O‘zbekistonda 1994 yildan buyon 55 tonnadan ortiq narkotik modda yo‘q qilindi
Mamlakatimizda giyohvandlik va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat tizimi shakllangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi bu tizimning muhim bo‘g‘ini bo‘lib, ushbu yo‘nalishda samarali faoliyat yuritmoqda.
Mazkur markaz tashkil etilganiga 20 yil to‘ldi. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 7 noyabrdagi qarori bilan Narkotik moddalarni nazorat qilish davlat komissiyasining ijrochi organi sifatida tashkil etilgan. Shu munosabat bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida markaz direktori A. Mansurov va boshqalar mamlakatimizda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Giyohvandlikning oldini olish, unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham shu maqsadga xizmat qilayotir.
Milliy qonunchilikda giyohvandlikka oid jinoyatchilikning oldini olish va unga chek qo‘yish, bu borada huquq-tartibot idoralari hamkorligi, giyohvandlikka chalingan shaxslarni davolash va boshqa muhim masalalarning huquqiy asoslari mustahkamlangan. O‘zbekiston 1995 yilda BMTning Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan va unda belgilangan vazifalarni to‘la bajarib kelmoqda.
Markaz bugungi kunda giyohvandlik vositalari ustidan nazorat sohasida davlat strategiyasining asosiy yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirishda bevosita ishtirok etmoqda. O‘tgan davrda narkotik moddalarning tarqalishi va noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha uchta uzoq muddatli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, amalga oshirildi. Hozirgi kunda mutasaddi vazirlik va idoralar, shuningdek, jamoat tashkilotlari ishtirokida 2016–2020 yillarga mo‘ljallangan dastur ijrosi izchil ta’minlanmoqda.
Mamlakatimizda giyohvandlik profilaktikasi sohasida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda. Giyohvandlik bilan birlamchi kasallanish ko‘rsatkichi keskin kamaygan.
Markaz tomonidan idoralararo ma’lumotlar bazasi yaratildi va joriy etildi. Bu baza eng ilg‘or tajribalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, huquq-tartibot idoralari o‘rtasida o‘zaro ma’lumotlar almashinuvida muhim o‘rin tutmoqda.
Xalqaro majburiyatlarni ijro etish doirasida har yili 26 iyun – Xalqaro narkotik moddalarni suiiste’mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash kunida huquq-tartibot idoralari tomonidan musodara etilgan narkotik moddalar an’anaviy ravishda yoqib yuborilmoqda. 1994 yildan buyon 55 tonnadan ziyod narkotik modda yo‘q qilindi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Norgul ABDURAIMOVA,
O‘zA muxbiri