Rezus musbat va manfiy omil: uning homilaga ta’siri xususida

Ko‘pincha atrofimizdagi odamlardan “qon guruhim bir manfiy ekan yoki ikki musbat ekan”, degan va shunga o‘xshash gaplarni eshitamiz.

Biroq, barchamiz ham buning tub mohiyatini to‘la anglab yetmaymiz. Shunchaki qon guruhimizning mavjudligini bor holicha tabiiy deb tushunamiz. Ammo, ayrim hollarda qon guruhimiz salomatligimizga qanday ta’sir etishi mumkinligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Yosh onalarimiz og‘ir holatlarga tushib qolmasligi uchun quyida malakali mutaxassis tavsiyalari asosida homilador ayollarning qon guruhi hamda uning rezus omiliga doir qisqacha ma’lumotlarni berib o‘tamiz.

– Er-xotinning qon guruhi va rezus omili bo‘lajak homiladorlikda va bola to‘g‘ri rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Turmush qurgan har bir yigit-qiz o‘z qon guruhi va rezus omili haqida yaxshi bilishi lozim.

 

Ma’lumotlarga qaraganda, rezus omil – eritrotsitlar sirtidagi oqsil ekan. Statistikaga ko‘ra yer yuzi aholisining 85 foizi musbat rezus omil sohibi, qolgan 15 foizida esa bu oqsil yo‘q va ular rezus manfiy omil egasi sanaladi.

 

Agar rezus omili manfiy bo‘lgan kishi qoniga musbat rezusli eritrotsitlar tushsa, ular immun tizimi tomonidan begona deb qabul qilinadi va organizmda ularga qarshi antitanalar ishlab chiqarila boshlaydi. Natijada rezus ziddiyat kelib chiqadi. Shu sabab ota-onaning qaysi rezus omilga ega ekanligi bo‘lajak bola uchun ham juda muhim. Ota ham, ona ham musbat rezus omilga ega bo‘lsa, bu bola ham musbat rezus omil bilan tug‘iladi. Agar bo‘lajak ota-ona rezus manfiy omil sohibi bo‘lsa, bolaning rezus omili ham manfiy bo‘ladi. Onada rezus omili musbat, otada esa manfiy bo‘lganda ham homiladorlik davri qiyinchiliksiz kechadi. Biroq, ona rezus manfiy, ota rezus musbat omilga ega bo‘lganda esa rezus ziddiyat yuzaga kelib, homiladorlikka xavf tug‘diradi. Bunda homilador ayolning organizmi rezus musbat omilli homilaga qarshi antitanalar ishlab chiqara boshlaydi. Homiladorlikning immun tizimi boladagi rezus musbat omilga ega bo‘lgan eritrotsitlarni begona deb qabul qiladi. Rezus antitanalar yo‘ldoshga singib, homilaning eritrotsitlarini buzishga tushadi. Bunda qonda bilirubin miqdori oshadi va bola tanasi sariq rangga kiradi. Yemirilib borayotgan eritrotsitlar o‘rnini to‘ldirish uchun jigar va taloq tezlik bilan ishlay boshlaydi va hajmi kattalashadi. Ammo buning uddasidan chiqa olmaydi. Natijada bolada kamqonlik, intoksikatsiya (zaharlanish), hayot uchun muhim a’zolar faoliyatining buzilishi kabi holatlar yuzaga kelishi mumkin. Xastalik bola tug‘ilgach rivojlanib, unga rezus manfiy qon quyish talab qilinadi.

Yana o‘qing:  Ikki qosh orasi

To‘g‘ri muolaja yordamida bir qarashda fojea bo‘lib tuyulgan bu salbiy holatning oldini olish mumkin. Bunda ayolning avvalgi homiladorlik davri qanday kechgani inobatga olinadi. Ayolda bola tushish holatida 3-4 foiz, tug‘ruqdan so‘ng esa 10-15 foiz holatlarda qonda antitanalar hosil bo‘ladi. Ya’ni, bu homilaning qancha eritrotsitlari onaning qon aylanish tizimiga o‘tib ulgurganiga bog‘liq. Barcha holatlarda rezus ziddiyatning oldini olish choralarini ko‘rish lozim.

Birinchi homiladorlikda rezus manfiy omilga ega bo‘lgan onaning qonida antitanalar yo‘qligi sabab homila bilan rezus ziddiyat kelib chiqmaydi. Birinchi homiladorlikda organizm antitanalarni ko‘p miqdorda ishlab chiqarib ulgurmaydi. Shunga qaramay ayol organizmida “xotira to‘qimalari” bo‘lib, keyingi homiladorlik davrida ular tezda rezus omilga qarshi antitanalar ishlab chiqarishni boshlab yuboradi. Shuning uchun rezus manfiy qonga ega bo‘lgan homilador ayollarda doimiy ravishda antitana miqdori o‘lchab turiladi. Bola sog‘lom tug‘ilishi uchun homiladorlik davrida kerakli muolajalar o‘tkazilishi va bo‘lajak ona doimiy ravishda shifokor nazoratida bo‘lishi lozim.

Rezus manfiy omilga ega bo‘lgan homilador ayol tug‘ishi bilan go‘dakning rezus omili hamda uning qonidagi bilirubin miqdori tekshirib ko‘riladi. Agar bolaning qoni musbat rezus omilni ko‘rsatsa, onaga 72 soat ichida kechiktirmasdan antirezus immunoglobulini emdori qilinadi. Bu ayolning keyingi homiladorligida rezus ziddiyat kelib chiqish xavfining oldini oladi. Bu homilasi tushgan ayolga, shuningdek, bachadondan tashqaridagi homiladorlikni boshidan kechirganlar uchun ham tegishli.

Bundan ko‘rinib turibdiki, agar homilador ayollar o‘z vaqtida kerakli tavsiyalar asosida o‘z sog‘liqlariga, homilasiga e’tiborli bo‘lsa, qondagi o‘zgarishlar uning va tug‘ilajak farzandiga hech qanday xavf solmaydi.

 

Tibbiyot fanlari nomzodi, neonatolog Feruza NAZAROVA tavsiyalari asosida Mayna HASANOVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: