Ikki qosh orasi
– Adolatxon, hoy Adolatxon! Ichkarida javob bo‘lavermagach Halimaxon norozi ohangda ovozini balandlatdi. – Hali ham bolani emizyapsizmi? Hech ham boladan bo‘shamasakansiz-da?! Men qo‘shni Barnoxonnikiga ketdim. Hammayoqni tartibga solib, tushlikka osh qiling. Halizamon dadangiz kelib qoladi. Ichkaridan javob bo‘lavermagach qaynona baland ovozda – Meni eshityapsizmi, o‘zi?! – deya jerkib qo‘ydi. Ichkaridan – Xo‘p bo‘ladi oyijon, xo‘p bo‘ladi, – degan javob bo‘lgandan so‘nggina qaynonaning biroz hovuri tushganday tashqariga chiqib ketdi…
…Barnoxon, hoy Barnoxon! Uydamisiz? – Halimaxonning murojaatiga javoban ichkari hovlidan qo‘shnisining ovozi eshitildi.
– Kiravering, kiravering Halimaxon shu yerdaman.
Ayol asta ovoz chiqqan tomonga yo‘naldi. Tor yo‘lak bo‘ylab hovlining keng sahniga o‘tarkan kichik jussali, qotmadan kelgan, xushro‘ygina ayol Barnoxon dorga kirlarni biroz betartib, shosha-shosha ilayotgan edi. Dordagi kiyimlar durustgina siqilmaganidan qo‘shni xijolat tortdi chog‘i o‘zini oqlashga urindi:
– Ko‘rmaysizmi, Akbarjon qo‘ldan tushmaydi. Ko‘krakdan ajralgandan buyon u shunaqa injiq bo‘lib qolgan. Kelinim Kamolaxon bilan bolaga galma-gal qarab bir amallab ishlarimizni bitiramiz-da.
– Chillasi chiqqaniga ko‘p bo‘lmadiku, buncha erta ayirmasangiz?
– Ey, so‘ramang! Sho‘rlik bolam durustgina o‘sib kelayotgan edi. Nima bo‘ldiyu, onaning suti qochdi. Bolam och qoldi. Urinib ko‘ring, ketini uzmay emizavering, sutingiz qaytib qolar deb Xudoni zorini qildim kelinga. Ammo u “bolam to‘ymayapti, qiynalib ketdim”, degan bahona bilan go‘dakni ayirdi qo‘ydi, – dedi noligan ohangda, Barnoxon.
– Dard chekkandir, qattiq siqilmadimikin yoki o‘g‘lingiz xafa qildimi?!, – deya qo‘shnisiga tasalli berishga urinib so‘zlarida davom etdi qo‘shni ayol. – Tunov kuni qo‘shni Xolida opaning yangi bo‘shangan qizi oilaviy janjaldan bexosdan suti qochganini, endi yosh ona bolasini to‘ydira olmayotganini hasrat bilan aytib berayotgan edi sho‘rlik.
– Qayoqda deysiz?! O‘g‘lim Komronjon xotiniga qattiq gapirgan yigit emas. Oilamiz tinch, o‘zingiz bilasiz. Hayronman. Kelindan so‘rasam tuzuk javob ham bermaydi. Aytarli sabab ham bo‘lgan emas, chamamda.
Bexosdan ichkari uydan kelgan chaqaloq yig‘isi ikki ayol suhbatini buzdi.
Barnoxon qo‘shni bilan suhbat qurish ilinjida endigina supaga cho‘kkan edi hamki, behalovatgina o‘rnidan qo‘zg‘alib oshxona tomondan kelininini chaqira boshladi.
– Kamolaxon, hoy Kamolaxon! Bola turdi choping! Yig‘layverib bo‘g‘ilib qolmasin.
Darhol oshxona tomondan kelinining qorasi ko‘rindi. Ozg‘ingina, bo‘ychanligi uni yanada oriq ko‘rsatgan, rangpar, uyqusida halovat yo‘qligi kirtaygan ko‘zlaridan ayon bo‘lgan kelin chiqib uy tomon o‘zini oldi. Birozdan so‘ng chaqaloqni ko‘targancha hovliga chiqib go‘dagini qaynonasiga tutqazdi.
– Jonim bolam, turdingizmi!? – Barnoxon go‘dakni qo‘liga olarkan nigohida qandaydir entikish va ayni damda xavotir sezilib turardi.
Ikki oyga to‘lmagan Akbarjon juda injiq bo‘lib qolgandi. Erta ko‘krak sutidan ayrilgan go‘dak bemahal berilgan qo‘shimcha ovqatdan so‘ng ahvoli og‘irlashib qoldi. Bola zudlik bilan shifoxonaga yotqizildi. Hozir ahvoli yaxshilangan bo‘lsada, Akbarjon yoshiga nisbatan o‘sishdan birmuncha ortda qolyapti. Halimaxon shu haqida o‘ylar ekan, qo‘shnisiga tasalli berishga urindi.
– Kuyinmang, bola yetti yoshga to‘lguncha yetmish marta dard chekadi-ya. Hali zamon ko‘rmagandek bo‘lib ketasiz. Aytgancha, hozir hamma do‘konlarda ona sutini bosuvchi qo‘shimcha ovqatlar borku!?
– Aylanay qo‘shni, axiri shunga majbur bo‘ldik-da, Kamron bolasining sog‘lig‘i uchun ham “miq” etmay kun ora bolasiga “falon” so‘mlik qo‘shimcha ovqat ko‘tarib keladi. O‘g‘limga qiyin bo‘lmasin deb unga bir narsa ayta olmayapman ham. Nabiramning salomatligini o‘ylab, o‘zimning bod kasalim ham unutilib ketdi, Halimaxon.
– Ha, “o‘rigidan danagi shirin” deb shunga aytishsa kerakda?!
– Nimasini aytasiz!! Kelinimning ham uyqusida halovat yo‘q. Kechasi ham uyqusidan kechib bir necha marta bolasiga ovqat tayyorlaydi. Uni ko‘rib emizgani durust edida, deb qo‘yaman. Uni og‘ir ishlarga undamayman. Keliningiz ham oson emas.
Xullas, ona sutida hikmat ko‘p ekan. Go‘dak ona suti bilan boqing, ko‘krak sutining afzalligi ko‘p deb shifokorlar bekorga tez-tez aytishmayaptida, hozir. Qadimdan bobo-buvilarimiz ham chaqaloq tug‘ilaganida bejizga sutiga ega qilsin, deya duo qilishmagan.
Ayollar suhbatlashar ekan go‘dak asta injiqlik qila boshladi. Halimaxon dam o‘tirib, dam turib, ba’zan yurib uni qo‘lida tebratardi. Koshkiydi bu harakatlari bolani tinchlantirsa, aksincha, chaqaloqning yig‘isi yanada avjiga chiqa boshladi. Uning ham sabri to‘ldi chog‘i oshxonaga yuzlanib zarda ohangida – Akbarjonning ovqati tayyor bo‘ldimi? – dedi baland ovozda.
Halimaxon qo‘shnisining so‘zlarini eshitar ekan, ko‘nglidan allanimlardir o‘tdi shekili, biroz o‘ylanib qoldi. Shu tobda uyda qolgan kelini yodiga tushdi. Qiliqlari kundan kunga shirin bo‘lib borayotgan, endigina yoshiga to‘lgan nabirasi Ja’farni ko‘z oldiga keltirdiyu, ko‘ngli bexosdan ular tomon talpina boshladi. “Vaqt ham allamahal bo‘ldiyov. Kelinimga bugungi qilgan muomalam og‘ir botib suti qochgan bo‘lsaya, Ja’far ham Akbarjonga o‘xshab injiq bo‘lib qolsachi… Xudoning o‘zi asrasin…”
Halimaxon qo‘shni bilan qisqagina xayr-ma’zur qilib, shoshganicha uyiga chiqdi.
Sarishtagina hovli bo‘ylab uyga kirib borarkan, oshxona tomon palovxon to‘raning xushbo‘y isi anqidi. – Adolatxon! Qizim qayerdasiz?
– Labbay, oyijon! – kelin oshxonadan shoshganicha qaynonasining qarshisiga peshvoz chiqdi. – Yaxshi keldingizmi? – Adolatxonning xushfe’l, shirinso‘zligidan ko‘ngli entikib ketgan qaynona keliniga tikilarkan “Oydekkina kelinim borda”, deya xayolidan o‘tkazdi. “Pazanda, orasta”. Shularni xayolidan o‘tkazar ekan mehr bilan “Charchamadingizmi, Ja’far o‘g‘lim uxlayaptimi?”, deya so‘radi. “Uzr, oyijon nabirangizni zo‘r-bazo‘r uxlatdim. Shuning uchun oshga biroz kech qoldim-da”.
– Hechqisi yo‘q. Bolajonimni och qoldirmasangiz bo‘lgani. Nabiraginam ona sutiga to‘ysin. Siz biroz damingizni oling. Dadangizni o‘zim kutib olaman. Kechga borib qaynatma sho‘rva solaman. Sutingizni ko‘paytiradi.
Halimaxon kelinini uyga kiritib yuborar ekan hovli etagida sarg‘ayib pishgan arpabodiyon urug‘larini terib oshxonaga o‘tdi.
Qaynona shoshmasdan kelini uchun damlama tayyorlar ekan asta ovoz bilan “Nabiram durkun va sog‘lom bo‘lib o‘ssin-da, ilohim. Ona sutidan ayirmasin. Ja’farimni sutiga ega qilsin…”, deya qo‘shib qo‘ydi.
Ma’rifat TOLIPOVA