“Xavfli” barmoqchalar
Farzandingiz bo‘lajak ixtirochi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan juda qiziquvchan, shunday emasmi!? Jajji qo‘lchalari bilan chiroyli va bejirim narsalar yasaydiki, asti qo‘yaverasiz. Mayda toshlardan ajoyib dekoratsiyalar tayyorlaydi. Xazonrezgi mavsumida daraxt oralab, turfa barglarni tanlab oladi-da, ulardan go‘zal kolleksiya yaratadi. U shu yo‘sinda dunyoni anglaydi, hayotni o‘rganadi. Bolaning kelajagi ana shu mohir, bunyodkor qo‘llarida. Shuningdek, bebaho salomatligi ham.
Bejizga salomatlik borasida to‘xtalmadik. Zero, qiziquvchan bolajon ko‘pgina jismlarni ushlab ko‘rib, ulardan turli buyumlar yasaydi. Natijada u bexosdan qo‘llarini og‘ziga soladi, ular yordamida ko‘zlarini ishqalaydi. Organizmning yuza qismidagi xatar endi ichki muhitga xavf sola boshlaydi.
Izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, yer yuzida 100 millionga yaqin turli bakteriyalar mavjud. Ularning ayrimlari kishi salomatligi uchun u qadar xatarli emas. Ammo mikrob va bakteriyalarning ko‘pi odamda, ayniqsa, bolalarda jiddiy kasalliklarni qo‘zg‘ashi mumkin. Ta’kidlash joizki, bakteriyalar +10 dan +55 daraja sharoitda ham ko‘payishi mumkin. Ular 100 daraja sovuq haroratda ham yashay oladi. Ayrimlari esa +110 darajada ham ko‘paya olish xususiyatiga ega. Ba’zi bakteriya va mikroblar +140 daraja issiqqa ham bardoshli.
Inson tanasidagi mikroblar organizmdagi to‘qimlarda yashovchi zararli bakteriyalardan 10 barobar ko‘p bo‘lishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bergan ma’lumotiga ko‘ra besh yoshgacha bo‘lgan 1,5 millionga yaqin bolalar ich ketishi (diareya)natijasida hayotdan erta nobud bo‘ladi. Bu aynan yuvilmagan qo‘llar orqali sodir bo‘ladi. BMT va YUNISEF tashkiloti tomonidan 15 oktyabr sanasini “Toza qo‘llar kuni” deb e’lon qilinishi ham mazkur muammoning nechog‘lik ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi.
Bolalarimizni tez-tez bezovta qilib turadigan me’da-ichak tizimidagi muammolarning asosiy sababchisi ham qo‘llar orqali organizmga tushayotgan mikroblardir. Shuning uchun bolajonlarda tozalik ko‘nikmalarini ularning kichikligidanoq shakllantirib, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishini nazoratga olishimiz muhim sanaladi. Mutaxassislarning bergan ma’lumotiga ko‘ra yer yuzidagi ko‘pgina insonlar, shu jumladan, bolalar qo‘llarini toza yuvmaydi. Bor yo‘g‘i 5 foizgina insonlar bundan mustasno. Shaxsiy gigiyenaning yetarli darajada shakllanmaganligi tufayli maktab yoshidagi bolalarning har 10 tasining olti nafarida qo‘llari nopokligi sababli ko‘pgina dardni yuqtiradi. Natijada ular tez-tez ich ketishi, qorin og‘rig‘i, salmonellyoz va nafas yo‘llari tizimi yo‘llarida o‘tkir bronxial astma xastaligiga chalinadi. Shuningdek, bolalarning toza yuvilmagan qo‘llarida gelmintlarning tuxumlari yashiringan bo‘lishi mumkin. Bu esa ularning organizmiga parazitlarning tushish xavfini oshiradi. Gelmintlar qulay muhitda juda tez tarqaladi. Zero, ostritsa tuxumlari bolalarning qo‘llari va tirnoqlari orasida uch haftagacha yashashi mumkin.
Himoyaning eng sodda yo‘li bolaga avvalo tozalikka amal qilish ko‘nikmalarini qat’iy o‘rgating. U foydalanadigan o‘yinchoq, idishlar, buyumlarining tozaligiga e’tiborli bo‘ling. Muntazam qo‘llarini yuvib turishini nazoratga oling. Bunda ularni tez ko‘piradigan va xushbo‘y xidli sovunlar bilan siylash yaxshi samara beradi. Zero, ko‘piklar bilan o‘ynash, bolalarning jonu dili.
Qo‘llarni yuvish vaqti 20-25 soniyadan kam bo‘lmasin. Bu jarayonda kaftlar, barmoqlar oralig‘i va uchlariga alohida e’tibor qaratish lozim. Zero, bola qo‘l yuvish paytida tananing aynan ana shu sohalari toza yuvilmay qoladi.
Bolangizga oddiy tajriba orqali mikroblarning tez yuqtirib olishi haqida yaxshi tushuncha berish mumkin. Buning uchun farzandingiz qo‘llariga oq kukun, yoki un sepib qo‘ying. Ma’lum muddat u bilan yurib ko‘rsin. Xona bo‘ylab qolgan oq izlar aynan u mikroblarni ilintirib olgan joylar ekanligini uqtiring. Jonivorlar bilan muloqotda farzandingizni qat’iy nazoratga oling. Zero, it va mushuklar nafasidan ham xavfli mikroblar ajralib chiqishi mumkin.
O‘quvchilarning maktab sumkasida, albatta, antibakterial nam sochiqchalar yoki bakteriyalardan himoyalaydigan sanitayzer (maxsus gel)lar bo‘lishini ta’minlang. Maxsus spreylar tarkibida antiseptik spirt mavjud. Bu esa mikroblarni tanada ko‘payishidan asraydi. Uning qulayligi shundaki, bola maxsus sochiq, suv yoki sovunga ehtiyoj sezmaydi. Mahsulot tanlashdan avval uning allergik xastaliklarni qo‘zg‘amaydigan, o‘tkir hidli emasligiga e’tibor bering.
Bo‘lg‘usi bilag‘onlarga mikroblar va bakteriyalar haqida ko‘proq ma’lumot bering. Ularga bir marotaba bo‘lsa ham mikroskop yordamida ko‘z ilg‘amas xavf-xatarning ko‘rinishini ko‘rsating. Bu albatta o‘z samarasini beradi.
M. TOLIPOVA
tayyorladi