – Dilba r Hamroyeva hamda Yuliya Xegay o‘zaro kuch sinashdi. Poytaxtlik shaxmatchilarning o‘zaro bahsida durang qayd etildi. Har ikki sportchi hisobida olti yarimtadan ochko bor.
16 yoshgacha shaxmatchilar o‘rtasida yettinchi tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Qizlar musobaqasida jadvalning eng yuqori ikki pog‘onasini egallab turgan farg‘onalik jahon chempionati sovrindori Gulruhbegim Tohirjonova hamda samarqandlik Gulhayo Narziqulova o‘zaro durang o‘ynadi va ochkolari sonini besh yarimtaga yetkazdi. Poytaxt vakili Bahora Abdusattorova samarqandlik Shahnoza Tursunovani yengib, ochkolari soni bo‘yicha peshqadamlarga yetib oldi.
O‘smirlar o‘rtasida amaldagi chempion – poytaxtlik FIDE ustasi Oleg Artemenko besh yarim ochko bilan birinchi o‘rinni egallab turibdi. Toshkent viloyati sharafini himoya qilayotgan “Umid nihollari – 2012” g‘olibi Alisher Bekmurodov, poytaxt vakillari – Odil Rahmon, Ortiq Ne’matov, Jahongir Shavdirov hisobida ham shunchadan ochko bor.
Zohir TOSHXO‘JAYEV,
O‘zA sharhlovchisi