Ulug‘ shoirning ehtiromiga sazovor bo‘lgan hamshira
Millatimiz iftixori, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, Davlat Madhiyasi muallifi Abdulla Oripov olamdan o‘tdi. Og‘ir judolikdan yuragimiz qalqidi. Ammo buyuk shoirning yodi qalblarimizda mangu yashaydi.
Ezgulikka yo‘g‘rilgan minglab she’rlari ma’naviyat shamchirog‘i, hayot sabog‘i bo‘lib dilimizni nurlantiradi. Hassos shoir qo‘l urmagan, go‘zal tashbehlar bilan satrlarda jonlantirmagan mavzuning o‘zi bo‘lmasa kerak.
Okean orti mamlakatida davolanib yurganida ham shoirning ijodi buloqdek toshib, qalblarimizni so‘z bilan, mehri bilan sug‘orib, oziqlantirib turdi. Shu orada e’lon qilingan “Hamshira qizim Barnoning she’ri” deb nomlangan asari ulug‘ shoirning mehnatsevar, mehribon xalqimizga, inson qadri aziz yurtimizga ehtiromi, muhabbati ifodasi bo‘lib gavdalandi.
Judolik kunlarida dillarga yupanch bo‘lar, deya shu she’rning qahramoni, buyuk ijodkorning xastalik damlarida kasbi-kori, shirin so‘zi bilan yupanch bo‘lgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi poliklinikasi hamshirasi Barno Qahramonovani tahririyatimizga taklif qildik:
– Abdulla bobom bir kun Xyustondan qo‘ng‘iroq qildi. “Qizim, senga atab bir she’r yozdim, u faqat sening she’ring…” dedi. O‘qib qalbim to‘lqinlanib ketdi. Hamkasblarim katta xursandchilik bilan qarshi oldi. Biroq ayni damdagidek hissiyotim tug‘yon urmagan edi. Sababi, o‘sha kezda u kishi hali yonimizda uzoq yashaydi, degan o‘yda bo‘lgan ekanman, – deydi Barnoxon ko‘zida yosh bilan. – Muolaja damlarida uzoq vaqt boboning yonida bo‘lar edim, otamdek aziz inson edi. Qalbidan mehri jo‘sh urib turardi: shunday buyuk inson o‘zi uchun tayyorlangan yegulikni avaylab oddiy hamshira qiz uchun asrab o‘tirardi. Bu menga ulkan mehr, ulkan tortiq edi. Bobo O‘zbekistonni, xalqni juda yaxshi ko‘rardi, har lahza yuragi Vatan deb urardi go‘yo. Ba’zan o‘ylab qolar edim, hayoti to‘kis, ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan ulug‘ yoshli inson nega xotirjam bo‘lolmaydi, deb. Endi anglayaman, Abdulla bobo faqat o‘zi uchun yashamaganini, shu xalq, shu elning farzandlari uchun “kuyib-yongan” ekan.
Olis qit’ada davolanib yurgan kezlari ham internet orqali tez-tez gaplashib turar edik, judolik qalbimga og‘ir botdi. Ammo, baribir boboning “borsakelmas”ga ketganini his qilolmayapman. Xayolimda hademay u kishi yana sim qoqadigandek…
Oxirati obod bo‘lsin!
Abdulla ORIPOV
Hamshira qizim barnoning she’ri
Tomirimni topolmay azob berdingiz bir kun,
Oddiygina ukolni qilolmadingiz, afsus.
Hamshiralar qahatmi sizlarda, nima uchun?
Bizning Barno qizchalik bo‘lolmadingiz, afsus.
Har qanday sohaning ham ustasi bor, albatta,
O‘zlariga buyursin maqtab pishirgan oshi.
El aro mahoratning qiymati erur katta,
Baland bo‘lsa ham agar oladigan maoshi.
Shifokorlar ahlini kuzatdim juda uzoq,
Bilmadim, deganlarin eshitmadim men aslo.
Ular ham shoirlarga o‘xshab ketarkan ko‘proq,
Yarmisi ulug‘ bo‘lsa, yarmisi buyuk daho.
Bizlarga kerak asli jo‘ngina, oddiy hayot,
Rostgo‘y va dabdabasiz, ona sutidek halol.
Gohida eslamaymiz, kim berdi bizga najot,
Maqtanchoqning dastidan topgaymiz lekin zavol.
Ummon orti yurtining buldir shifoxonasi:
Muhtasham qasrlardan qolishmaydi u sira.
E’tirofim aytayin, keldi gapning xonasi,
Bu yerda yetishmaydi Barno degan hamshira.
Xyuston, 19.09.2016