Yosh tadbirkorlar safi kengaymoqda
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Kamolot” yoshlar oromgohida “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari va bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tanlovda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 140 nafar yoshlar sanoat, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, servis xizmati kabi yo‘nalishlardagi biznes-rejalari bilan ishtirok etdi.
Tanlovning mamlakat bosqichi doirasida tashkil etilgan besh kunlik o‘quv-seminari ham samarali va taassurotlarga boy bo‘ldi. Tajribali trenerlar, tijorat banklari hamda boshqa hamkor tashkilotlarning mutaxassislari tomonidan “Kichik biznesning yuridik maqomini tanlash”, “Biznesni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar”, “Kichik biznesda texnologiyalar, ularni topish, olib kelish va sotib olish”, “Savdo-sanoat palatasining kichik biznesga yordam berish bo‘yicha imkoniyatlari” kabi o‘ndan ortiq mavzuda mashg‘ulotlar olib borildi. Har bir ishtirokchi seminar-treninglarda o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalari asosida o‘z biznes-rejasini yanada takomillashtirib oldi.
Tadbir davomida “Kamolot”dan kafolat” loyihasi ham o‘tkazildi. Unda 14 nafar kredit olish uchun garov ta’minotiga ehtiyoji bo‘lgan yoshlarga kafolatli sug‘urta polislarini taqdim etuvchi diplomlar topshirildi.
Yakunda tanlov ishtirokchilarining 50 nafari g‘olib deb topildi va kelgusida tijorat banklaridan oladigan kredit foizlarining “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi tomonidan qoplab berilish imtiyoziga ega bo‘ldi.
V. PO‘LATOVA