O‘zbekiston yoshlari hayoti mustahkam huquqiy kafolatga ega bo‘ldi
Xabaringiz bor, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kirdi. Mazkur huquqiy hujjat yoshlar siyosatining asosiy qoidalarini o‘zida mujassam etgan.
Ushbu qonun yuzasidan tahririyatimizda davra suhbati tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Otabek ABDUG‘ANIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a’zosi:
– 1991 yil 20 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati asoslari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan edi. O‘tgan davr mobaynida ushbu huquqiy hujjat ma’lum ma’noda o‘z vazifalarini bajardi. Yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunining, eng avvalo, nomiga e’tibor berish kerak. Bu yerda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlash haqida so‘z bormoqda. Bu vazifa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, 8 ta davlat organi hamda turli muassasalar zimmasiga yuklatilgan. Ularning har biri nimalarga e’tibor qaratishi lozimligi aniq belgilab berilgan.
Qonunda asosiy tushunchalar berilib, unda “yoshlarga oid davlat siyosati”, “yoshlar (yosh fuqarolar)”, “yosh oila”, “yosh mutaxassis” tushunchalarining mazmuni ochib berilgan. Yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlari, sog‘liqni saqlash, ish bilan ta’minlash sohasidagi huquqiy kafolatlari belgilangan. Shuningdek, yoshlar (yosh fuqarolar) deganda, 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar nazarda tutilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Qonunda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda muassasalarning vakolatlari ko‘rsatilgan. Xususan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari belgilangan. Bundan tashqari, qonunda nodavlat-notijorat tashkilotlarining maqomi, ular faoliyatining davlat kafolatlari ko‘rsatib o‘tilgan. Yoshlar uchun qo‘shimcha kafolatlar: bepul umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limini olish, ta’lim muassasalarida o‘qish uchun imtiyozli kreditlar taqdim etish, ta’lim muassasasini bitirgandan keyin yoshlarning bandligini ta’minlash, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarni uy-joy bilan ta’minlash, yoshlarning dam olish va sog‘lomlashtirish tashkilotlari tizimini rivojlantirish kabilar qonunda mustahkamlab qo‘yilgan. Shuningdek, huquqiy hujjatda mukofotlar, stipendiyalar belgilash, ta’lim grantlarini taqdim etish, fan, madaniyat va san’at sohasida ijodiy ustaxonalar va maktablarni tashkil etishga ko‘maklashish, fan to‘garaklari, sport seksiyalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali iste’dodli va iqtidorli yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari tartibga solingan.
Alisher YUNUSOV,
Toshkent davlat stomatologiya instituti ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori, sotsiologiya fanlari nomzodi:
– Hozirda O‘zbekistonda 92 foiz bolalarning rivojlanish ko‘rsatkichlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la javob beradi. Yurtimizda tibbiyot sohasidagi tub islohotlar sabab onalar va bolalar sog‘lig‘ini asrash Milliy modeli Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishishning samarali strategiyalaridan biri sifatida jahonda tan olindi.
Toshkent tibbiyot akademiyasining tashkil etilishi ham mustaqillik sharofatidandir. Shuningdek, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent davlat farmatsevtika instituti, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti hamda Samarqand, Buxoro va Andijon davlat tibbiyot institutlari qatorida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti farmoniga asosan bundan ikki yil avval Toshkent davlat stomatologiya instituti ham tashkil etildi. Bu ham bo‘lsa, yurtimizda aholi, jumladan, yosh avlod salomatligi yo‘lida olib borilayotgan ulkan islohotlarning ijobiy samarasidir.
“Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida yoshlarimizning hayotini qamrab oluvchi barcha sohadagi huquqiy me’yorlar o‘z aksini topgan bo‘lib, bu huquqiy hujjat sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirishga ko‘mak beradi.
Islomidin XALIKOV,
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarlikning oldini olish bosh boshqarmasi boshlig‘i:
– Voyaga yetmaganlar, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni oldini olish, ularni qarovsiz, nazoratsiz qolishi va buning oqibatida salbiy illatlar ta’siriga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi muhim vazifalar “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunning eng asosiy va ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi. Biz ham mazkur qonun loyihasining ishlab chiqilishida o‘z fikr-mulohazalarimiz, takliflarimiz bilan ishchi guruhlarda ishtirok etdik.
Aytish joizki, yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organ va muassasalar mazkur qonunning 9-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan. Ichki ishlar organlari ushbu huquqiy hujjatda belgilangan majburiyat va vazifalarni amalga oshirishda ko‘plab tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Bilamizki, yurtimizda amaldagi qonunlarga ko‘ra qonunni buzgan shaxs 14 yoshdan boshlab jinoiy javobgarlikka tortiladi. Aytish kerakki, huquqbuzarlikning yuzaga kelishida shaxsning huquqiy bilimsizligi katta rol o‘ynaydi. Ularning aksariyati jinoyatga jazoning muqarrar ekanligidan to‘liq xabardor emas. Shu sababli “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunning 15-moddasida ichki ishlar organlari zimmasiga yoshlarning huquqiy ongini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklangan.
Yana shu narsani alohida ta’kidlash kerakki, yoshlar o‘rtasida turli huquqbuzarliklarning sodir bo‘lishida oiladagi muhit ham katta rol o‘ynaydi. Afsuski, ko‘p hollarda ota-onaning o‘zi giyohvand moddalarga berilganligi yoki axloq-odob doirasidagi huquqbuzarliklarni muntazam sodir etganligi, oiladagi doimiy janjallar yoshlar tomonidan jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, biz ichki ishlar organlari xodimlari yangi qonunda belgilangan vazifalarga ko‘ra bunday oila farzandlari, kattalari bilan yaqin aloqada bo‘lib, oiladagi muhitni o‘rganishga harakat qilamiz.
O‘ylamanki, ushbu huquqiy hujjat farzandlarimiz o‘rtasida huquqbuzarliklarni oldini olish yo‘lida amalga oshirayotgan ishlarimizni yana bir pog‘onaga ko‘taradi.
Qonunda ko‘rsatilganidek, yoshlar (yosh fuqarolar) deganda, 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar nazarda tutiladi.
Xalqaro tajribaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, AQSH va Yaponiyada yoshlar 13-14 yoshdan 29-30 yoshgacha qilib belgilangan. Germaniyada “kichik yoshdagi yoshlar” 14-18 yosh hamda “katta yoshdagi yoshlar” 18-27 yoshga bo‘linadi. Bolgariyada 15 yoshdan 29 yoshgacha, Rossiyada 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha shaxslar yoshlar toifasiga
taalluqli.
Dilfuza QARSHIBOYEVA,
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Axborot xizmati rahbari:
– Mamlakatimizda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun kuni kecha qabul qilingan bo‘lsa ham, yoshlarga bo‘lgan e’tibor hech qachon susaymagan. Chunki, yurtimizda har bir yosh avlod vakilining yarq etgan iste’dodi va iqtidoriga kichikligidayoq katta e’tibor qaratiladi.
Ushbu qonun yuzasidan olib qaraydigan bo‘lsak, uning asosiy prinsiplaridan biri ma’naviy, madaniy, axloqiy qadriyatlar ustuvorligini ta’minlashdan iborat. O‘ylaymanki, yoshlarimiz ongini ma’naviy jihatdan boyitish va madaniy saviyasini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda mazkur huquqiy hujjat yanada keng yo‘l ochadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasida madaniyat va sport ishlari bo‘yicha organlarning yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari aniq belgilab qo‘yilgan. Xususan, yoshlar o‘rtasida xalq o‘yinlari, milliy va boshqa sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishini tashkil etish, yosh avlod o‘rtasida badiiy, xalq va havaskorlik ijodiyotini targ‘ib qilish bo‘yicha alohida bandlar keltirib o‘tilganligi, ushbu qonun biz uchun qanchalik ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi.
25-moddada iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, qonunda belgilangan tartibda mukofotlar, stipendiyalar belgilash, ta’lim grantlari tashkil etish, iqtidorli va iste’dodli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirish maqsadida tanlovlar, olimpiadalar, ko‘rgazmalar, festivallar, ko‘riklar, konsertlar, simpoziumlar, o‘qishlar, konferensiyalar, seminarlar tashkil etish va o‘tkazish belgilangan. Aytish kerakki, bu borada bugungi kungacha yurtimizda yoshlarga berilayotgan g‘amxo‘rlikning natijalarini bevosita ko‘rib, kuzatib boryapmiz.
Avvallari mamlakatimizning har bir hududida tashkil etilgan madaniyat markazlari saviyasi ancha tushgan, e’tibordan chetda qolgan edi. Endilikda ushbu maskanlar to‘liq ta’mirdan chiqarilib, iqtidorli yoshlarimiz o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olishi va hunar o‘rganishiga sharoit yaratildi. Bugun yurtimizda 894 ta ana shunday markazlar tashkil etilgan bo‘lib, ularning eng muhim jihati chekka-chekka qishloqlardagi iqtidorli bolalarni o‘zida jamlaydi.
Musulmonbek IBROHIMOV,
“Kamolot” YOIH Matbuot bo‘limi mutaxassisi:
– Tarixga nazar solsak, O‘zbekiston Respublikasida “Yoshlarga oida davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishidan avval, ya’ni 1991 yil 20 noyabrda kuchga kirishi yurtimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor yuqoriligidan dalolat beradi. Ushbu qonun qabul qilingach, mamlakatimizda yoshlarga imkoniyatlar uchun keng maydon yaratib berildiki, o‘zim ham mustaqillik tengdoshi sifatida qonun ijrosi, uning hayotimizga ijobiy ta’sirini hayotiy faoliyatim davomida bevosita kuzatib, his etib bordim. O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oida davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuni esa ana shu jarayonni jadallashtirishga xizmat qiladi, deb bemalol ayta olaman.
Joriy yilning 12 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Istiqlol farzandlari” shiori ostida o‘tkazilgan festivalda ishtirok etgan yoshlardan 50 nafari O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba qonun qabul qilinishida kuzatuvchi sifatida bevosita ishtirok etdi. Bunda yoshlar qizg‘in bahs-munozara ostida bevosita o‘z-o‘ziga tegishli bo‘lgan qonunning qanday qabul qilinishini kuzatib borish baxtiga muyassar bo‘ldi. Shunda ular yurtimizdagi har bir qaror va qonun o‘z o‘zidan qabul qilinimayotganligini anglab yetdi. Shu vaqtga qadar huquqiy hujjatlarimizda “yosh”, “yosh oila” deganda aynan necha yosh e’tiborga olinishi belgilab qo‘yilmagan edi. Mazkur qonunda esa 14 yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmaganlarni “yosh fuqarolar” deya atash belgilab o‘tilgan.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan iqtidorli yoshlarga ipoteka krediti asosida uy-joylar taqdim qilinishida va undagi bahs va munozarali jarayonlarda mazkur qonun yakuniy xulosa yasashga va qonuniy asos bo‘lishga xizmat qiladi.
Firdavs XOLIQOV,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Tashkiliy-metodik bo‘limi boshlig‘i:
– O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunining qabul qilinishi fikrimcha, quyidagilar bilan izohlanadi: birinchidan, mustaqillik yillarida yoshlar siyosati bo‘yicha amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qilar ekanmiz, ularni haqqoniy baholash va islohotlar dasturiga ma’lum o‘zgartishlar kiritish bilan birga, birinchi navbatda, ertangi kun talablaridan kelib chiqqan holda mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lidagi izchil harakatlarimizda yoshlarning faol ishtirokini kuchaytirishimizga ehtiyoj tug‘ilgani, ikkinchidan, hozirgi paytda mamlakatimiz yoshlarining siyosiy-huquqiy madaniyati va ijtimoiy ong darajasining o‘sib borishi, jamiyatni demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlarining jadal rivojlanishi, yosh avlodning ilm-fan, sport sohasida erishayotgan yutuqlari bu sohadagi islohotlarni yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarishimiz uchun zarur shart-sharoitlarni yuzaga keltirayotgani, uchinchidan, jahon miqyosida globallashuv va axborot texnologiyalari tobora kuchayib borayotgan bugungi zamonda biz dunyoda yuz berayotgan tub o‘zgarishlarni xolisona va tanqidiy baholagan holda farzandlarimiz kelajagini ko‘zlab, yoshlar siyosatini amalga oshirishda qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilab olish zaruriyatidir. Bu qonun esa ushbu masalalarda asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.
Barchamizga ma’lumki, hozirgi tahlikali dunyoning bir qator mamlakatlarida kuzatilayotgan turli to‘s-to‘polonlar, tartibsizliklar negiziga e’tibor qaratsak, ularda yoshlarga, ularning hayotdagi qiziqishlari, huquq va manfaatlariga e’tiborsizligi, yoshlarga oid siyosatning hozirgi zamonning yangi tahdidlariga javob bermasligi oqibatini ko‘rish mumkin. Ayniqsa, yoshlar tarbiyasi, ularni ish bilan band qilish, sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish o‘z xoliga tashlab qo‘yilgani achinarli, albatta.
Mamlakatimizda yosh avlodni bunday balo-qazolardan asrash uchun jamiyat ma’naviy hayotida bo‘shliq paydo bo‘lishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shuni unutmasligimiz kerakki, yoshlarimizga, binobarin, kelajagimizga tahdid solib turgan bu xavflarning oldini olish uchun bugun qat’iy harakat qilmasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin. Shu nuqtai nazardan olib qarasak, ushbu qonun aynan o‘z vaqtida qabul qilindi.
Aytish kerakki, mazkur qonun bevosita nodavlat-notijorat tashkilotlari zimmasiga ham ulkan vazifalarni yuklaydi. Jumladan, ushbu huquqiy hujjat “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi uchun ham yangi bir davrni boshlab beradi. Negaki, fond tomonidan xalqaro hamkor tashkilotlar bilan olib boriladigan muzokaralarda bu qonundan foydalanish zaruriyati tug‘iladi.