Omad eshik qoqqan kun
Omad shunday narsaki, unga ishonganlar muvaffaqiyatning yuksak cho‘qqilarini zabt etadi. Bugungi qahramonimiz Lilian Vernon ham unga ishonib sira yutqazmadi. 14 yoshdan boshlab mehnat faoliyatini boshlagan yoshgina qizaloq vaqti kelib, kataloglar bo‘yicha shaxsiy yozmalari mavjud turli buyumlar savdosi bilan shug‘ullanadigan “Lillian Vernon Corporation” xususiy kompaniyasiga asos soldi.
Har yili “Lillian Vernon Corporation”ning 140 mln.dan ortiq kataloglari pochta orqali turli manzillarga jo‘natiladi. Bu korxonaning doimiy mijozlari qatoriga Xillari Klinton, Frenk Sinatra, Arnold Shvarsnegger, Stiven Spilberg va boshqa mashhur kishilarni kiritish mumkin. Mijozlar orasida bunday obro‘li insonlarning borligi, shubhasiz, ushbu kompaniyaning nufuzidan va xizmatlarining sifatliligidan dalolat beradi.
Sanoat liderlarining Lilianni “kataloglar malikasi” deb atashi bejizga emas. Boisi, bugungi kunda u boshqarayotgan korporatsiyaning aylanma mablag‘ miqdori yiliga yuzlab million dollarni tashkil qiladi. Barchasi esa 1951 yilda og‘iroyoq Lilianning oila byudjetiga ozgina bo‘lsada, o‘z hissasini qo‘shish istagidan boshlangan edi. Axir qanday qilib bunday ayolning topgan ozgina mablag‘i millionlar keltiradigan biznesga aylangan degan savol tug‘ilishi, tabiiy.
ICHKI OVOZINGGA QULOQ SOL
Lilian Vernon har bir ishni boshlashdan avval doimo o‘z ichki ovoziga tayanar edi va buni u “oltin ichki ovoz” deb atardi. U biznesini rivojlantirishda hech qachon klassik marketing usullaridan foydalanmas, aksincha, hamma narsani teskarisiga, barcha qoidalarga zid ravishda bajarar edi va bu bilan Lilian tajribali marketologlarni hayratda qoldirardi. Aynan intuitsiya, ya’ni ichki ovozga quloq solgan holda, Lilian Vernon sotish uchun tovarlarni tanlar edi. Uzoq davom etgan muvaffaqiyatli savdo jarayonidan shunday xulosaga kelish mumkinki, intuitsiya Liliaga pand bermadi va u o‘z ichki ovozini diqqat bilan tinglashni o‘rgandi.
NOAN’ANAVIY YONDASHUV
Lilian shuni yaxshi bilardiki, raqiblari undan ancha kuchli va ular o‘z auditoriyasini qozonishga muvaffaq bo‘lishgan. Lekin u hamma yurgan yo‘ldan bormadi, aksincha, o‘z yo‘lini kashf qildi: “Boshqalar qadam bosishga qo‘rqqan yo‘ldan yuring”.
Ungacha kataloglar bo‘yicha tovarlar savdosini taklif qiluvchi hech qaysi kompaniya 10 yil ichida mahsulot uchun 100 foizli pulni qaytarib berish kafolatini bermagan. Lilian tashkil qilgan kompaniya mahsulotlarining bariga buyum egasining ismi yozilar va bu narsa mahsulotni qayta sotish imkonini cheklardi. Bunday ishonib bo‘lmas kafolatni berishga jazm qilgan Lilian tez orada raqiblari orasida yetakchi o‘ringa chiqib oldi va mijozlarining ishonchiga sazovor bo‘ldi. Aynan ISHONCH VA QAT’IYLIK Lilian Vernon kompaniyasining bosh sifatlariga aylandi.
QIYIN MUAMMOLARNING OSON YECHIMI
Bu prinsip Lilian Vernonning AQSHda eng omadli va mashhur tadbirkorlardan biri bo‘lishiga imkon berdi. Muvaffaqiyatning sababi va biznesning falsafasi uning so‘zlarida namoyon bo‘ladi: “Men hech qachon o‘z uyimda bo‘lishini istamagan narsani sotmayman”. Aynan shu qoidaga asoslanib, u o‘z kataloglariga mahsulot tanlar va sira adashmas edi.
HAR BIR IMKONIYATDAN SO‘NGGI TOMCHISIGACHA FOYDALAN
Bunday iboralarni deyarli barcha muvaffaqiyat qozongan tadbirkordan eshitish mumkin. Har qanday vaziyatni o‘z foydasiga ishlatishning yorqin misoli Este Lauder bo‘lgan (aytgancha, u Lilian Vernonning kumiri edi). Lilian hech qachon har qanday vaziyatdan eng ko‘p foyda olish imkonini qo‘ldan boy bermas edi. Muammolarni u imkoniyat deb hisoblar va undan to‘lig‘icha foydalanar edi. “Men hech qachon o‘z xatolarimni meni mag‘lubiyatga uchratishi yoki yo‘ldan adashtirishiga yo‘l qo‘ymayman, aksincha, ularni saboq bilib, eng samarali usullar bilan doimo olg‘a siljiyman”. Ichki ovoz bilan birga, ushbu qobiliyat va noan’anaviy yondashuv uning muvaffaqiyatining asosi bo‘ldi.
BIZNES – ODDIY ISH EMAS, BALKI EHTIROS
Ozgina mablag‘ topish istagi bilan boshlangan Lilian Vernonning biznesi jadallik bilan uning hayotining mazmuniga aylandi. Bunday qiziqish va o‘zini sevgan kasbiga butunlay baxshida etish, unga ko‘pmillionli biznesni shakllantirish va o‘zini namoyon qilish imkonini berdi.
OTANING IBRATI
Lilian 5 yoshligida otasi o‘zining muvaffaqiyatli biznesini sotishga majbur bo‘ladi va ularning oilasi natsistlar Germaniyasidan qochib, Gollandiyaga, bir necha yildan so‘ng esa Amerikaga ketishadi.
Otasining ibrati, ya’ni uning har qanday o‘zgarishlarga tez moslashishi Lilianga katta saboq bo‘ldi. U o‘z otasi haqida shunday deydi: “Fikrimcha, aynan padari buzrukvorim men taqlid qilishim mumkin bo‘lgan birinchi va eng asosiy odam edi. Men hech qachon uni reallikka moslashish qobiliyatini unuta olmayman. Bu oxirgi o‘n sentni ishga sarflab, undan imkoni boricha oxirigacha katta foyda olishdir”. Otasining qat’iyati Lilianning omad cho‘qqisiga chiqishida bir pillapoya vazifasini o‘tadi: “Men shu narsadan hayratlanamanki, agar otam biron bir tasmani sotishga muvaffaq bo‘lmasa, u shu zahoti ulgurji savdogarlardan yana biron bir narsani topib, unga pulini sarflar edi”.
U tufayli Lilian hayotning eng qiyin va muammoli vaziyatlarida ham yengilmaslik kerakligini angladi va aynan bu narsa keyinchalik uning biznesida asqotdi.
E’tibor bering-a, deyarli barcha muvaffaqiyatga erishgan shaxslar eng oddiy bo‘lgan va haqi kam to‘lanadigan ishlardan boshlagan. Lekin aynan shu tajriba usuli ularga ko‘rinmas cho‘qqilarni zabt etishiga imkon yaratib berdi. Bu Lilian Vernonning muvaffaqiyatga erishish sabablarining barchasi emas. Uning hayoti va qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida yana uzoq so‘z yuritish mumkin. Bu maslahatlarni hayotga tatbiq eting va balkim bir necha yildan so‘ng biz sizning muvaffaqiyat sirlaringiz haqida yozarmiz.
Internet materiallari asosida Zohida TURSINOVA tayyorladi.