Yosh va mahoratli murabbiy – el e’tirofida
Bu yil o‘zbek badiiy gimnastikasi tarixida ilk marotaba guruh bo‘lib chiqishlar bo‘yicha jamoamiz Rio-de Janeyroda o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishdi.
Besh nafar qizni yakdil bir jamoa bo‘lib, ko‘zlangan maqsadga yetishida istiqlol tengdoshi, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” Zarina Izrailbekovaning ham hissasi katta bo‘ldi. Uning tajribali murabbiy Lyudmila Polivanova bilan birga ertayu kech qizlarni mashq qildirayotganini ko‘rganlar, bu fidoyi murabbiylarga omad albatta, kulib boqishiga ishonishgan.
– Zarina yosh bo‘lishiga qaramay, nihoyatda mehnatkash, sabr-toqatli qiz. Men uni badiiy gimnastika bilan mashq qilgan paytidan buyon yaxshi bilaman, – deydi Lyudmila Polivanova. – Nihoyatda zehnli, bilimli qiz edi. Balki gimnastikachi qizlar bilan yoshida unchalik katta farq bo‘lmagani uchun shogirdlari bilan til topishib ketishi qiyin kechmadi. Menimcha, murabbiy bo‘lish uchun eng asosiysi, o‘z ishini sidqidildan bajarish zarur. Bu xususiyatlar Zarinada mujassam. Guruh bo‘lib chiqishlar jamoasida bir emas, besh nafar qiz bitta musiqaga, bir maromda, sinxron tarzda dastur ijro qilishadi. Bu esa qatnashchilardan ham, murabbiylardan ham ulkan mas’uliyatni talab etadi. Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga sazovor bo‘lish, to‘rt yillikning muhim bahslarida munosib ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rishda Zarina Izrailbekovaning hissasi katta bo‘ldi.
Badiiy gimnastika musobaqalarini tomosha qilganlar gilamdagi qizlarning chiroyli chiqishlarini kuzatib, bu sportning jozibasiga beixtiyor maftun bo‘lishadi. Qizlar muvaffaqiyatida murabbiy, shifokor, xoreograf, ruhshunoslardan iborat juda katta jamoaning hamkorlikdagi mehnati borligi bir qarashda sizilmaydi. Bu fidoyi insonlarning sa’y-harakatlarini qizlar o‘z ijrolari orqali namoyish etishadi. Zalga kelgan ilk kunidanoq, Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishni orzu qilgan qizlar bu ezgu niyatning ro‘yobiga intilib yashaydilar. Guruh chiqishlar bo‘yicha jamoa a’zolaridan biri Marta Rostaburovaning ana shunday orzusi bu yil amalga oshdi. Bunda u murabbiyi Zarina Izrailbekovaning alohida o‘rni borligini ta’kidlaydi:
– Jamoamizning mehribon murabbiyi bo‘lgan Zarina Izrailbekova bilan bog‘liq bir voqea yodimda. Bundan bir yil avval mashg‘ulotlardagi charchoq, toliqish, ruhiy zo‘riqish tufayli sportdagi faoliyatimni yakunlamoqchi bo‘ldim. Bunday holatga barcha sportchilar tushishadi. Ana shunday qiyin vaziyatda murabbiyim oldimga kelib, tanlagan yo‘limdan qaytmaslikka ko‘ndirdilar. To‘g‘risi, buni qanday qilib uddalaganliklarini o‘zim ham bilmayman. Ko‘nglimga yo‘l topib, irodali bo‘lishim zarurligini uqtirdi. Shundan so‘ng men o‘zimda yana kuch topib, qayta – qayta mashq qilishni davom ettirdim. Olimpiya o‘yinlari paytida gilamga chiqishdan avval ulardan shunday minnatdor bo‘lgandimki: “Agar o‘z vaqtida meni qo‘llab-quvvatlamaganida, balki hozir bu yerda bo‘lmas edimmi?”, – degan so‘zlar ko‘nglimdan kechdi. Musobaqadan so‘ng, sportdagi faoliyatimni yakunladim. Endilikda o‘zim ham murabbiy bo‘lmoqchiman. Jajji qizaloqlarga gimnastikaning sir-asrorlarini mehr bilan o‘rgatish niyatidaman.
Sportchilar musobaqalarda yuqori natijalarga erishishlari uchun jismoniy tayyorgarlik bilan birga, ruhiy barqarorlik zarurligini mutaxassislar bot-bot takrorlashadi. Bunda qay bir xususiyat yetakchi ekanligi borasida Zarina Izrailbekovadan so‘radik.
– Bilasizmi, biz murabbiylar, eng avvalo, sportchilarniona Vatanimizni sevishga, uni qadrlashga, musobaqa paytida mamlakatimiz shon-shuhratini himoya qilayotganliklarini his qilishga o‘rgatishimiz zarur. Yurtni sevgan, unga bildirilgan ishonchni oqlash mas’uliyatini his qilgan sportchilargagina g‘alaba nasib etadi. Men ham mustaqillik bayrami arafasida “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” degan yuksak mukofotga loyiq ko‘rilganimdan juda ham baxtiyorman. Bu birgina mening emas, balki federatsiyaning barcha xodimlari, menga o‘z yordamini ayamagan ustozlarimning ham mukofoti deb o‘ylayman. Kelajakda iqtidorli sportchilarni tarbiyalab, yurtimiz ravnaqi uchun o‘z hissamni qo‘shishga bor kuchim bilan harakat qilaman.
Badiiy gimnastika bo‘yicha terma jamoa murabbiylari zimmasida hozir yanada katta vazifalar, zabt etilmagan cho‘qqilar turibdi. Federatsiya xodimlari o‘z oldilariga nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etish, qobiliyatli sportchilarni saralash, jismoniy tayyorgarlikni kuchaytirish, viloyatlarda badiiy gimnastika sportini yanada rivojlantirish kabi bir qator maqsadlarni qo‘yishgan. Jajji qizaloqlar qalbida badiiy gimnastika sportiga mehr uyg‘otib, ular bilan shohsupa sari mashaqqatli yo‘lda hamfikr va hamqadam bo‘layotgan barcha murabbiylarga kelgusi ishlarida omad va zafarlar tilaymiz.
Yulduz ORTIQOVA