Eng yaxshisi bo‘lmoqchiman
Bir sinfda a’lochi bir bola o‘qirdi. Lekin unda ko‘rolmaslik odati bor edi. Sinfning eng yaxshi o‘quvchisi men bo‘lishim kerak, boshqalar hamisha mendan orqada yurishi kerak deb hisoblardi u.
Shuning uchun sheriklari darsda javob berayotganda o‘rtaga gap qo‘shib, ularni adashtirar, daftarlariga xato javoblarni yozib qo‘yar, xullas, ochiq dushmanlik qilardi. Buni sezgan o‘qituvchisi bir kuni uni xattaxta yoniga chiqarib, nega bunday qilayotganini so‘radi. Bolakay ichidagini yashirmadi:
– Ustoz, hech kim mendan zo‘r bo‘lishi istamayman. Eng yaxshi, eng a’lochi o‘quvchi o‘zim bo‘lishimni xohlayman, – dedi u.
Ustozi xattaxtaga teng uzunlikdagi ikkita chiziq chizdi. So‘ng so‘radi:
– Qara, o‘g‘lim, hozir taxtadagi chiziqlarning uzunligi bir xil. Birinchisi meniki, narigisi seniki. Seniki uzunroq bo‘lishi uchun nima qilish kerak?
– Sizning chizig‘ingizni o‘chirib, qisqartirish kerak, – deb javob berdi bola.
– Buning yana boshqa bir usuli bor, mantiqli va to‘g‘ri usuli bor, – dedi o‘qituvchi va bo‘r bilan bitta chiziqni davom ettirib uzaytirdi. – Ko‘rdingmi, bu holda ham sening chizig‘ing menikidan uzun bo‘ldi. Mening chizig‘imga esa zarar yetmadi. Agar boshqalardan a’lochi bo‘lmoqchi bo‘lsang, ularning oyog‘idan chalishing emas, o‘z qobiliyatlaringni kuchaytirishing kerak. Shunda sinfning eng yaxshisi bo‘lasan, o‘rtoqlaringga ham zararing tegmaydi. Ular senga havas bilan qaraydi, hurmatingni joyiga qo‘yadi.
Kichik sinfdagi bolalar orasida tez-tez ko‘zga tashlanishi mumkin bo‘lgan bu holat, afsuski, kap-katta kishilar o‘rtasida ham uchrab turadi. Aslida, o‘qituvchi aytgan haqiqatni anglab yetish unchalik qiyin ish emas. Buning uchun hayotga ochiq ko‘z va uyg‘oq vijdon bilan qarash kerak, xolos.
Orif TOLIB