Mening birinchi o‘qituvchim

Zuhra ASHUROVA,

O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi, O‘zbekiston xalq artisti:

Toshkent viloyati, Qibray tumanidagi 6-umumta’lim maktabida tahsil olganman. Bolaligimda biroz nimjon bo‘lganim bois, maktabga tengdoshlarimdan bir necha oy keyin qatnay boshlaganman. O‘shanda o‘qish borasida sinfdoshlarimdan anchayin ortda qolgan edim. Qo‘limga ilk qalam tutqazgan ustozim Raisa opa Xo‘jayeva darslardan so‘ng meni olib qolar va qiynalayotgan mavzularni o‘zlashtirmagunimcha tinim bilmasdi. Bu insonning mehnatlari, kasbiga bo‘lgan fidoyiliklari sira ko‘z oldimdan ketmaydi. Ustozimning darslarni mehribonlik bilan tushuntirishlariga qarab, men ham mavzularni jon-jahdim bilan o‘zlashtirishga harakat qilardim. Uning dars o‘tish usullari sabab fanlarga yanada qiziqishim ortdi. O‘sha paytda o‘qituvchilarning asablari “metin”dan bo‘lganmi bilmaymanu, lekin erinmasdan har bir o‘quvchi bilan alohida shug‘ullanishga vaqt topishgan.

Men o‘qigan maktabda sharoitlar u qadar yaxshi bo‘lmagan. Shunday bo‘lsa-da, ta’lim dargohimizdan o‘rnak olishga arziydigan ko‘plab ulug‘ insonlar yetishib chiqqan.

Hozirgi davrni olib qarasak, farzandlarimizning ta’lim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ulardan esa faqat yaxshi o‘qish va yurtiga foydasi tegadigan inson bo‘lish talab etiladi, xolos.

Maktabni tamomlagach, oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirdim. O‘zimning sevimli kasbimni egalladim. San’at tufayli xalq orasida hurmat-e’tibor topib, muxlislarim olqishiga sazovor bo‘ldim. Hukumatimiz tomonidan dastlab O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, so‘ngra san’atkor uchun eng yuksak mukofot – O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘ldim. Erishgan muvaffaqiyatlarimning barchasida ustoz va murabbiylarimning xizmatlari beqiyos.

Shu fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayramlari bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Ularga mustahkam sog‘lik, xotirjamlik, ishlarida esa omad va zafarlar tilayman.

 

AXTAMQULI,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir:

Otam akamni maktabga olib borganida besh yoshda edim. Men ham maktabga boraman, deb rosa xarxasha qilganman. Shunda onam otamga qarab:

– Mayli, olib boring, bu maktabni o‘yin deb o‘ylayapti, – dedi. Chindan ham onam aytganidek, maktab o‘yin emas ekan. Oldida kattakon hovuzi bor oq uy, ichida qora partalar qo‘yilgan. Domla Bahromov bizga peshvoz chiqdi. Akamni o‘quvchi sifatida qabul qildi. Menga kelganda o‘ylab qoldi. Chunki maktab yoshiga yetishim uchun yana ikki yil vaqt bor edi. O‘sha kuni akamga qo‘shilib dars qildim. Ertasi kuni Bahromov darsga boshqa kelmasligimni tayinladi…

Yana o‘qing:  Tarbiyachilarga rahmat

Olti yoshimda yana maktabga bordim. Bu gal ishim yurishdi. Temirov domla meni o‘quvchilikka qabul qildi. U odamning nurli siymosi hanuzgacha ko‘z oldimdan ketmaydi. Sochlari ancha erta oqargan, qotmadan kelgan, nigohi o‘tlig‘, qo‘llari mehnatdan qabargan, chayir inson edi. U mening boshimni silab, birinchi partadan joy ko‘rsatgandi. Temirov domla har kuni bolalarga saboq berish uchun o‘n chaqirimcha yo‘lni bosib kelardi. Ustoz bizning chiroyli yozishimizga alohida e’tibor berardi. Bir kuni ular meni doskaga chiqarib dedi:

– Siz Hotamtoy haqida eshitgansiz. Bugun mening yonimda Axtamtoy turibdi. Bu bir-biriga yaqin ikki ismda ham saxovat so‘zi bor. Bu o‘quvchimiz bir kun kelib, elning olqishini olishga sazovor inson bo‘lib yetishsa, ajabmas…

Ustozning so‘zlaridan qaddimni g‘oz tutdim. Biz to‘rt yil Temirov domla rahbarligida o‘qidik. Keyin yangi maktabga ketdik. Lekin, birinchi ustozimizning qilgan g‘amxo‘rliklarini aslo unutmadik. Biz bilan o‘qigan bolalarning bari chiroyli husnixat sohibi bo‘lishdi. Domla bir necha bor mitti qo‘lchalarimni chayir barmoqlari ostiga olib, qalam yurgizishni o‘rgatgan. Men u kishini hayotimda boshqa uchratmadim. Ammo, ustozning o‘gitlari bir umr qalbimdan joy oldi.

 

Mamayusuf BOLTAYEV,

“Qamchiq qidiruv-qutqaruv” boshqarmasi Avariya qutqaruv otryadi komandirining

tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, katta leytenant:

Kishi hayoti davomida ko‘p insonlar bilan uchrashadi, tanishadi. Vaqt o‘tishi bilan esa ayrimlarining o‘zini ham, ismini ham unutadi. Lekin birinchi ustozning yodini hech kim unutmaydi, unutolmaydi. Shuningdek, har bir inson o‘zining ilk bor maktab ostonasidan hatlagan kun va o‘sha ondagi hayajonini qalbda entikish bilan eslaydi.

O‘sha kuni xuddi o‘zimni sehrli olamga tushib qolgandek his qilganman. Birinchi ustozim Sofiya opa Ravshanovaning yoniga onamning bag‘riga shoshgandek talpinardim. U kishining so‘zlari so‘z, o‘rgatganlari ibrat edi.

Men tahsil olgan Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumani, Komolon qishlog‘idagi 5-umumta’lim maktabida Sofiya opa kabi mehridaryo ustozlar talaygina. Hozir ham barchasini chuqur hurmat bilan xotirlayman. Chunki, bugungi yutuqlarga erishishimda ularning katta mehnatlari singan.

Tarix zarvaraqlarida nomlari naqsh etilgan shaxslar hayotiga razm solsak, ularning dono ustozlardan saboq olganlariga guvoh bo‘lamiz. Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Mirzo Bobur hazratlarining ustozlarga ko‘rsatgan mehr-iltifotlari o‘tmishdan ma’lum. Jumladan, Mirzo Bobur Samarqandga lashkar tortib kelganida Xoja Ahror Valiy hazratlarining behuda qon to‘kmaslik xususidagi o‘gitlariga amal qilib, jang qilmay iziga qaytgan ekanlar. Dono ustozdan saboq olmoq bir masala, unga amal qilmoq esa yanada muhimdir.

Yana o‘qing:  Qo‘lingiz dard ko‘rmasin, aziz shifokorlar!

Shundan anglash mumkinki, ustoz o‘giti va amali barchamiz uchun birdek ahamiyatga ega. Hozirda qilayotgan har bir ishimiz, so‘zlayotgan so‘zimizda ustozlarimizning nafasi bor. Shu bois, ulardan bir umr minnatdormiz.

 

“Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir”.

Islom KARIMOV

 

Malohat YUNUSOVA,

Toshkent viloyati, Zangiota tumani Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi onkoginekologi:

– Bola tug‘ilgach, ona ezgu niyatlar bilan go‘dagini beshikka soladi. Kechani tongga ulab, dilbandining oromi uchun bedor bo‘ladi. Oq sut berib, voyaga yetkazadi. Ilm olish onlari yaqinlashganda ona yaxshi niyat bilan jajji farzandini maktabga olib boradi. Nigohlarida mehr balqib turgan, qalbidaryo ustoz esa uni issiq bag‘riga oladi. Ana shu issiq taft insonga bir umrlik hayotida hamroh bo‘lsa, ajab emas.

Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 14-umumta’lim maktabida 50 yildan ortiq vaqt bolalarga saboq bergan Shokira Qo‘noqboyevani yodga olar ekanman, huzuriga kelgan har bir jajji bolalarning murg‘ak qalbini mehr-muhabbat bilan sug‘organ, qalbiga ezgulik urug‘ini qadab, ilmning hayotbaxsh nurlari bilan munavvar qilgan bu inson xotirasiga ruhan ta’zim qilaman.

Baxtimiz shuki, ana shunday qalbidaryo inson qo‘lida bilim olib, mustaqil hayotga uchirma bo‘ldik. Qat’iyatliligi bois, Shokira opa bizni muntazam tartibga o‘rgatgan. Dars jarayonlarida bizlarni zeriktirib qo‘ymaslik uchun qiziqarli mashg‘ulotlar bilan diqqatimizni jalb qilishga harakat qilardi. Ayniqsa, mehnat darsi sira yodimdan chiqmaydi. Birga tayyorlagan taomimizda ishlatilgan sabzavotlarning qanday yetishtirilishi bo‘yicha bilimga ega bo‘lishimiz uchun ustoz bizlarni ekin maydonlariga olib chiqardi. Ehtimol, shuning uchun nabotot va hayvonot olamiga mehrim bo‘lakchadir. Shuni aniq ayta olamanki, shifokorlik kasbini tanlashimga ham aynan birinchi ustozim Shokira opa Qo‘noqboyeva sabab bo‘lgan edi.

Hozir oramizda ustozimiz yo‘q. Ammo, u kishining xonadoniga tez-tez borib, yaqinlari holidan xabar olib turamiz. Ustozimiz bu dunyoni tark etgan bo‘lsa-da, u kishining o‘gitlari, pandu nasihatlari hamisha barhayot, mangu.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: