El salomatligiga kamarbasta bo‘lish shifokorlarning muqaddas burchidir
Inson – tabiatning eng oliy mavjudotidir. Biroq, tabiat yaratgan mo‘jizalardan bahra olmoq uchun har bir odam sog‘lom, baquvvat hamda zukko bo‘lmog‘i zarur, degan edi donolar.
Bugungi kunda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tibbiy-ijtimoiy, muruvvat yordami, madaniy-oqartuv, o‘quv-sog‘lomlashtirish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik hamda sportni rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilishga doir davlat dasturlarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 22 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mamlakatimizda “Tibbiy-ijtimoiy patronaj” dasturi amalda bajarib kelinmoqda.
Asosan qishloq joylarda istiqomat qilayotgan oilalar, shaxslar guruhlari va alohida shaxslarning tibbiy-ijtimoiy yordamga ehtiyoji qondirilishini doimiy va rejali o‘rganish, ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalarining asosiy maqsadi hisoblanadi. Ushbu maqsadlardan kelib chiqqan holda patronaj xodimlari zimmasiga turmush sharoitlarini baholash va tibbiy-ijtimoiy muammolarni aniqlash, fertil(tug‘ruq) yoshidagi ayollar va bolalarni tibbiy ko‘riklardan muntazam o‘tkazish, qishloq joylarda yashaydigan kam ta’minlangan oilalarga tibbiy-ijtimoiy va muruvvat yordamlarini ko‘rsatish, sog‘lom bolalar tug‘ilishi va ularni tarbiyalash masalalari bo‘yicha aholining tibbiy savodxonligini oshirish kabi vazifalar yuklatilgan.
Shuningdek, patronaj tizimining ish faoliyati oilalarning ahvolini har tomonlama o‘rganib, ularni guruhlarga ajratish, tibbiy-ijtimoiy patronajning natijalaridan kelib chiqqan holda tuman, viloyatlar va respublika miqyosida o‘sib kelayotgan yosh avlodni tibbiy, ijtimoiy-iqtisodiy, axloqiy tarbiyalashga yordam berishdan iborat. Bu kabi vazifalarni bajarish uchun mamlakatimizda tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimi maxsus jihozlangan “Ambulans” avtotransportlari bilan ta’minlangan. Mazkur transport vositasida eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy uskunalar mavjud. Joylarda aholiga ko‘chma tibbiy brigadaning malakali va tajribali shifokor-mutaxassislari xizmat qilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari tomonidan respublika bo‘yicha jami 28 ming 277 nafar o‘smir tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Shu bilan bir qatorda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining mutaxassislari va tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari shifokorlari tomonidan o‘quv muassasalari, mahallalar, korxona va tashkilotlarda dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilinmoqda. Xususan, joriy yil 249 ta o‘quv muassasasiida ta’lim olayotgan 22 ming 900 nafar talaba va o‘quvchi o‘rtasida ma’ruza, davra suhbatlari, uchrashuv va seminarlar tashkil etildi. Shuningdek, 966 ta mahalla va qishloq fuqarolik yig‘inlari, korxona va tashkilotlarda 54 ming 610 nafar aholi o‘rtasida ma’ruzalar hamda davra suhbatlari tashkil etildi. Ularga “Sog‘lom avlod uchun” fondi tomonidan chop etilgan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi 38 ming 925 dona buklet va risolalar tarqatildi.
Hozirgi kunda tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari va Tibbiy-ijtimoiy markazda jami 107 nafar xodim faoliyat olib boradi. Ularning 25 nafari O‘zbekiston Respublikasi “Sog‘liqni saqlash a’lochisi”, 20 nafari esa oliy toifali mutaxassislardir.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi kelgusida ham o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarni sidqidildan amalga oshiradi, deya ishonch bildiramiz.
Siyara DJAMBEKOVA,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Tibbiy-ijtimoiy markazi mutaxassisi