Tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimiga 20 yil: anjumanda galdagi vazifalar belgilab olindi

Poytaxtimizdagi Xalqaro biznes markazida O‘zbekiston Respublikasida Tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimining tashkil topganiga 20 yil to‘lishi munosabati bilan tashkillashtirilgan respublika konferensiyasi tom ma’noda tibbiyot xodimlarining bayramiga aylanib ketdi.

“Sog‘lom avlod – yurt kelajagi” nomli mazkur tadbirda yurtimizning turli mintaqalaridan kelgan soha faollari, faxriylar, patronaj brigadalari, sog‘liqni saqlash va mudofaa vazirliklarining yetakchi vakillari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Binoning kirish qismida patronaj tizimi faoliyatini ochib beruvchi devoriy stendlar, fotoalbomlar, shuningdek, farmatsevtik kompaniyalarning ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Dastlab “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Boshqaruvi raisi S. Inamova konferensiyani tabrik so‘zi bilan ochib berdi. So‘ngra soha rivojiga hissa qo‘shgan bir guruh faxriylar respublikamizda tibbiyot sohasi rivojiga bo‘lgan yuksak e’tibor, uning kelajakdagi istiqboli xususida alohida to‘xtalib o‘tishdi. Qolaversa, tizimdagi yangiliklar va yuksalishlarni alohida e’tirof etishdi. Tadbirning faxriy mehmonlaridan biri, tibbiyot fanlari doktori, professor Naima Mahmudova Tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimining kechagi va bugungi holati haqida to‘xtalib, shunday dedi:

– O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1993 yilning 23 apreldagi farmoniga binoan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tashkil etilgan edi. Uning maqsad va vazifalari mamlakatimizda jismonan baquvvat, ma’nan yetuk, ruhan tetik farzandlar tarbiyalashni ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, oilalarda sog‘lom avlodning tug‘ilishi va tarbiyalanishiga erishish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishdan iborat etib belgilandi. 1996 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Tibbiy-ijtimoiy patronajning o‘tgan davri bilan bugungi kunini solishtirar ekanman, qisqa davr ichida ulkan o‘zgarishlarga guvoh bo‘lmoqdaman. Bir so‘z bilan aytganda, 20 yillik natijalar tahsinga loyiq. Buni sohada qo‘lga kiritilgan yutuqlar misolida ko‘rish mumkin.

Tadbirning taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Laziz To‘ychiyev bir qator kasb fidoyilarini “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.

– Mening kamtarona xizmatlarim yuksak baholanganidan juda xursand bo‘ldim. Quvonchimni so‘z bilan ta’riflay olmayman. Ushbu mukofot menga kelajakda o‘z ustimda yanada qat’iy ishlashimga turtki bo‘ladi, – deydi “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibasi Zulxumor Sharapova.

Yana o‘qing:  Oltin kuz tarovati

Shundan so‘ng “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Boshqaruv raisi S. Inamova O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimining 20 yillik natijalari xususida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida respublikamizda ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari tomonidan 4 milliondan ortiq fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shulardan 1 million 972 mingdan ortig‘i ayollar, 1 million 131 ming nafari bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Birgina 2016 yilning shu davriga qadar respublikadagi 3 mingdan ziyod oilalarga manzilli muruvvat yordamlari yetkazib berildi. Shuningdek, 1323 nafar fuqaroga murojaati bo‘yicha yordam ko‘rsatildi.

Anjuman davomida “Mahalla” xayriya jamoat fondining Respublika boshqaruv raisi o‘rinbosari Dilshoda Mirzajonova “Aholi salomatligi yo‘lida mahallaning roli” mavzuida ma’ruza qildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i Otabek Qilichev 2016 yilda “Sog‘lom ona va bola” yili Davlat dasturi doirasida harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan amalga oshirilgan tadbirlar borasida o‘zining ijobiy fikrlarini bayon etdi.

Tadbirning birinchi qismi yakunida Tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimida faoliyat ko‘rsatgan faxriylar va xodimlarning bir guruhi fond tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Konferensiyaning ilmiy-amaliy qismida Toshkent tibbiyot akademiyasining Akusherlik va ginekologiya, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining Kardiologiya va gerantologiya kafedralarining fan doktorlari, professorlari, shuningdek, Tibbiy-ijtimoiy markaz mutaxassislari tomonidan “Temir yetishmovchiligi kamqonligi diagnostikasi, uni davolash va oldini olish standartlari”, “Yurak kasalliklarining diagnostikasi va davolashning zamonaviy usullari”, “Bachadon miomasini konservativ davolash usullari” kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qildi. Shuningdek, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari mutaxassislari o‘zaro tajriba almashdi.

 

Xurshida HUSENOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: